⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Politics

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro mehmonlarda katta taassurot qoldirdi

Administrator5 h ago12 views
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro mehmonlarda katta taassurot qoldirdi

Yuqori martabali mehmonlar Markaz faoliyati, ekspozitsiyalar mazmuni hamda zamonaviy taqdimot usullari bilan yaqindan tanishdi.

Sakkiz yuzdan ortiq ilmiy loyiha asosida shakllangan ushbu noyob maskan bugungi kunda Oʻzbekistonning qariyb 3000-yillik tarixini yagona konsepsiya asosida namoyish etmoqda. Tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirgan Markaz nafaqat muzey, balki ilmiy-maʼrifiy platforma sifatida ham eʼtirof etilmoqda.

Taʼkidlash joizki, delegatsiya aʼzolarida eng katta taassurot qoldirgan boʻlimlardan biri Islomdan avvalgi davrga bagʻishlangan ekspozitsiya boʻldi. Ayniqsa, Buyuk ipak yoʻlining interaktiv xaritasi mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Miloddan avvalgi II asrda shakllangan va qariyb 18 asr davomida Sharq hamda Gʻarbni bogʻlab turgan ushbu savdo yoʻli Markazda zamonaviy vizual texnologiyalar orqali jonli tarzda aks ettirilgan.

Shuningdek, Dalvarzintepa hududidan topilgan noyob shaxmat donalari ham delegatsiya eʼtibor markazida boʻldi. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra, mazkur topilmalar Hindistonda aniqlangan shaxmat donalaridan toʻrt asr oldin yaratilgan boʻlib, bu holat Oʻzbekiston hududi shaxmatning eng qadimiy markazlaridan biri boʻlganini tasdiqlaydi.

Mehmonlar, shuningdek, Birinchi Renessans davriga bagʻishlangan boʻlimda Markaziy Osiyo ilm-fani tarixining yirik namoyandalari merosi bilan tanishdilar. Ular orasida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy va Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar alohida oʻrin egallaydi. Ayniqsa, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining XIV asrga oid ibroniy tilidagi tarjimasi (faksimile nashri) hamda “Kitob ash-shifo”ning 1494-yilda Hirotda koʻchirilgan noyob nusxasiga katta qiziqish bildirildi.

Kshishtof Gavkovskiy, Polsha Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari:

«Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi madaniyat va tarix uygʻunlashgan noyob maskan. Ushbu majmua butun insoniyatning boy tarixiy merosiga xizmat qilmoqda.

Markaz tashrif buyuruvchilarni taʼlim, tarix va interaktiv tajribalar orqali ilhomlantiradi. Bu yerda inson faqat eksponatlarni tomosha qilib qolmaydi ularni chuqur his etadi, madaniyatni bevosita boshdan kechiradi.

Eng eʼtiborlisi shundaki, tashrif buyuruvchilar artefaktlarni oddiy kuzatuvchi sifatida emas, balki zamonaviy texnologiyalar yordamida ularni oʻrganadigan va hatto ayrimlarini bevosita his qiladigan faol ishtirokchiga aylanadi.

Bu maskan oʻzining betakrorligi va goʻzalligi bilan dunyoda alohida oʻrin tutadi. Tarixga qiziqqan har bir inson Oʻzbekistonga, ayniqsa Toshkentga kelib, ushbu markazda Islom sivilizatsiyasining yuragini his etishi lozim.

Bu haqiqatan ham oʻziga xos va noyob maskan — u oʻz nuri bilan butun dunyoni yoritadi. Bilim, madaniyat va tarixni chuqur anglashga intilgan har bir inson bu yerga kelib, haqiqiy tarixni his etadi. Bu maskanda Islom sivilizatsiyasining ruhi har bir nuqtada sezilib turadi. Men, albatta, bu yerga yana qaytaman.»

Oʻzbekiston oʻzining boy tarixiy merosi va zamonaviy taraqqiyotini uygʻunlashtirgan holda xalqaro miqyosda tobora katta eʼtibor qozonib bormoqda. Shu maʼnoda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning ilmiy-maʼrifiy salohiyatini namoyon etuvchi eng muhim markazlardan biri hisoblanadi.

Share:

Related News

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro mehmonlarda katta taassurot qoldirdi | Effect.uz