Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda davom etmoqda. Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida Gonkong Saroy muzeyida (Hong Kong Palace Museum) salmoqli tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tashrif va taqdimot marosimlari O‘zbekistonning XXRdagi Elchixonasi hamda Favqulodda va Muxtor Elchi Farhod Arziyevning bevosita ko‘magida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tashrifning muhim voqealaridan biri sifatida 20 iyul kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Gonkong Saroy muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatga Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va muzey direktori doktor Luis Nge imzo chekdilar. Ushbu kelishuv qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, madaniy merosni asrash va restavratsiya qilish, shuningdek, raqamli muzey texnologiyalarini qo‘llash hamda mutaxassislar almashinuvini kengaytirishni nazarda tutadi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z so‘zida Gonkong Saroy muzeyi bilan imzolangan memorandum ikki muassasa o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam huquqiy asos yaratishini va Markaziy Osiyoning boy sivilizatsion merosini global maydonda kengroq namoyon etishga xizmat qilishini ta’kidladi. O‘z navbatida, biroz avval O‘zbekistonga tashrif buyurgan doktor Luis Nge ham mamlakatimizda madaniy merosni saqlash va zamonaviy usullarda taqdim etish borasidagi ishlar unda katta taassurot qoldirganini aytib, hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
Imzolash marosimidan so‘ng Gonkongning rasmiy doiralari, madaniyat, ilm-fan va jamoatchilik vakillari ishtirokida Markaz taqdimoti hamda brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Gonkong Saroy muzeyining bo‘lim rahbari doktor Jorj Ma, Gonkong «Bir makon — bir yo‘l» bo‘yicha komissari Nikolas Xo va Elchi Farhod Arziyev ishtirok etib, O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik asosida izchil rivojlanayotganini alohida e’tirof etdilar.
Anjuman doirasida Markaz va O‘zbekiston-Xitoy madaniy aloqalariga bag‘ishlangan qisqa hujjatli film namoyish etildi. Shundan so‘ng Firdavs Abduxoliqov «O‘zbekiston merosiga ochilgan oyna: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi» mavzusida ma’ruza qilib, Markaz konsepsiyasi, buyuk allomalar merosi va zamonaviy muzey texnologiyalari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shunningdek, Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab olib borilayotgan qo‘shma arxeologik izlanishlar haqida so‘z yuritgan bo‘lsa, Markaz Ilmiy kotibi Rustam Jabborov «Alisher Navoiy ijodida Xitoy mavzusi» ma’ruzasi bilan chiqish qilib, Alisher Navoiy asarlaridagi madaniy yaqinlik va umuminsoniy qadriyatlar g‘oyasini tahlil qilib berdi.
Tadbir yakunida tomonlar hamkorlik sertifikatlarini almashdilar hamda kelgusida kitob-albomlar nashr etish va sohaviy tajriba almashishni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Gonkong Saroy muzeyi fondiga «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidan o‘rin olgan noyob kitob-albomlar to‘plami sovg‘a qilindi. Delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasi bo‘ylab xizmat safari davom etmoqda.




