Xitoyda oʻtgan xalqaro iqtisodiy forumda Oʻzbekiston uchun muhim investitsion kelishuvlarga erishildi. Eng yirik natija — 2026–2030-yillarga moʻljallangan 2 milliard dollarlik agroenergetika loyihasi boʻldi.
Xitoyda tashkil etilgan xalqaro iqtisodiy forum doirasida Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun muhim investitsion kelishuvlarga erishildi.

Forumning B2B uchrashuvlarida 300 dan ortiq tadbirkor ishtirok etib, investitsion hamkorlik va qoʻshma ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Milliy iqtisodiy hamkorlik uyushmasi rahbariyati forumdagi chiqishida mamlakatdagi qulay investitsiya muhiti hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi oʻrnini taʻkidladi.
Tashrif doirasida delegatsiya aʻzolari Shanxaydagi “SATAMZ” kompaniyasining maxsus texnika ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Oʻzbekiston, Xitoy va Rossiya vakillari oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan bir qator memorandumlar imzolandi.
Forumning eng muhim natijasi sifatida qiymati 2 milliard AQSh dollariga teng agroenergetika loyihasi boʻyicha kelishuvga erishildi.
Mazkur loyiha 2026–2030-yillarga moʻljallangan boʻlib, uni amalga oshirishda Oʻzbekiston Milliy iqtisodiy hamkorlik uyushmasi, Energetiklar milliy assotsiatsiyasi hamda Shanxayning yetakchi energetika markazlari va kompaniyalari ishtirok etadi.


