⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Sudlar faoliyatida ochiqlik va adolat tamoyili

Administrator4 h ago25 views
Sudlar faoliyatida ochiqlik va adolat tamoyili

Fargʻona viloyati Rishton tumanlararo sudlarida EFFECT UZ Axborot agentligi jurnalistlari bilan birgalikda sudlar faoliyatiga doir “Ochiq eshiklar kuni” boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldik.

Xususan, davlat rahbari tomonidan sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar, jumladan, “Odil sudlov — 2030” strategiyasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Soʻnggi yillarda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish hamda odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari taʼkidlaganidek, “Kundalik hayotiy muammolarni hal etuvchi, odamlarning ishi koʻproq tushadigan sudlar — fuqarolik ishlari boʻyicha sudlardir”.

Aynan shu maqsadda Rishton tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudida koʻrib chiqilgan sud jarayonlarida ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita ishtirok etdi.

Tadbirkorning buzilgan huquqi tiklandi

Shunday ishlardan biri — Oliariqlik xususiy tadbirkorning oʻzboshimchalik bilan egallangan qurilmani koʻchirish bilan bogʻliq, “MASHXURBEK FAYZ” MCHJga nisbatan bergan daʼvo arizasi boʻyicha fuqarolik ishi sudda koʻrib chiqilishi boʻldi.

Sud jarayonida tadbirkor hududiga javobgar tomonidan elektr tarmoqlarini tortish uchun oʻrnatilgan ustunlar uning investitsiya jalb qilish orqali amalga oshirmoqchi boʻlgan loyihasiga toʻsqinlik qilayotganini maʼlum qildi.

Rishton tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudi sudyasi Ibrohimova Muhabbat Malikovna raisligida oʻtkazilgan sud majlisida daʼvogar va javobgar tomonlarning koʻrsatuvlari har tomonlama tinglandi.

Ish holatlarini toʻliq va xolisona oʻrganish maqsadida tadbirkorning xususiy mulki joyiga chiqib ham oʻrganildi.

Sud tomonidan ish boʻyicha barcha holatlar atroflicha oʻrganilib, Oliariqlik xususiy tadbirkorning daʼvo talabi qisman qanoatlantirildi.

Eʼtiborli jihati, birinchi instansiya sudining qarori hali qonuniy kuchga kirmagan boʻlsada, javobgar tomonidan daʼvo talablarini bajarishga kirishilgani tadbirkorning investitsiya jalb qilish orqali amalga oshirmoqchi boʻlgan loyihasini tezroq boshlashiga imkoniyat yaratadi.

Tadbirkorning oʻzi ham sud jarayonidan mamnunligini bildirib, “Adolatli sud boʻldi”, deya oʻz munosabatini bildirdi.

Boquvchisini yoʻqotgan oila masalasi sudda koʻrib chiqildi

Aynan shu kuni mazkur sudya raisligida yana bir fuqarolik ishi koʻrib chiqildi.

Unda marhumning turmush oʻrtogʻi, daʼvogar Imomova Yursinoy Mamatyusupovnaning javobgar — “Bagʻdod tumani yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi”dan boquvchisini yoʻqotganligi sababli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi koʻrib chiqildi.

Ish hujjatlariga koʻra, daʼvogarning turmush oʻrtogʻi 2024-yil fevral oyida yoʻl xizmatida faoliyat yuritish vaqtida vafot etgan. Unga nisbatan 59 million soʻm miqdorida kompensatsiya ajratilgan boʻlib, uning bir qismi toʻlangan, biroq 28 million 750 ming soʻm qismi toʻlanmay qolgan.

Shu munosabat bilan daʼvogar sudga murojaat qilib, toʻlanmay qolgan mablagʻni javobgardan undirishni soʻragan.

Sud majlisida javobgar tomonning ham koʻrsatuvlari tinglandi. Javobgar tomon korxonaning hisob raqamiga ish faoliyatiga aloqador boʻlmagan boshqa holatlar yuzasidan taqiq qoʻyilgani sababli yetkazilgan zararning qolgan qismini toʻlash imkoniyati mavjud emasligini bildirdi.

