⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Shvetsiya elchisi Islom sivilizatsiyasi markazida: uch ming yillik tarix katta taassurot qoldirdi

Administrator3 h ago6 views
Shvetsiya elchisi Islom sivilizatsiyasi markazida: uch ming yillik tarix katta taassurot qoldirdi

Shvetsiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tomas Danestad boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda tarix, zamonaviy texnologiyalar va maʼrifiy yondashuv uygʻunligini yuqori baholadi.

Markaz ekspozitsiyalari orqali Oʻzbekiston hududida shakllangan uch ming yillik tarix, turli madaniy taʼsirlar va sivilizatsiyalar muloqoti izchil hamda taʼsirchan tarzda ochib berilganini alohida eʼtirof etildi.

Mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu yirik ilmiy-maʼrifiy loyiha mamlakatning boy tarixiy merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy shaklda targʻib etish va xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladilar.

Ayniqsa, asl artefaktlar, multimedia yechimlar va yoshlar uchun yaratilgan interaktiv imkoniyatlar hamda merosni zamonaviy usulda taqdim etish tajribasi delegatsiya vakillarida katta qiziqish uygʻotdi.

Tashrifda Shvetsiyaning savdo-iqtisodiy sohalari vakillari ham ishtirok etgani eʼtiborga molik. Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari orqali Oʻzbekistonning nafaqat boy tarixiy merosi, balki xalqaro hamkorlik, ochiqlik va madaniyatlararo muloqotga boʻlgan intilishi ham yaqqol namoyon boʻlayotganini qayd etdilar.

Shvetsiya Milliy savdo kengashi vakili Kristofer Berri Markaz haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, shunday dedi:

“Markazga tashrif biz uchun juda qiziqarli va mazmunli boʻldi. Bu yerda Oʻzbekistonning uzoq tarixi, turli madaniy taʼsirlar va mamlakatning dunyoga ochiqligi taʼsirchan tarzda namoyon etilgan. Ayniqsa, yoshlar uchun yaratilgan interaktiv imkoniyatlar, texnologiyalardan samarali foydalanilgani va merosni zamonaviy usulda taqdim etish yondashuvi menda katta taassurot qoldirdi”.

Delegatsiya vakillari bunday ilmiy-maʼrifiy markazlar xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy muloqotni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Share:

Related News

Shvetsiya elchisi Islom sivilizatsiyasi markazida: uch ming yillik tarix katta taassurot qoldirdi | Effect.uz