Mingbuloqda yuzlab fermerlarning hisoblari asossiz bloklandi. Tekshiruvdan soʻng masʼul xodimga jarima qoʻllandi.
Biznes-ombudsman devoni tomonidan fermer xoʻjaliklari faoliyatidagi muammolar oʻrganildi. Aniqlanishicha, Namangan viloyati Mingbuloq tumanida faoliyat yurituvchi qariyb 200 ga yaqin fermer xoʻjaliklarining bank hisobvaraqlari tuman soliq inspeksiyasi xodimi tomonidan asossiz ravishda toʻxtatib qoʻyilgan.
Maʼlum qilinishicha, qonunchilikka koʻra, bank operatsiyalarini toʻxtatish faqat soliq organi rahbari tomonidan va 10 kundan oshmagan muddatga amalga oshirilishi mumkin. Ushbu muddatdan ortiq cheklov esa faqat sud qarori bilan qoʻllaniladi.
Biroq tekshiruv davomida masʼul xodim tomonidan 197 ta holatda xoʻjalik subyektlari hisoblari asossiz bloklangani aniqlangan. Holat yuzasidan soliq xodimiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasi asosida BHMning 40 baravari miqdorida jarima qoʻllanildi. Qayd etilishicha, fermer xoʻjaliklari manfaatlarini himoya qilish Biznes-ombudsman tomonidan doimiy nazoratga olingan.




