Suratdagi shaxs Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning imzosini qalbakilashtirish, yirik miqdorda firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgani sababli Interpol qidiruviga berilgani aytilmoqda.
Ayni paytda, daʼvoga koʻra, u xalqaro qidiruvda boʻlgan davrida boshqa bir xorijlik investorga tegishli, qariyb 200 milliard soʻmlik aktivlarga ega jamiyatdagi 50 foizlik ulushni goʻyoki sotib olgani haqida qalbaki shartnoma rasmiylashtirgan. Keyinchalik ushbu ulush oʻz nomiga rasmiylashtirib olingani aytilmoqda.

Xorijlik investor bu holatdan norozi boʻlib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Biroq Shayxontohur tumani IIB tomonidan shikoyat muallifi chaqirilgani, u kelmagani va shu sababli jinoyat tarkibi aniqlanmagani haqida qaror qabul qilingan.
Investor vakili mazkur qarordan norozi boʻlib, Toshkent shahar prokurori A.Oʻrmonov hamda Toshkent shahar IIBB boshligʻining oʻrinbosari D.Mirsodiqov qabulida boʻlgan.
Vakilning aytishicha, u yerda holat boʻyicha firibgarlik alomatlari mavjudligini koʻrsatuvchi dalillar taqdim etilgan. Shundan soʻng avvalgi qaror bekor qilingan.
Biroq vakilning taʼkidlashicha, qaror bekor qilinganiga bir haftaga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsada, hozirga qadar jinoyat ishi qoʻzgʻatilmagan.
Masʼul idoralardan holatni nazoratga olib, investorning murojaatiga qonuniy baho berish soʻralmoqda.
Eslatma: yuqoridagi materialda shaxsga nisbatan keltirilgan ayblovlar manbada bayon qilingan holatlar sifatida berildi. Sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mavjud boʻlmasa, shaxsni aybdor deb qatʼiy ifoda qilishdan saqlanish lozim.




