⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Узбекистан

Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro eʼtirofda

Administrator6 ч назад5 просмотров
Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro eʼtirofda

Dunyoning eng goʻzal muzeylaridan biri deya taʼriflangan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays boshchiligidagi delegatsiya ekspozitsiyalar va Qurʼoni Karim zali bilan tanishib, Prezident Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi bilan barpo etilgan maʼrifiy madaniy maskanning mazmun-mundarija va badiiy yechimlarini yuqori baholadilar.

Tashrif davomida muzeyning Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida Qoʻyqirilgan qalʼa maketi delegatsiya aʼzolarida chuqur taassurot uygʻotdi. II–VI asrlarga mansub ushbu yodgorlik oʻz davrida nafaqat aholi manzilgohi, balki observatoriya vazifasini ham bajargani bilan ahamiyatlidir.

Dalvarzintepadan topilgan shaxmat donalari esa ekspozitsiyaning eng eʼtiborga molik namunalaridan biri sifatida baholandi. Mazkur topilmalar dunyodagi eng qadimgi shaxmat namunalaridan biri boʻlib, Hindistonda aniqlangan shunga oʻxshash topilmalardan qariyb toʻrt asr oldin yaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida mehmonlar eʼtiborini Paygʻambarimiz tomonidan oʻsha davr dunyo hukmdorlariga yoʻllangan maktublar tortdi. Ekspozitsiyada ushbu maktublarning besh nusxasi namoyish etilgan boʻlib, ularda aks etgan diplomatik yondashuv va mazmuniy teranlik alohida qiziqish bilan qarshi olindi.

Ekspozitsiya bilan tanishuv jarayonida, xattot Habibulloh Solih tomonidan hurmatli mehmonga Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning arab hukmdorlaridan biri — Munzir ibn Saviga yoʻllagan maktubi nusxasi esdalik sovgʻa sifatida topshirildi.

Markazning yuragi hisoblangan Qurʼoni Karim zalida delegatsiya musulmon olamining bebaho durdonasi – VII asrda koʻchirilgan Usmon musʼhafi bilan yaqindan tanishdi. Ushbu noyob Qurʼon nusxasi 1989-yildan 2025-yilgacha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Moʻyi muborak madrasasida boʻlgan. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur noyob musʼhaf 2025-yil 13-noyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markazining Qurʼoni karim zaliga olib kelingan. Mehmonlar ushbu muqaddas yodgorlikni bilan birga zamonaviy mepping-shouni ham tomosha qilishdi.

Ushbu majmuaning har bir jihati davlat rahbarining tashabbusi va bevosita eʼtibori asosida amalga oshirilgani alohida eʼtirof etildi.

Shayxa Nosir Al Novays, Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi:

– Avvalo, Oʻzbekistonga rasmiy tashrif buyurishdan juda mamnunman. Bu mening Bosh kotib sifatida lavozimni egallaganimdan beri ilk rasmiy tashrifim va Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish imkoniyati uchun juda xursandman. Bilamanki, bu markaz yaqinda ochilgan va men sizlarni beshta turli sivilizatsiya haqida goʻzal hikoya taqdim etganingiz bilan tabriklayman.

Bu kelajak avlodni turli sivilizatsiyalar bilan tanishtirishda ajoyib usul va hikoyalarning zamonaviy texnologiyalar, shu jumladan immersiv sanʼat orqali taqdim etilgani juda taʼsirli. Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman.

Yana bir bor tabriklayman, menimcha bu Markaz Oʻzbekiston va Toshkent uchun katta ahamiyatga ega ramziy joy boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, bu Markaz turizmni ham rivojlantirishga, ayniqsa madaniyat va meros haqida koʻproq bilmoqchi boʻlgan sayyohlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Avvalo, men uni Islom sivilizatsiyasi markazi madaniy muzeyini yaratishi bilan tabriklayman. Bu Oʻzbekistondagi tarixiy, anʼanaviy va madaniy diqqatga sazovor joylarga ajoyib qoʻshimcha boʻldi. Turizmda rivojlanish uchun mustahkam asos zarur va bunga eʼtibor qaratilgani hurmatga loyiqdir.

Ikkinchidan, 90 dan ortiq davlatlar uchun vizalarni osonlashtirish — milliy iqtisodiyotda turizmning ahamiyatini koʻrsatuvchi yana bir muhim koʻrsatkichdir.

Delegatsiya aʼzolari Faxriy mehmonlar kitobiga oʻz fikr-mulohazalarini yozib qoldirdilar. Jumladan, ular shunday deb qayd etdilar: “Men Oʻzbekiston rahbariyati va xalqini ana shunday ajoyib muzey bunyod etilgani bilan samimiy tabriklayman. Bu maskan asrlar davomida yashab qoladi va kelajak avlodlarni vataningiz tarixi, ajdodlar yaratgan sivilizatsiyalar bilan tanishtiruvchi muhim maskan boʻlib xizmat qiladi”. Shuningdek, delegatsiya Markazning ilmiy, maʼnaviy va madaniy ahamiyatini yuksak baholadi.

Tashrif yakunida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov martabali mehmonga 1510-yilda Hirotda koʻchirilgan Husayn Boyqaro devonining faksimil nusxasini markaz nomidan sovgʻa qildi. Kitobdan buyuk temuriy hukmdor Husayn Boyqaroning turkiy tildagi gʻazallari, shuningdek, Kamoliddin Behzod tomonidan ishlangan 4 ta nodir miniatyura oʻrin olgan.

Поделиться:

Похожие новости

Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro eʼtirofda | Effect.uz