⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!⚠️ ВНИМАНИЕ: Сайт работает в тестовом режиме!
Общество

“Bu yerga yana kelishni istaysan”. Boshqirdiston rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bergan bahosi

Administrator2 ч назад8 просмотров
“Bu yerga yana kelishni istaysan”. Boshqirdiston rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bergan bahosi

Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlar muzey ekspozitsiyalari bilan tanishib, majmuaga yuqori baho berdi.

“Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida rasman eʼtirof etilib, Guinness World Records ning nufuzli unvoniga loyiq koʻrilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun yana bir yirik xalqaro delegatsiyani qabul qildi. Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi delegatsiya Markaz faoliyati va ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi.

Markaz soʻnggi vaqtlarda mahalliy va xorijiy mehmonlar oqimi ortib borayotgan, yanada gavjum va jozibador maskanga aylangani alohida qayd etildi. Radiy Xabirov uchun mazkur tashrif ilk emas. U Markazga avval, rasmiy ochilish marosimiga qadar ham tashrif buyurganini, shuningdek, ochilishdan keyin yana bir bor kelganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, har safar bu maskan unda ilk tashrifdagidek kuchli va yorqin taassurot qoldirmoqda.

Shuningdek, u rafiqasi Karine Xabirova bilan birgalikda Markazda yaratilgan muhit, mazmun va taqdimot darajasi har gal yangi qirralarini ochib borayotganini alohida eʼtirof etdi.

Tashrif davomida delegatsiyani Markaz rahbaryati ularning qayta tashrifidan mamnunligini bildirdi. Radiy Xabirov esa Markazning Guinness World Records ga kiritilgani munosabati bilan rahbariyatni alohida tabriklab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha haqiqatan ham xalqaro eʼtirofga munosib ekanini taʼkidladi.

Delegatsiya Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishuvni Islomdan avvalgi davr boʻlimidan boshladi. Bu yerda Qoʻyqirilgan qalʼa maketi mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Milodiy II–VI asrlarga mansub ushbu yodgorlik oʻz davrida nafaqat aholi manzilgohi, balki observatoriya vazifasini ham bajargani bilan alohida ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Birinchi Renessans davri boʻlimida Samarqand qogʻozi, 1988-yilga oid Kaʼba yopinchigʻi hamda XII–XIV asrlarda Misrda Mamluklar davrida yaratilgan Kaʼba kalitlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu nodir eksponatlar islom sivilizatsiyasining yuksak madaniy va maʼnaviy darajasini yorqin namoyon etuvchi namuna sifatida baholandi.

Radiy Xabirov, Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari:

«Bu nihoyatda hayratlanarli majmua, haqiqatan ham betakror. Biroq uning eng muhim jihati faqat tashqi koʻrinishida emas. Muhtaram Prezident Shavkat Miromonovichning bu markaz haqidagi fikrlari bilan tanishganimda, ular qalbimga chuqur taʼsir qildi. Chunki majmuaning asosiy maqsadi — Islom dinining haqiqiy, maʼrifatparvar va gumanistik mohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etishdan iborat. Zero, Islom aslida insonparvarlik, ezgulik, ilm-maʼrifat va taraqqiyotga chorlovchi buyuk dindir. Men bu fikrni Oʻzbekiston Prezidenti bilan uchrashuv chogʻida ham alohida taʼkidlaganman. Barcha ishlar aynan shu gʻoyaga asoslanib amalga oshirilayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.

Men bu qadar goʻzal va mukammal inshootni ilgari koʻrmaganman. Bu yerga uchinchi bor tashrif buyurishim ham bejiz emas. Hatto qurilish jarayonida ham ikki marotaba kelib, jarayon bilan yaqindan tanishganman. Bu maskan qalbimga yaqin boʻlib qolgan va u yerga yana qayta kelish istagini uygʻotadi.

Ayniqsa, bu yerda Islom olamining eng ulugʻ muqaddas yodgorliklaridan biri — Usmon Qurʼoni saqlanayotgani nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat musulmonlar, balki barcha ziyoli insonlar uchun katta maʼnaviy va ilmiy qadriyatdir. Biz ham Qurʼonning zamonaviy nusxasini tayyorlaganmiz va uni Ufa shahridagi muzeyimizda ehtiyotlab saqlaymiz. Shu bois bu maskanga nafaqat musulmonlar, balki turli sohalar vakillari ham qayta-qayta tashrif buyurishlari tabiiy.

Muzey ekspozitsiyasi juda puxta va zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan. Bu yerda anʼanaviy sanʼat namunalari — mozaika, yogʻoch oʻymakorligi kabi yoʻnalishlar zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashgan holda namoyon etilgan. Bunday yondashuv yosh avlodga oʻz tarixi va sivilizatsiyasini zamonaviy, taʼsirchan shaklda yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, markazning meʼmoriy yechimi, har bir jihatining puxta oʻylangani va mazmunan boyligi alohida eʼtirofga loyiq. Maʼlumki, markaz yaqinda — mart oyida faoliyatini boshladi. Tabiiyki, vaqt oʻtishi bilan u yangi eksponatlar va artefaktlar bilan yanada boyib boradi. Demak, bu maskan doimiy rivojlanish jarayonida boʻladi. Masalan, bugun men guvoh boʻlgan mepping-shou avval mavjud emas edi. Shu bois, har bir tashrif davomida yangi jihatlarni kashf etish imkoniyati paydo boʻladi, deb hisoblayman.

“Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimida taqdim etilgan 2050-yilgacha boʻlgan taraqqiyot strategiyasi delegatsiya aʼzolari tomonidan yuqori baholandi. Ular bu yerda tarix va kelajak oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni yaqqol his qilganliklarini taʼkidladilar.

Tashrif davomida delegatsiya Markazning har bir jihatida davlat rahbarining tashabbusi va bevosita eʼtibori mujassam ekanini alohida eʼtirof etdi. Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov Faxriy mehmonlar kitobiga oʻz fikr-mulohazalarini yozib qoldirib, Markazning ilmiy, maʼnaviy va madaniy ahamiyatini yuksak baholadilar.

Поделиться:

Похожие новости

“Bu yerga yana kelishni istaysan”. Boshqirdiston rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bergan bahosi | Effect.uz