O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Xalqaro giyohvand moddalarni nazorat qilish qo‘mitasi bosh kotibi Stefano Berterame boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar Markaz muzeyining barcha ekspozitsiya zallari bilan yaqindan tanishib, taqdim etilayotgan boy tarixiy va madaniy merosni yuqori baholadilar.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur markazning asosiy maqsadi — xalqimizning uch ming yillik boy tarixini, bunyodkorlik salohiyatini, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini hamda buyuk ajdodlarimizning madaniy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng ommaga yetkazishdan iborat. Delegatsiyaning tashrifi ham aynan shu yuksak maqsadlar bilan hamohang ekani alohida ta’kidlandi.
Mehmonlarda, ayniqsa, Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan qadimgi Baqtriya bo‘limi katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur hudud tarixan diniy bag‘rikenglik markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Manbalarga ko‘ra, qariyb 400-yil hukmronlik qilgan Kushonlar davlati davrida dunyo aholisining salmoqli qismi aynan shu hududda istiqomat qilgan.
Ushbu davrda induizm, buddizm va zardushtiylik kabi turli dinlarga oid ibodat maskanlari yonma-yon faoliyat yuritgan bo‘lib, bu esa ikki ming yil avval ham bu zaminda diniy tolerantlik yuksak darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Ekspozitsiyada namoyish etilgan Budda haykallari, qadimgi ibodatxonalar maketlari va Baqtriyaga oid noyob tilla topilmalar delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan zal ham mehmonlar e’tiboridan chetda qolmadi. Bu yerda Somoniylar maqbarasi, Mag‘oki Attori masjidi, Chashmai Ayub maqbarasi hamda Qusamiya madrasasi kabi me’moriy yodgorliklarning maketlari namoyish etilgan. Shuningdek, Saljuqiylar davriga oid nafis zargarlik buyumlari, ikki boshli burgut tasviri tushirilgan davlat tug‘rosi ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ta’kidlash joizki, ushbu noyob asori-atiqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xorijiy mamlakatlardan qaytarilib, milliy merosimizning ajralmas qismiga aylantirilgan.
Delegatsiya a’zolari Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasi hamda “Yangi O‘zbekiston — yangi Renessans poydevori” bo‘limlari bilan ham tanishib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ma’naviy-ma’rifiy yuksalish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Stefano Berterame, Xalqaro giyohvand moddalarni nazorat qilish qo‘mitasi bosh kotibi:
“Bu markaz o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Chunki u nafaqat tarixiy ashyolar va eksponatlarni jamlagan, balki tashrif buyuruvchilarga Islom, uning tarixi va O‘zbekiston hududidagi sivilizatsiya haqida chuqur bilim berishga yo‘naltirilgan.
Eng e’tiborlisi shundaki, bu muzeyda faqat tomosha qilish bilan cheklanib qolmay, ayrim eksponatlar bilan bevosita tanishish, hatto ularga tegish imkoniyati ham mavjud.
Prezident Shavkat Mirziyoyev balki butun mamlakat kelajagi bo‘yicha keng qamrovli strategik qarashga ega. Men Samarqandda giyohvandlikka qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan konferensiyada ham ishtirok etdim. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan uchrashib, dori vositalari nazoratini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdim. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bu muzey Prezident tomonidan barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” mozaikasining kichik, ammo muhim bir bo‘lagi, deb hisoblayman”.
Shuningdek, mehmon Rim shahrida ham Italiya va Rim sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan shunday zamonaviy va keng qamrovli muzey barpo etilishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi. U Markazda olgan taassurotlarini albatta boshqalar bilan baham ko‘rishini bildirib, bu kabi loyihalar yangi tashabbus va g‘oyalar uchun muhim ilhom manbai bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Tashrif yakunida Stefano Bertame Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z iliq fikr va taassurotlarini yozib qoldirdi. Mehmonlar ushbu noyob maskanning faoliyatini yuksak baholab, tashkil etilgan ekspozitsiyalar va taqdim etilgan tarixiy-madaniy merosdan chuqur taassurot olganlarini ta’kidladilar.




