Jinoyat ishlari boʻyicha Boʻka tuman sudida 2025-yil sentyabr oyida Bekobod, Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Piskent va Quyichirchiq tumanlarida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanishi bilan bogʻliq jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu ish boʻyicha 11 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “b” bandi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarish yoki oʻtkazish) hamda 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariya qonunchiligini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ayblanmoqda.
Sudlanuvchilardan 10 nafariga “qamoqqa olish”, 1 nafariga esa “uy qamogʻi” tarzida ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Maʼlumot uchun, 2025-yil 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqoʻrgʻon tumanlaridagi bir qator maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning zaharlanish holatlari aniqlangan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan autsorsing xizmati koʻrsatuvchi bir nechta xususiy korxonalar masʼullariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Tergov jarayonini toʻliq va sifatli oʻtkazish maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratiga olingan va Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B. Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgan.
Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan hamda zarur tashxis va davolash ishlari tashkil etilgan.
Maʼlum qilinishicha, tibbiy yordam koʻrsatilgan bolalar orasida ogʻir va oʻta ogʻir holatdagi bemorlar mavjud emas, vaziyat shifokorlar nazoratida.
Shuningdek, bunday holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga autsorsing asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish holati yuzasidan oʻrganish olib borilgan.
Ayni paytda ushbu ish doirasida bir nechta autsorsing kompaniyalari masʼul shaxslariga nisbatan jinoyat ishi Boʻka tuman sudida koʻrib chiqilmoqda.
R. O. (erkak, 1985-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ direktori),
S. S. (erkak, 1985-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ taʼsischisi va sotuv boʻlimi menejeri),
F. O. (erkak, 1990-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ taʼsischisi va direktori oʻrinbosari),
A. S. (erkak, 1987-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ bosh texnologi),
R. X. (erkak, 1982-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi),
M. N. (erkak, 1991-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi yordamchisi),
J. X. (erkak, 1993-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan, “Governess Business” MCHJ direktori),
F. D. (erkak, 1993-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Kinder Garden Group” MCHJ direktori),
I. S. (erkak, 2000-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan, “Innavation Outsourcing Servise” MCHJ direktori),
B. R. (erkak, 1992-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan, “Nishon invest” MCHJ direktori),
D. Q. (ayol, 1997-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, “Shark Milk Product” MCHJ laboranti).



