So‘nggi vaqtlarda Turkiyaning ochiq osmon ostidagi qadimiy yodgorliklari va tarixiy teatrlari san’at ixlosmandlarining e’tibor markaziga aylandi. Bir vaqtlar gladiator janglari o‘tkazilgan, teatr tomoshalari va tragediyalar sahnalashtirilgan ushbu tarixiy maskanlar bugun ham madaniy hayotda muhim o‘rin tutmoqda.
Bu yozda Turkiyaning bir qator qadimiy shaharlarida opera va balet festivallari o‘tkazilib, ko‘p asrlik yodgorliklar ochiq osmon ostidagi san’at maydonlariga aylanadi. Tarixiy manzaralar hamrohligida namoyish etiladigan ushbu tadbirlar qadimiy meros va sahna san’atini uyg‘unlashtiradi.
Egey va O‘rta yer dengizi osmoni ostidagi opera kechalari
Festival mavsumi Turkiyaning eng mashhur arxeologik yodgorliklaridan biri — qadimiy Efes shahrida boshlanadi. 9-Xalqaro Efes opera va balet festivali 26-iyundan 8-iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Festival dasturidan “Oqqush ko‘li”, “Karmina Burana” va “Toska” kabi sahna asarlari o‘rin olgan. Yulduzli osmon ostida Efes qadimiy teatri yana bir bor dunyoning turli burchaklaridan kelgan sahna san’ati shaydolarini jamlaydi.
Mavsumning keyingi bosqichi Antaliyaning noyob yodgorligi Aspendosda davom etadi. O‘rta yer dengizi hududidagi eng yaxshi saqlangan Rim teatrlaridan biri Aspendos mukammal holatda saqlanib qolgan akveduk tizimi bilan ham alohida ahamiyatga ega.
Qadimiy shahar o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri Aspendos xalqaro opera va balet festivaliga mezbonlik qiladi. Bu yil festivalning 33-mavsumi 12–26-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar Aspendos teatrining betakror akustikasi va tarixiy muhiti bilan uyg‘un holda namoyish etiladi.
Bodrum shahridagi tarixiy qal’a har yili an’anaviy balet festivaliga mezbonlik qiladi. Bu yilgi 23-Xalqaro Bodrum balet festivali 31-iyuldan 13-avgustgacha bo‘lib o‘tadi.
Opera va balet festivallaridan tashqari, Turkiyaning qadimiy shaharlarida yil davomida turli madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Phaselis festivali tarixiy muhitda taniqli musiqachilar chiqishlarini jamlasa, Bergama teatr festivali qadimiy manzaralar bag‘rida sahna asarlarini namoyish etadi.
Shu bilan birga, hududlarda davom etayotgan arxeologik qazishmalar yangi topilmalarni yuzaga chiqarib, qadimiy manzillar tarixiga oid bilimlarni boyitmoqda. Jumladan, yaqinda Aspendos bilan bog‘liq daryo xudosi — yosh Evrimedon tasvirlangan Rim davriga oid mozaika topildi. Bu kabi topilmalar Turkiyaning qadimiy shaharlarida madaniy hayot va tarixiy meros hanuz izchil o‘rganilayotganini ko‘rsatadi.
Efes, Aspendos va Bodrum qal’asi kechki madaniy hayotning ham muhim manzillari sifatida e’tirof etilmoqda. “Tungi muzeylar” tashabbusi doirasida Efes va Aspendos kechki vaqtlarda maxsus yorug‘lik ostida tomosha uchun ochiq bo‘ladi.
Bodrum suvosti arxeologiyasi muzeyi ham “Tungi muzeylar” loyihasiga kiritilgan. Muzey kechki vaqtlarda ham tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘lib, Bodrumning dengiz tarixi, qadimiy savdo yo‘llari va suvosti arxeologiyasiga oid topilmalar bilan tanishish imkonini beradi.
Turkiyaning qadimiy sahnalari bugun nafaqat yirik tadbirlar, balki kutilmagan lavhalar bilan omma e’tiborini jalb qilmoqda. Izmir shahridagi ochiq teatrda “Romeo va Julyetta” spektaklining yakuniy sahnasi vaqtida sahnaga kutilmaganda mushuk chiqib kelgani aks etgan video millionlab tomoshabinlar tomonidan ko‘rildi. Bu holat tomoshabinlar bilan birga aktyorlarda ham iliq taassurot qoldirdi.




