⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Society

“Narpay Zamin Savdo” atrofidagi mojaro: ulushlar, sudlar va ochiq qolgan savollar...

Administrator2 h ago18 views

Jamiyat ulushlari taqsimoti, taʼsischilar tarkibi, direktor lavozimi va jinoyat ishlari bilan bogʻliq voqealar bugunga qadar qator savollarni kun tartibida qoldirmoqda.

“Matlubotsavdo” tugatilishi va yangi mulk munosabatlari…

2011-yil 30-martda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 94-sonli qarori qabul qilinib, “Matlubotsavdo” hududiy aksiyadorlik kompaniyalari tugatildi. Ularning savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa tashkilotlardagi ulushlarini xususiy mulk sifatida sotish belgilandi.

Shu qaror ijrosi doirasida 2011-yil 15-aprel kuni Samarqand viloyati “Taʼminotsavdo” assotsiatsiyasi taʼsischilari navbatdan tashqari umumiy yigʻilish oʻtkazdi. Yigʻilish qaroriga muvofiq, assotsiatsiyaning “Narpay Zamin Savdo” MCHJdagi 51 foizlik ulushi jamiyatning oʻziga berildi.

Oʻsha vaqtda jamiyat tarkibida 25 nafar taʼsischi boʻlgan. Ularning orasida Farogʻat Ochilova yoki uning oʻgʻli Ulugʻbek Ochilov ishtirok etmagan.

Ulushlarni qanday qoʻl almashtirdi?

Murojaat mualliflarining taʼkidlashicha, keyingi yillarda jamiyat taʼsischilarining ayrimlari turli usullar orqali jamiyat tarkibidan chiqarilgan va ularning ulushlari boshqa shaxslar tomonidan oʻzlashtirilgan.

Bu holatlar qonunchilik talablari nuqtayi nazaridan ham bahsli koʻrinadi. Chunki “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 20-moddasiga koʻra, jamiyat ishtirokchisi oʻz ulushini uchinchi shaxsga sotishdan oldin bu haqda boshqa ishtirokchilarni yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Murojaatga koʻra, mazkur holatlarda jamiyatning boshqa ishtirokchilariga bunday xabarlar berilmagan va ularning ulushni imtiyozli tarzda sotib olish huquqi buzilgan.

Jinoyat ishi: sud nima dedi?

2017-yilda Ulugʻbek Ochilovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Narpay tumani sudining 2017-yil 28-dekabrdagi hukmiga koʻra, u jamiyatga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganlikda aybdor deb topilgan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, u jamiyatning oʻsha vaqtdagi direktori A. Raxmonov bilan til biriktirib, aholiga arzon narxlarda tarqatilishi kerak boʻlgan un mahsulotlarini talon-taroj qilgan.

Muhr atrofidagi mojaro

Murojaatda aytilishicha, 2017-yil oktyabr oyida jamiyat muhri masalasida ham janjal sodir boʻlgan.

Daʼvoga koʻra, ayrim shaxslar doʻkonga kelib jamiyat muhrini talab qilgan va mojaro kelib chiqqan. Bu holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilingan.

Biroq murojaatga koʻra, ish boʻyicha toʻplangan hujjatlar yoʻqolgani sababli tergov oxiriga yetkazilmagan.

2019-yil: jamiyat rahbariyati oʻzgarishi

2019-yil fevral oyida jamiyat taʼsischilarining bir qismi ishtirokida umumiy yigʻilish oʻtkazilib, Farogʻat Ochilova jamiyat taʼsischilari safiga kiritilgan.

Shu yilning 16-mart kuni yana bir yigʻilish oʻtkazilib, u “Narpay Zamin Savdo” MCHJ direktori etib tayinlangan.

Biroq murojaatchilar ushbu yigʻilishlarda barcha taʼsischilar ishtirok etmaganini va ayrimlari bu haqda xabardor qilinmaganini taʼkidlamoqda.

Sud qarorlari va davlat roʻyxati

2025-yil 26-may kuni Samarqand tumanlararo sudi mazkur ish boʻyicha daʼvoni qanoatlantirdi.

Sud qaroriga koʻra, Narpay tumani davlat xizmatlari markazi tomonidan “Narpay Zamin Savdo” MCHJning nizomini qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazishdagi ayrim harakatlar qonunga xilof deb topildi.

Ushbu qaror ustidan berilgan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlari rad etildi va qaror qonuniy kuchga kirdi.

Viloyat adliya boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, axborot tizimida jamiyat nizomi 2018-yildagi holatiga qaytarilgan.

Yangi daʼvo

Shundan soʻng Ulugʻbek Ochilov sudga yangi daʼvo arizasi kiritdi.

Dastlab u jamiyat nizomini maʼlum bir sana holatiga qaytarish haqida talab qoʻygan.

Keyinchalik sud jarayoni davomida daʼvo predmeti oʻzgartirilgan va sud tomonidan yangi hal qiluv qarori qabul qilingan.

Ochiq qolgan savollar

“Narpay Zamin Savdo” MCHJ atrofidagi mojaro bir necha yildan beri turli idoralar va sud instansiyalarida koʻrib chiqilmoqda.

Biroq hali ham qator muhim savollar ochiq qolmoqda:

  • jamiyat ulushlari taqsimoti qonun talablariga muvofiq amalga oshirilganmi?

  • taʼsischilarning barchasi umumiy yigʻilishlar haqida xabardor qilinganmi?

  • davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlari qay darajada qonuniy boʻlgan?

Bu savollarga yakuniy huquqiy baho faqat sud va vakolatli davlat organlari tomonidan berilishi mumkin.

Effect.uz mazkur masala yuzasidan jurnalistik surishtiruvlarni davom ettiradi.

Share:

Related News

“Narpay Zamin Savdo” atrofidagi mojaro: ulushlar, sudlar va ochiq qolgan savollar... | Effect.uz