⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
World

Troya — qadimiy meros va afsonalar maskani

Administrator3 h ago5 views
Troya — qadimiy meros va afsonalar maskani

Turkiyaning Shimoliy Egey mintaqasida joylashgan va UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Troya qadimiy shahri tarixiy yodgorlik sifatida alohida ahamiyatga ega. U nafaqat o‘tmishdan darak beruvchi maskan, balki adabiyot, san’at, kino va ilmiy izlanishlar uchun muhim madaniy manba sifatida ham qadrlanadi. Bugungi kunda Troya merosi xalqaro madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar va ilmiy loyihalar orqali keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

Joriy yilning 11-iyun kuni Rimdagi Kolizeyda Troya artefaktlariga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazma ochildi. Ushbu ko‘rgazma so‘nggi yillarda Troya merosini xalqaro miqyosda namoyish etayotgan eng nufuzli tadbirlardan biri sifatida baholanmoqda.

Ko‘rgazmada Turkiyaning 19 ta muzeyidan tanlab olingan 221 ta artefakt namoyish etilmoqda. Ular orasida Chanoqqal’adagi Troya muzeyi eksponatlari ham mavjud. Shuningdek, ilgari Italiyada namoyish etilmagan 50 ta noyob buyum hamda Italiya muzeylari kolleksiyalariga mansub yana 80 ta eksponat ham tomoshabinlarga taqdim etilmoqda. Mazkur ko‘rgazma Troya arxeologik merosining keng qamrovini ochib berish bilan birga, qadimiy shaharning jahon madaniy merosidagi o‘rnini yana bir bor namoyon etadi.

Troya merosini xalqaro miqyosda tanitishga qaratilgan madaniy va ilmiy tadbirlar turli mamlakatlarda davom etmoqda. Nyu-Yorkdagi Turk uyida o‘tkazilgan konferensiya va fotoko‘rgazmadan so‘ng qadimiy shahar merosi Niderlandiyada ham taqdim etiladi. Dastur doirasida 28-iyun kuni Amsterdamdagi Yunus Emre institutida maxsus fotoko‘rgazma ochilishi, 29-iyun kuni esa Leyden universitetida Troya qazishmalarining bosh arxeologi, professor Rustem Aslan ishtirokida konferensiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shu kabi xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalar Troya haqidagi tarixiy-madaniy tasavvurlarni kengaytirishga xizmat qiladi. Biroq bunday tadbirlar qadimiy shahar merosi haqida dastlabki tasavvur beradi, xolos. Troyaning tarixiy qatlamlari va arxeologik muhitini to‘liq anglash uchun Chanoqqal’a markazidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan qadimiy shahar hududi bilan bevosita tanishish muhim ahamiyatga ega.

Tabiat, tarixiy meros va afsonalar sari

Chanoqqal’a Egey dengizining shimoliy qismida, Dardanel bo‘g‘oziga kiraverishda joylashgan muhim hududlardan biridir. Viloyat sohilbo‘yi manzaralari, plyajlari, suv sporti turlari, velosiped yo‘nalishlari va vinochilik an’analari bilan ajralib turadi.

Chanoqqal’a tarixiy ahamiyati bilan ham alohida o‘rin tutadi. Birinchi jahon urushi davridagi Chanoqqal’a jangi, Gallipoli yoki Dardanel operatsiyasi bilan bog‘liq maskanlar bugun tarixiy xotira joylari sifatida ziyorat qilinadi. Hududdagi suv osti yo‘nalishlarida esa urush davridan qolgan kema qoldiqlarini ko‘rish mumkin.

Mintaqa tabiati ham rang-barang. Ida tog‘i yam-yashil yonbag‘irlari, Assos musaffo suvlari, Bozjaada va Go‘kchaada orollari o‘ziga xos muhiti bilan sayyohlarni jalb qiladi.

Troya: sivilizatsiya qatlamlari

Troya qadimiy tarixning turli davrlarini o‘zida jamlagan yodgorlik sifatida e’tiborga molik. Troya, avvalo, Gomerning “Iliada” dostoni bilan bog‘liq qadimiy shahar sifatida tanilgan. Troya urushi haqidagi rivoyatlar ushbu maskanning dunyo madaniy xotirasida mustahkam o‘rin egallashiga sabab bo‘lgan. Biroq arxeologik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Troya afsonalardan ancha avval ham turli madaniyatlar yashagan muhim manzil bo‘lgan. UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ushbu yodgorlik Ilk bronza davridan Sharqiy Rim davrigacha bo‘lgan qariyb 5 ming yillik uzluksiz hayot tarixini aks ettiradi. Bugungi tadqiqotlarda bu yerda o‘nta alohida madaniy qatlam aniqlangan.

Troyaga kiraverishda ulkan yog‘och Troya oti o‘rnatilgan. Ushbu ramziy yodgorlik qadimiy shahar haqidagi afsonaviy tasavvurlarni eslatib turadi. Troya Rim imperiyasining kelib chiqishi bilan bog‘liq rivoyatlarda ham muhim o‘rin tutadi. Vergiliyning “Eneyida” dostonida bayon etilishicha, shahzoda Eney Troya qulaganidan so‘ng “Yangi Troya”ni topish maqsadida safarga chiqqan. Bugungi kunda “Eney yo‘li” deb ataladigan va Yevropa Kengashi tomonidan Madaniy yo‘nalish sifatida e’tirof etilgan marshrut aynan shu rivoyat bilan bog‘lanadi. Rivoyatga ko‘ra, Eney oxir-oqibat Latium sohillariga yetib borgan va keyinchalik uning avlodlari miloddan avvalgi 753-yilda Rim shahriga asos solgan.

Bugungi kunda qadimiy shahar hududida Bronza davriga oid mudofaa devorlaridan tortib, Rim davriga mansub Odeon va Bulevterion qoldiqlarigacha bo‘lgan ko‘plab tarixiy izlarni ko‘rish mumkin. Bu yodgorliklar Troyaning turli davrlarga oid madaniy qatlamlarini namoyon etadi.

Troya bilan tanishuv faqat qadimiy shahar hududi bilan cheklanmaydi. Yodgorlikka kiraverishda joylashgan Troya muzeyida bu yerda olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida topilgan ashyolar namoyish etiladi. Muzey ekspozitsiyasi Troyaning ko‘p qatlamli tarixini zamonaviy talqin asosida yoritib, qadimiy shahar o‘tmishini bugungi tomoshabin bilan bog‘laydigan muhim madaniy makon vazifasini bajaradi.

Share:

Related News

Troya — qadimiy meros va afsonalar maskani | Effect.uz