Moʻynoq tumanida mehnat qilayotgan “Oʻzbekneftegaz” xodimlari uchun zamonaviy yotoqxona, oshxona, maʼmuriy bino va sport maydonidan iborat yangi majmua foydalanishga topshirildi.
9-sentyabr kuni Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi obyektlarining asosiy qismi joylashgan Moʻynoq tumanidagi “Uchsoy” shaharchasida xodimlar uchun barpo etilgan yangi ijtimoiy majmuaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Majmua 144 oʻrinli yotoqxona, 80 oʻrinli zamonaviy oshxona, maʼmuriy bino hamda sport-sogʻlomlashtirish maydonini oʻz ichiga olgan. U chekka hududlarda mehnat qilayotgan mutaxassislar uchun munosib yashash va dam olish sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
Tadbirda “Oʻzbekneftegaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Moʻynoq tumani hokimi Baxtiyar Meңlibekov, nuroniylar va soha vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida “Uch avlod” stellasi ham ochildi.

— Biz bugun shunchaki yangi bino yoki stella ochmayapmiz, balki inson mehnatiga boʻlgan yuksak hurmat va avlodlar davomiyligiga muhr qoʻyayapmiz. Poydevorsiz bino boʻlmaganidek, ustozsiz kasb, oʻtmishsiz esa kelajak boʻlmaydi. Tizimda kim qayerda va qanday ogʻir sharoitda ishlashidan qatʼi nazar, har bir xodimimiz uchun munosib sharoit yaratish borasidagi ishlarimiz izchil davom etadi. Ustozlar qadrlangan joyda inson qadri yuksaladi, mehnatga hurmat va kelajakka ishonch mustahkamlanadi, — dedi tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan “Oʻzbekneftegaz” AJ Boshqaruv raisi.
Marosimda koʻp yillar davomida soha rivojiga hissa qoʻshgan faxriylar, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi xodimlari hamda Rossiyada oʻtkazilgan “PROFNEFT” xalqaro kasb mahorati tanlovida 1-oʻrinni egallagan “Ustyurt geofizika ekspeditsiyasi” filiali Ustyurt kon-geofizika partiyasi xodimlariga qimmatbaho esdalik sovgʻalari va Boshqaruv raisining faxriy yorliqlari topshirildi.

Mehmonlar majmuada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Yangi oshxonada tashkil etilgan dasturxon atrofidagi bayram tadbiri Moʻynoq tumani milliy folklor “Aydin” ashiqlar ansamblining konsert dasturi bilan davom etdi.
Qayd etilishicha, umumiy maydoni 110 ming kvadrat kilometr boʻlgan Ustyurt mintaqasining 98 foizi neft va gazga boy istiqbolli hudud hisoblanadi. Bu yerda geologiya-qidiruv ishlari 1960-yillarda boshlangan. Mustaqillik yillarida 25 ta gazkondensat koni kashf etilgan va 1997-yilda konlarni tizimli boshqarish maqsadida Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tashkil etilgan.

Ayni paytda boshqarmada 939 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Korxona tomonidan 13 ta gaz va gazkondensat koni hamda 299 ta quduqdan samarali foydalanilmoqda.




