⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Politics

Oliy sud delegatsiyasi hayratda: Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoni lol qoldirmoqda

Administrator6 h ago8 views
Oliy sud delegatsiyasi hayratda: Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoni lol qoldirmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi delegatsiya Prezident Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlar Markaz muzeyida uch ming yillik tarix va sivilizatsiyalar bilan tanishar ekan, ekspozitsiyalardagi noodatiy yondashuvlardan katta taassurot olishdi.

Oliy sudi raisi boshchiligidagi delegatsiyada Markazda tashkil etilgan “Buyuk siymolar galereyasi”da yaqin kunlarda tavalludining 690-yilligi nishonlanadigan sohibqiron Amir Temurning mozaikada ifodalangan siymosi alohida qiziqish uygʻotdi. Uning 35 yoshida markazlashgan davlat barpo etgani, temuriylar saltanatiga asos solgani va Ikkinchi Renessansga zamin yaratgani haqidagi tarixiy haqiqatlar haqida yanada kengroq maʼlumotlar berildi.

Islomdan avvalgi davrga bagʻishlangan ekspozitsiyalarda 250 metrlik “Sivilizatsiya va kashfiyotlar devori”dan oʻrin olgan barelyeflar, miniatyuralar va mahobatli rangtasvir asarlari orqali 3000-yillik davlatchilik tarixi taʼsirchan tarzda namoyish etilgani delegatsiya tomonidan yuqori baholandi. Ayniqsa, Surxondaryodagi Dalvarzintepa hududidan topilgan va Hindistondagi shaxmat donalaridan 4 asr oldin yaratilgan noyob shaxmat donalari mehmonlarda katta hayrat uygʻotdi.

Shuningdek, Londondagi nufuzli auksionlardan olib kelingan 500 dan ortiq artefaktlar, jumladan, Sugʻd liboslari va matolari kolleksiyasi katta qiziqish bilan koʻzdan kechirildi. Ushbu liboslarni sunʼiy intellekt orqali virtual tarzda “kiyib koʻrish” imkoniyati esa delegatsiya uchun zamonaviy va oʻziga xos yangilik boʻldi.

Baxtiyor Islomov, Oliy sud raisi:

– Biz markazdan juda katta taassurotlar oldik. Bu yerda misli koʻrilmagan ish amalga oshirilgan. Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi asosida bunyod etilgani bu maskanning ahamiyatini yanada oshiradi. Bu yerda butun tariximiz va davlatchiligimiz mujassam boʻlib, menimcha, u kelajakda ham butun dunyo uchun muhim meros boʻlib qoladi. Bu majmua hatto Ginness rekordlar kitobiga kiritilishiga munosib. Agar shunday darajadagi loyihalar tanlanadigan boʻlsa, men aynan shu markazni birinchi boʻlib tavsiya qilgan boʻlardim.

Birinchi Renessans davri boʻlimida saljuqiylar davriga oid ikki boshli burgut tasviri tushirilgan tugʻroning tarixi va ahamiyati alohida eʼtiborga sazovor boʻldi. Shuningdek, VIII–XII asrlarda yuz bergan, islom sivilizatsiyasi doirasida ilm-fan, madaniyat va maʼrifatning ulkan yuksalish bosqichi hisoblangan, tarixda “Islomning oltin asri” sifatida ham mashhur boʻlgan ushbu davr ekspozitsiyasida 7 ta kapsula jamlangani va ularning birinchisida Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning jahon hukmdorlariga yuborgan maktublari, Kaʼba surati va ilhomli duolar bitilgan kashtalar haqidagi maʼlumotlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Alisher Usmanov, Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari:

– Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi arafasidayoq bu maskanga katta qiziqish bilan qarab, qachon ishga tushishini kutib yurardik. Bugun esa markaz faoliyati va undagi eksponatlar bilan tanishdik.

Ochigʻini aytsam, koʻrganlarim menda juda katta taassurot qoldirdi. Tariximizning naqadar qadimiyligi, xalqimizning buyukligi bu yerda juda yorqin namoyon etilgan. Ayniqsa, ajdodlarimiz — Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk siymolarning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini yana bir bor chuqur his qildim. Shu bois oʻzbek xalqining vakili ekanimdan chin dildan faxrlanaman.

Bu markazda uch Renessans davri izchil va aniq dalillar asosida koʻrsatib berilgani alohida ahamiyatga ega. Har bir eksponat, har bir boʻlim xalqimizning buyuk tarixidan darak beradi.

Menimcha, har bir fuqaro bu yerga albatta kelib koʻrishi kerak. Oʻzim ham farzandlarim va nabiralarim bilan yana tashrif buyurishni niyat qildim. Chunki tariximizni bilish va undan faxrlanish har birimiz uchun muhim.

Ushbu maskanni barpo etganlarga va bu yerda faoliyat yuritayotgan jamoaga katta rahmat. Bu markaz orqali xalqimizning boy tarixi va maʼnaviy merosi yanada yorqin namoyon boʻlmoqda.

Ikkinchi Renessans davri boʻlimida sohibqiron Amir Temur davriga oid diplomatik munosabatlar haqidagi ekspozitsiya ham alohida eʼtiborni tortdi. Xususan, buyuk sohibqiron Amir Temurga Fransiya qiroli Karl VI tomonidan yuborilgan maktublarda davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik, savdo va xavfsizlik masalalariga alohida urgʻu berilgani delegatsiyada katta qiziqish uygʻotdi.

“Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimida joylashgan “Davlatchilik ustunlari” kompozitsiyasi delegatsiya uchun yangi mazmun va falsafiy yondashuvni ochib berdi. Ushbu ansambl orqali qadimgi sivilizatsiyalardan tortib, mustaqil Oʻzbekistongacha boʻlgan davlatchilik taraqqiyoti izchil va ramziy tarzda namoyish etilgani alohida eʼtirof etildi.

Abduhalim Xolmaxmatov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud apparati rahbari:

– Albatta, shuni aytishim mumkinki, bu yerga kelgan har bir inson — nafaqat oʻzbekistonliklar, balki butun dunyo vakillari ham katta hayrat bilan chiqib ketadi. Bu maskan insonga chuqur oʻy beradi: ajdodlarimiz kim boʻlgan, biz aslida qanday buyuk tarix egasimiz — degan savollarga javob topadi. Natijada har bir tashrif buyuruvchi faxr tuygʻusi bilan bu yerdan chiqadi.

Shu bois davlatimiz rahbariga katta rahmat aytish kerak — tariximizni tiklab, ajdodlarimizning buyuk merosini shu darajada namoyon etib berganlari uchun.

Avval ayrim maʼlumotlarni qisman bilgan boʻlsak, bu yerga kelib toʻliq tasavvurga ega boʻldik. Bu haqiqatan ham bebaho boylik. Dunyo miqyosida qiyosi kam boʻlgan bunday markaz uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiramiz. Markazga tashrif adolat peshvolari uchun ana shunday mazmunli xulosalarga sabab boʻldi.

Share:

Related News

Oliy sud delegatsiyasi hayratda: Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoni lol qoldirmoqda | Effect.uz