Hammasi Mingtepa mahalla fuqarolar yig‘ini raisining OAVga qilgan murojaatidan boshlangan edi. Rais o‘z hududidagi yirik tadbirkorlarni xalqning yerini, ya’ni "Mayiz bozori" oldidagi 86 sotix joyni noqonuniy egallab, avtoturargoh (stoyanka) qilib olganlikda aybladi. Jurnalistik surishtiruv davomida Kadastr agentligi haqiqatan ham ushbu yerda tartibbuzarlik aniqlagani va tadbirkorlarni yirik miqdorda jarimaga tortgani ma’lum bo‘ldi. Tadbirkorlar aybini tan olib, jarimalarni to‘liq to‘lagan. Ammo nizoning ildizi chuqurroq: mahalliy aholini ish bilan ta’minlab kelayotgan bu obro‘li tadbirkorlar asli boshqa qishloqdan bo‘lgani sababli, vaziyat sun’iy ravishda "mahalliy aholi va kelgindi mafiyalar urushi" sifatida talqin qilina boshladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi ikki tomon tarafdorlarining so‘kinishlari va to‘qnashuv darajasiga yetishi vaziyatni portlash yoqasiga keltirib qo‘ydi.

Birinchi videomaterial chiqqanidan so‘ng, tungi soat 21:00 va 21:30 lar atrofida mahalla raisi OAV vakillariga vahima ichida telefon qiladi. U Urgut tumani markazidan qaytayotganda mashinasi noma’lum shaxslar tomonidan toshbo‘ron qilingani, oynalari sinib, hayoti xavf ostida qolganini aytib yordam so‘raydi. Garchi OAV bilan shartnoma faqat bitta video uchun tuzilgan bo‘lsa-da, jurnalistlar insoniylik yuzasidan, raisga bo‘layotgan bosimni jamoatchilikka ko‘rsatish uchun tungi soat 01:30 – 02:00 larda ikkinchi videoni mutlaqo bepul, ya’ni o‘z hisobidan tayyorlab, tarmoqqa chiqarishadi. Keyinchalik esa bu "toshbo‘ron" voqeasining ham tafsilotlari shubhali ekani, aynan kim qilgani noma’lumligicha qolgani ayon bo‘ladi.

Urgut tarixida bundan bir necha yil avval ikki qishloq yoshlarining Telegramdagi oddiy tortishuvi orqasidan 1000 ga yaqin odam yig‘ilib, qurolli to‘qnashuv darajasiga borgani, 20 dan ortiq odam qamalib, ko‘plab fuqarolar og‘ir jarohat olgani haqida faktlar bor. Yangi nizo ham xuddi shunday qonli tus olmasligi uchun jurnalistlar tomonlarni yarashtirish harakatiga tushadi. Yarashuv jarayoni oson kechmadi: rais avvaliga juda katta to‘polon qilib, "mening shaxsiyatimga tegishdi, uzrni qabul qilmayman" deb oyoq tirab oldi. Hatto sifatsiz yozuv tufayli ilk syomkalar o‘chirib tashlandi va ijodiy guruh jahl bilan qaytib ketdi. Ammo uyiga borgach, raisning o‘z otasi vaziyatdan xabar topib, o‘g‘lini qattiq koyidi: "sen kimsanki, Alloh bandasini kechirganda, sen uzr so‘rab kelgan odamni kechirmaysan?" deydi. Shundan so‘ng rais xatosini tushunib, jurnalistlarni yo‘ldan qaytarib, yarashishga tayyorligini bildiradi.

Uchinchi video — yarashuv videosi muvaffaqiyatli yozib olinadi. Tadbirkorlar xursandligidan qo‘y so‘yib, bozor binosidagi zamonaviy shinam maskanda ehson oshi berishadi. Eng qizig‘i, mahalla raisi "ey, uzr, bir-birimizni tushunmabmiz", deya qayta-qayta uzr so‘raydi va muammo o‘sha yerda go‘yoki hal bo‘ladi.
Ammo voqea bu bilan tugamadi. Video efirga ketgach, mahalla raisi tomonidan yana eski harorat uyg‘ondi. U OAVga telefon qilib, "nega meni baqir-chaqir qilganlarimni videoga qo‘ymadinglar, nega ularni yer tishlatib ko‘rsatmadinglar?" deb da’vo qila boshladi. Bu ham yetmaganidek, raisning Madaniyat vazirligi tizimida ishlaydigan ukasi Instagram ijtimoiy tarmog‘ida "Urgutda nima gap?" nomli sahifa ochib, u yerda OAVni "yolg‘on ma’lumot tarqatishda, faktlarni yashirishda" ayblab, arzon obro‘ (xayp) ortidan quvishni boshladi.

Kamera qarshisida otasining gapi bilan kechirim so‘rab, keyin esa ijtimoiy tarmoqda OAVni loyqalash — bu ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas.
OAV hech qachon shaxsiy manfaatlar yoki mahalliy "razborkalar" quroli emas. "Jabrdiyda rais" obrazini yaratib, orqavarotdan OAVga loy otayotgan Mingtepa MFY raisiga eslatib o‘tamiz: agar ushbu soxta bayonotlar va tuhmatlar to‘xtatilmasa, jurnalistlar o‘z sha’ni va qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish uchun qonuniy chora ko‘rishga, ya’ni sudga murojaat qilishga to‘liq tayyor!
Muhammad Ali Qozoqov, Effect.uz




