⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Общество

Ichki ishlar vaziri qabulidagi fuqarolar dardi: firibgarlik, tergov va adolat izlaganlar muammolariga yechim topilyaptimi?

Administrator2 ч назад14 просмотров
Ichki ishlar vaziri qabulidagi fuqarolar dardi: firibgarlik, tergov va adolat izlaganlar muammolariga yechim topilyaptimi?

Qabulga kelganlarning aksariyati firibgarlik qurboni bo‘lgani, tergov jarayonlari uzoq yillardan beri paysalga solinayotgani va ayrim ichki ishlar xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi ekanliklarini bayon qilishdi.

Xususan, Namangan viloyati Norin tumanidan kelgan ayolning kuyinib gapirishicha, Toshkentdagi avtosalonlardan biri 103 nafar fuqaroning jami 5,5 milliard so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib ketgan. Uning turmush o‘rtog‘i bankdan qarz olib, kasalvand bo‘lib qolgan, mashina esa kim oshdi savdosiga qo‘yib yuborilgan. U uchta chig‘iriqdan o‘tib, to‘rtinchisiga — vazir qabuliga kira olmay sarson bo‘layotganini aytdi.

Rossiya fuqarosi bo‘lgan boshqa bir murojaatchi esa ichki ishlar xodimi aralashgan firibgarlik qurboni bo‘lganini bildirdi. Undan 177 ming AQSH dollari o‘zlashtirilgan bo‘lib, mazkur ish bo‘yicha sud hukmi chiqib, bir kishiga 9 yil jazo berilgan va 1 milliard 204 million so‘m zarar aniqlangan bo‘lsa-da, qolgan javobgarlik masalalari va zararni undirish paysalga solinmoqda.

Toshkentning Yunusobod tumanidan kelgan tadbirkor ayol ham 25 yil Rossiyada ishlab topgan mablag‘ini O‘zbekistonga investitsiya sifatida kiritganini (5 ta uy va naqd pullar), biroq firibgarlar tufayli 497 ming dollar zarar ko‘rganini aytdi. Ishi 2 yil-u 3 oydan beri cho‘zilayotgani va tergovchilar sotib olingani haqida tahdidlar eshitayotganidan norozi ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, jizzaxlik sobiq harbiy xizmatchi oddiy telefon ishlatgani (onasining sog‘lig‘idan xabar olish uchun) sababli 9 yillik benuqson faoliyatidan so‘ng nohaq ishdan bo‘shatilganini aytsa, Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidan kelgan fuqaro o‘g‘li tomonidan aldov yo‘li bilan do‘koni va mashinasi olib qo‘yilgani, 2026 yil aprel oyidan beri murojaatlari mahalliy IIB tomonidan shunchaki yopib yuborilayotganini bayon qildi. Biroq qabul qilinganlar orasida ishi ijobiy hal bo‘lib, vazirlik rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirgan fuqarolar ham bo‘ldi.

Vazirlik vakillarining tushuntirishicha, murojaatlarning juda katta qismi aslida shartnomaviy-huquqiy munosabatlar, fuqarolarning o‘zaro oldi-berdilari va firibgarlik masalalari bilan bog‘liq. IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosovga koʻra ko‘p holatlarda fuqarolarga huquqiy tushunchalar berilmoqda. “Muammolarning bir qismi sud va prokuratura organlariga tegishli bo‘lsa-da, odamlar baribir bizga kelishmoqda. Sababi — boshqa vazirliklar hali bu darajada katta masshtabda va ochiq tarzda fuqarolarni qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘ymagan”, deydi Gʻiyosov. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari bilan bog‘liq uchrayotgan salbiy holatlar tizim imijiga katta ta’sir ko‘rsatayotgani tan olindi. IIV eng ko‘p sonli shaxsiy tarkibga ega va fuqarolar bilan eng ko‘p to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qiladigan organ bo‘lgani bois xato va kamchiliklar ko‘zga tez tashlanadi. Hozirda ushbu kamchiliklarni kamaytirish ustida jiddiy ish olib borilmoqda.

Gʻiyosovga koʻra issiq kunlarni inobatga olgan holda, qabul ikki xil formatda tashkil etilgan. Ertalab soat 10:00 dan 16:00 gacha Toshkent shahri va Toshkent viloyati fuqarolari bevosita qabul qilingan bo‘lsa, soat 16:00 dan keyin uzoq viloyatlardagi fuqarolar uchun masofaviy onlayn qabul boshlandi. Qabulda nafaqat vazir, balki uning komplayens bo‘yicha o‘rinbosari, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, tergov, kadrlar va boshqa barcha sohaviy xizmat rahbarlari ham ishtirok etib, muammolarni joyida o‘rgandi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan har bir murojaat vazirlik tomonidan qat’iy nazoratga olindi va tez orada bu kabi sayyor qabullarni viloyatlarning o‘zida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xususiy mulkiy nizolar, firibgarlik va mahalliy ijro organlarining sustkashligi odamlarni respublika darajasidagi yuqori idoralarga kelishga majbur qilmoqda. Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi ochiq muloqotlar aholi uchun oxirgi umid bekatiga aylangan bo‘lsa, tizimning o‘zi uchun quyi bo‘g‘inlardagi kamchiliklarni yaqqol ko‘rsatib beruvchi ko‘zgu vazifasini o‘tayapti. Vazirlik mas’ullarining ta’kidlashicha, fuqarolar ishonchini oqlash va tizim xodimlari bilan bog‘liq xatoliklarni kamaytirish uchun nazorat yanada kuchaytiriladi, murojaatlarning ijrosi esa to‘liq yakuniga yetgunga qadar e’tiborda qoladi.

Muhammad Ali Qozoqov tayyorladi.

Поделиться:

Похожие новости

Ichki ishlar vaziri qabulidagi fuqarolar dardi: firibgarlik, tergov va adolat izlaganlar muammolariga yechim topilyaptimi? | Effect.uz