⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Politics

Islom sivilizatsiyasi markazi yarim million mehmonni qabul qildi, yangi xalqaro loyihalar boshlanadi

Administrator3 h ago15 views
Islom sivilizatsiyasi markazi yarim million mehmonni qabul qildi, yangi xalqaro loyihalar boshlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, joriy yil 17-mart kuni rasman ish boshlagan markaz qisqa muddat ichida yirik ilmiy-maʼrifiy platformaga aylandi. 1-iyun holatiga koʻra, majmuaga yarim million nafar mahalliy va xorijiy mehmon tashrif buyurgan. Kunlik tashrif buyuruvchilar soni oʻrtacha 6 ming nafarga yetgan.

Shu davr mobaynida markaz 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 mingdan ziyod xorijiy mehmonni qabul qildi. Majmua tarkibida Bolalar muzeyi tashkil etilib, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham shu yerda joylashtirildi.

Ilmiy va innovatsion yoʻnalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda qariyb 2 ming nafar mahalliy va xorijiy olim ishtirok etdi. Markazda konferensiyalar, seminarlar va kitob taqdimotlari oʻtkazilib, ularga 5 mingdan ortiq ishtirokchi jalb qilindi.

Madaniy merosni tiklash borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Mingdan ortiq tarixiy artefakt Oʻzbekistonga qaytarildi. Markaz kutubxona fondi 3 mingdan ziyod noyob nashr bilan boyitildi, ularning 762 tasi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moʻljallangan.

Majmuada zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilib, robot-gidlar, multimedia va interaktiv qurilmalar tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatmoqda.

Shuningdek, markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.

Taqdimotda markaz faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, ilmiy jurnalni Scopus va Web of Science bazalariga kiritish, qoʻlyozmalarning raqamli katalogini yaratish hamda ilmiy markazlarning yagona platformasini shakllantirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, “Islom maʼrifati” stipendiyasini joriy etish, dunyoga mashhur olimlar ishtirokidagi taqdimotlar tashkil etish va 20 ming nafar yoshlarni markaz faoliyatiga jalb qilish koʻzda tutilgan.

Madaniy merosni qaytarish boʻyicha jahon auksionlari, muzeylar va xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan Oʻzbekistonga oid noyob eksponatlarni izlash va Vatanga qaytarishning doimiy mexanizmini yaratish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, Nyu-York, Jeneva va Parijdagi xalqaro maydonlarda maxsus taqdimotlar oʻtkazish, Islom sivilizatsiyasiga bagʻishlangan xalqaro forum tashkil etish hamda markaz taqdimotlarini 55 davlatda oʻtkazish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy yuksalishi va xalqimizning boy madaniy merosini dunyoga namoyish etuvchi muhim maskanga aylanishi zarurligini taʼkidlab, mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.

Share:

Related News

Islom sivilizatsiyasi markazi yarim million mehmonni qabul qildi, yangi xalqaro loyihalar boshlanadi | Effect.uz