⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Urganch aeroporti xalqaro aviatsiya xabiga aylantiriladi

Administrator3 h ago8 views
Urganch aeroporti xalqaro aviatsiya xabiga aylantiriladi

Xorazmga kelayotgan mehmonlar oqimi yildan-yilga ortib bormoqda. Shu munosabat bilan Urganch xalqaro aeroportini xalqaro standartlarga mos ravishda kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi ham aeroportda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishishdan boshlandi.

Urganch aeroporti 1960-yilda ishga tushgan, 1992-yilda xalqaro maqom olgan. Umumiy maydoni 285 gektardan ortiq boʻlgan majmua bugungi kunda oʻnga yaqin aviakompaniyaning muntazam qatnovlariga xizmat koʻrsatmoqda.

Joriy yilda aeroport tomonidan 126 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 31 foiz koʻp.

Biroq sayyohlar oqimi va xalqaro hamkorlikning kengayishi aeroport quvvatlarini tubdan oshirishni taqozo etmoqda.

Urganch xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 264 million dollar investitsiya yoʻnaltirilgan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.

Xususiy sherik sifatida Janubiy Koreyaning dunyodagi yirik aviatsiya xablaridan birini boshqaradigan “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi jalb etilgan.

Rekonstruksiya natijasida aeroportda “Boeing 747” va “Airbus A350” kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Bu Xorazmga dunyoning turli qitʼalaridan toʻgʻridan-toʻgʻri, tranzitsiz uzoq masofali parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Loyihaning birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi turargohi va yangi burilish yoʻlagi quriladi.

Shuningdek, aeroportda zamonaviy chegara nazorati va viza boʻlimlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, kechayu kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti hamda “Duty Free” zonasi tashkil etiladi.

Aeroportda rasmiy delegatsiyalarga xizmat koʻrsatadigan yangi terminal ham bunyod etilmoqda. Loyiha toʻliq yakunlangach, aeroportning yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 300 nafargacha oshadi.

Prezident Xiva va Urganch shaharlari yirik xalqaro sammitlar, yuqori darajadagi diplomatik uchrashuvlar, nufuzli iqtisodiy va madaniy anjumanlar oʻtkaziladigan global maydonga aylanayotganini taʼkidladi.

Shu bois xorijiy delegatsiyalar uchun aeroportda yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni taʼminlash Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Share:

Related News

Urganch aeroporti xalqaro aviatsiya xabiga aylantiriladi | Effect.uz