⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Society

Oʻzbekistonda jinsiy jinoyatlar tergovi prokuraturaga oʻtishi mumkin

Administrator14 h ago18 views
Oʻzbekistonda jinsiy jinoyatlar tergovi prokuraturaga oʻtishi mumkin

Oʻzbekistonda jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni tergov qilish tizimini isloh qilish koʻzda tutilmoqda. Deputatlar bunday jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuraturaga oʻtkazishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi.

Majlisda soʻzga chiqqan bosh prokuror birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik, ayniqsa jinsiy zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlar soni yuqoriligicha qolayotganini taʼkidladi. Uning maʼlum qilishicha, 2025-yilda 221 nafar ayolga zoʻravonlik, 227 nafar 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan shahvoniy harakatlar va jinsiy jinoyatlar sodir etilgan.

Shu bilan birga, amaliyotda jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni tergov qilish jarayonida qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, ayrim holatlarda qonun normalarining notoʻgʻri qoʻllanishi hamda jabrlanuvchilar huquqlarining toʻliq taʼminlanmasligi kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida jinsiy erkinlikka, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlariga oʻtkazish taklif etilmoqda. Shuningdek, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish yoʻnalishida prokuratura organlarining vakolatlarini kengaytirish, ularga bunday jinoyatlarni aniqlash, dastlabki tergovni olib borish va jazoni ijro etish ustidan nazoratni kuchaytirish vazifalari yuklatilishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan, ayniqsa inson oʻlimiga olib kelgan jinoyatlarni tergov qilish amaliyotini takomillashtirish ham rejalashtirilmoqda.

Qonun loyihasida jazoni oʻtash tartibini qatʼiylashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalari bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat sodir etgan shaxslarni manzil-koloniyalarga oʻtkazmaslik tartibi joriy etilishi nazarda tutilmoqda.

Taʼkidlanishicha, mazkur oʻzgartirishlar ayollar va bolalar huquqlarini yanada kuchli himoya qilish, jinsiy zoʻravonlik jinoyatlarini fosh etish va tergov sifatini oshirish, shuningdek jazoning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Share:

Related News

Oʻzbekistonda jinsiy jinoyatlar tergovi prokuraturaga oʻtishi mumkin | Effect.uz