Sudda taraflarning koʻrsatuvlari tinglanib, ish boʻyicha hal qiluv qarori oʻqib eshittirildi. Sud qarori yuzasidan taraflar ham oʻz munosabatlarini bildirdi.

Oilaviy nizolarda nafaqat qonun, balki inson taqdiri ham eʼtiborda

Rishton tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudi sudyasi Ibrohimova Muhabbat Malikovadan alohida intervyu olishga ham muvaffaq boʻldik.

Suhbat davomida bugungi kunda fuqarolik sudlarida koʻrilayotgan eng ogʻriqli masalalar, xususan, oilaviy nizolar va ularning kelib chiqish sabablari haqida fikrlar bildirildi.

Shu munosabat bilan oilaviy munosabatlarga aloqador yana bir sud jarayonini ham kuzatdik.

Rishton tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudi sudyasi Toʻychiyev raisligida aliment undirish haqidagi ochiq sud majlisi boʻlib oʻtdi.

Qizigʻi shundaki, daʼvogar va javobgar hozirda ham nikoh munosabatlarida boʻlib, ular rasman ajrashmagan. Daʼvogar farzandi taʼminoti uchun javobgardan har oy 2 million soʻm miqdorida aliment undirishni soʻrab sudga murojaat qilgan.

Javobgar tomon esa qoʻriqlash tizimida ishlashini, farzandi uchun aliment toʻlashdan bosh tortmasligini, biroq daʼvogar talab qilayotgan miqdor yuqori ekanini bildirib, amaldagi qonunchilik asosida aliment miqdorini belgilab, qonuniy qaror qabul qilishni soʻradi.

Raislik etuvchi sudya ishdagi barcha holatlarni oʻrganib chiqib, daʼvogarning talabini qisman qanoatlantirdi.

Sud jarayonida taraflarga oilaviy munosabatlar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi. Xususan, oilaning muqaddasligi, oʻrtada farzand borligi va oilani saqlab qolish muhim ekaniga alohida urgʻu berildi.

Maʼmuriy ish: 10 sutka maʼmuriy qamoq

Jamiyat va oilaga putur yetkazadigan illatlardan biri — spirtli ichimliklarni isteʼmol qilishdir. Bu nafaqat oila muhitiga, balki oʻsib kelayotgan avlod tarbiyasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Aynan shu illat bilan bogʻliq nizo yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid sud jarayonida ham ishtirok etdik.

Mazkur ish Jinoyat ishlari boʻyicha Rishton tumani sudi tergov sudyasi Mamatusmonov raisligida koʻrib chiqildi.

Sud jarayonida ishga aloqador barcha taraflarning koʻrsatuvlari tinglandi. Xususan, profilaktika inspektori Xaydarov Dilmurod sudga taqdim etilgan bildirgi yuzasidan oʻz koʻrsatuvlarini bayon qildi.

Raislik etuvchi sudya ishga oid barcha holatlarni oʻrganib chiqib, huquqbuzarga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinladi.

Ochiqlik — jamiyat ishonchining muhim omili

Ochiq sud jarayonlarida ishtirok etish, sudyalar bilan muloqot qilish va fuqarolarning sud orqali oʻz huquqlarini himoya qilish jarayonlarini bevosita kuzatish biz, jurnalistlar uchun ham muhim tajriba boʻldi.

Shu oʻrinda sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud jarayonlarida ishtirok etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar alohida eʼtirofga loyiq.

Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ish olib borishda yaqindan yordam bergan Fargʻona viloyati sudi matbuot rahbari Meliboyev Alibekka oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Bugungi kunda sudlar faoliyatining ochiq va shaffof boʻlishi, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatining kengayib borayotgani jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Eng muhimi, sud eshiklarining ochiqligi fuqaroga oʻz huquqini bilish, uni qonuniy yoʻl bilan himoya qilish va adolat qaror topishiga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.

Shu munosabat bilan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odil sudlovni taʼminlash hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini qaror toptirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar uchun sud tizimi xodimlariga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Zero, ochiq sud — fuqaroning sudga, sud esa adolatga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.

Share:

Related News

Sudlar faoliyatida ochiqlik va adolat tamoyili | Effect.uz