Oʻzbekistonda davlat aktivlarini realizatsiya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilib, investorlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratilmoqda va xususiy sektorning imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-177-son Farmoniga muvofiq, xususiylashtirish dasturi doirasida 84 ta xoʻjalik jamiyatidagi davlat ulushlari, 1 242 ta koʻchmas mulk obyekti hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer uchastkalari savdoga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, davlat ishtirokidagi 85 ta korxona tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi.
Bundan tashqari, ilgari sotilmagan 84 ta aktiv boshlangʻich narxi 1 million soʻm etib belgilanib, qayta auksionga chiqariladi.
Savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati 100 trillion soʻmni tashkil etadi. Ularni realizatsiya qilishdan yil yakuniga qadar kamida 14 trillion soʻm tushum olish kutilmoqda.
Farmon bilan tadbirkorlarning takliflari asosida davlat aktivlarini realizatsiya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilib, ularni xarid qilish yanada qulaylashtiriladi.
Xususan, aktivni xarid qilishda avans toʻlovi 15 foiz etib belgilanadi (avval 35 foiz edi), qolgan miqdorni esa foiz hisoblanmagan holda bosqichma-bosqich toʻlash mumkin boʻladi (avval oʻrtacha 14 foiz ustama qoʻllanilgan).
Yirik bitimlar uchun qoʻshimcha toʻlov shartlari ham belgilanadi:
aktiv qiymatini olti oy ichida toʻliq toʻlagan xaridorlarga 25 foiz miqdorida chegirma taqdim etiladi (avvalgi tartibga koʻra, toʻlov bir oy ichida toʻliq amalga oshirilganda 14 foiz chegirma berilgan);
aktiv qiymatining 35 foizini uch oy ichida toʻlash sharti bilan qolgan miqdorni 5-yilgacha, 50 foizini olti oy ichida toʻlash sharti bilan esa 7-yilgacha foiz hisoblanmagan holda boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi.
Savdolarning samaradorligini oshirish maqsadida aktivlarni sotishning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Agar aktiv uch oy davomida sotilmasa, narxni bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qoʻllaniladi.
Ayrim hollarda “gibrid auksion” mexanizmi ham qoʻllanilishi mumkin boʻlib, u savdo jarayonida narxni pasaytirish va keyinchalik oshirish mexanizmlarini birlashtirish imkonini beradi.
Eng muhimi, ushbu yangi mexanizmlar va imtiyozlar davlat ishtirokidagi tijorat banklari balansidagi aktivlarni realizatsiya qilishda ham qoʻllanilishi mumkin.
Qabul qilingan hujjatda yer uchastkalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Yer uchastkalarini “tayyor paket” tamoyili asosida sotish mexanizmi joriy etilib, bunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishning texnik shartlari va zarur ruxsat beruvchi hujjatlar oldindan tayyorlanadi.
Shu bilan birga, yirik davlat oliy taʼlim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish hamda xususiy investorlar va moliyaviy vositalarni jalb etish imkoniyatlari yaratiladi.
Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish davlatning iqtisodiyotning raqobatli tarmoqlaridagi ishtirokini yanada qisqartirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va davlat aktivlaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Axborot xizmati




