Dunyoning ko‘plab hududlarida kuzatilayotgan jazirama issiq, xususan, Yevropada haroratning keskin ko‘tarilishi yozgi dam olish yo‘nalishlariga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda. Bunday sharoitda Turkiya nafaqat an’anaviy sohil ta’tili, balki turli tabiiy manzaralar, madaniy meros va turli hordiq imkoniyatlarini birlashtirgan sayyohlik yo‘nalishi sifatida e’tibor tortadi.
Mamlakatning Egey dengizi sohillari hamda Turk Rivierasi yoqimli iqlimi, moviy dengizi va tarixiy obidalari bilan tanilgan. Shu bilan birga, Turkiyada salqin tog‘ etaklari, yam-yashil yaylovlar, tarixiy va arxeologik yodgorliklar, ochiq havodagi sayohat yo‘nalishlari ham mavjud. Bu esa dengiz bo‘yidagi hordiqni tabiat, tarix va mahalliy oshxona bilan bog‘liq taassurotlar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Mashhur Egey shabadasi
Egey dengizi sohillarida yoz fasli salqin dengiz shabadalari, shaffof suvlar va jo‘shqin sohil hayoti bilan kechadi. Marmarisdan Fethiyegacha cho‘zilgan Mug‘la hududida bir kunda dengiz bo‘yida hordiq chiqarish, sokin qo‘ltiqlarni tomosha qilish va qadimiy maskanlarni kezish mumkin.
Bodrum muloyim ob-havosi, nafis muhiti va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish tizimi bilan Turkiyaning hashamatli dam olish maskanlaridan biri sanaladi. Bu yerda oq rangli uylar bilan bezalgan tor ko‘chalarda sayr qilish, “Moviy sayohat” nomli dengiz safariga chiqib, sokin qo‘ltiqlarni ko‘rish, dengiz qa’riga sho‘ng‘ib, rang-barang suvosti olamini tomosha qilish mumkin. Shuningdek, Egey oshxonasining o‘ziga xos ta’mini tatib ko‘rish, jumladan, Michelin e’tirofiga sazovor restoranlarda mahalliy taomlardan bahramand bo‘lish mumkin.
Focha tinch sohil muhiti, mayin shabadasi va salqin suvlari bilan yozgi hordiq uchun qulay manzillardan biri sanaladi. Cheshme yarimoroli, Altinkum va Kojakari sohillari hamda Delikli ko‘rfazi muntazam esib turadigan dengiz shabadalari, musaffo suvlari va nisbatan salqin havosi bilan sayyohalar e’tiborida.
Alachatida shamolning barqaror esishi vindserfing va kaytserfing kabi suv sportlari uchun qulay sharoit yaratadi. Tarixiy Efes shahrini yoz oylarida kechki salqin paytda tomosha qilish mumkin. Bundan tashqari, yaqin atrofdagi Urla esa mahalliy mahsulotlarga asoslangan taomlari va Egey oshxonasining mavsumiy ta’mlari bilan bilan o‘zgacha taassurot qoldiradi.
Shimoliy Egeyda yozgi salqinlik
Yozning issiq kunlarida Shimoliy Egey salqin havosi va sokin tabiati bilan o‘ziga rom etadi. Chanakkaledagi Assosning tiniq suvlari esa yoz mavsumida suzish va sho‘ng‘ish uchun juda qulay. Sohilbo‘yi jaziramasidan uzoqlashishni istaganlar uchun Ida tog‘i ham muqobil yo‘nalishdir. Qarag‘ayzorlar, tog‘ yo‘llari va sharsharalar bu hududda tabiat qo‘ynida maroqli vaqt o‘tkazishga yordam beradi.
Bo‘zjaada va Go‘kcheada orollari sokin qo‘ltiqlari, salqin shabadalari va orol hayotiga xos xotirjam muhiti bilan ajralib turadi. Bu hududda tiniq suvli qo‘ltiqlarda suzish, sokin qishloqlarni kezish yoki dengiz bo‘yida osoyishta vaqt o‘tkazish mumkin. Bo‘zjaada va Go‘kcheada yozgi dam olishni tabiat, dengiz va sokin muhit bilan uyg‘unlashtiradigan yo‘nalishlar qatoridan joy olgan.
O‘rta yer dengizi sohillarida yozgi manzara
Turk Rivierasi yoz mavsumida Turkiyaning eng ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan maskanlaridan biri hisoblanadi. Quyoshli kunlarning davomiyligi, dengizning moviy tuslari va sohilbo‘yi infratuzilmasi hududning yozgi qiyofasiga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi.
Yoz oylarida harorat yuqori bo‘lsa-da, dengizdan esadigan shabada va suv bo‘yidagi hordiq issiqni yengilroq his qilishga yordam beradi. Hududdagi tabiat bilan bog‘liq yo‘nalishlar esa yozgi dam olishni faqat sohil bilan cheklab qo‘ymaydi.
Antaliya yoz mavsumida qulay iqlimi, rivojlangan turizm infratuzilmasi va dengiz bo‘yidagi hududlari bilan e’tibor tortadi. Shaharga uning atrofida joylashgan soyali ayvonlari, ochiq havodagi hordiq maskanlari hamda dengiz manzarali restoranlari yanada fayz bag‘ishlaydi. Shuningdek, Antaliya dunyoda “Moviy bayroq” maqomiga ega sohillari soni bo‘yicha yetakchi hududlardan biridir.
O‘rta yer dengizi sohillari faol hordiq mashg‘ulotlari bilan mashhur. Jumladan, sokin qo‘ltiqlar bo‘ylab qayiqda sayr qilish, Kash hududida dayving bilan shug‘ullanish yoki Kekova atrofida dengiz kemalarida suzish mumkin. Kekova, ayniqsa, suv ostida qolgan qadimiy shahar qoldiqlari bilan tarixiy va tabiiy manzara uyg‘unligini namoyon etadi.
Quruqlik qismida joylashgan Karain va Damlatash g‘orlari yozning issiq paytida salqin muhiti bilan o‘ziga tortadi. Bu g‘orlarda harorat yil davomida taxminan 18–22 daraja atrofida saqlanadi. Shuningdek, Ko‘prulu darasining sovuq suvlari ham yozgi issiqdan saqlanish uchun muqobil yo‘nalishlardan biri sanaladi.
Toros tog‘lari tomon ko‘tarilgan sari havo yanada salqinlashadi. Tog‘li hududlardagi yaylovlar, musaffo havo va piyoda sayr yo‘nalishlari Antaliyada yozgi hordiqni faqat dengiz va sohil bilan cheklab qo‘ymaslik mumkinligini ko‘rsatadi.
An’anaviy yozgi ta’tildan farqli tajriba izlaydiganlar uchun Turkiyaning Qora dengiz sohillari ham eng muqobil manzillardan biridir. Ushbu hudud National Geographicning “Best of the World 2026” ro‘yxatida qayd etilgan bo‘lib, u kislorodga boy salqin havosi, ulug‘vor tog‘lari, keng yaylovlari va yam-yashil manzaralari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.




