Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon O‘zbekiston zaminiga tashrifi davomida ikki tomonlama aloqalar va mamlakatimizda so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
«Men Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi sifatida shuni ta’kidlashni istardimki, bizning mamlakatlarimiz va xalqlarimizni bir-biriga bog‘lab turuvchi umumiyliklar juda ko‘p. Eng avvalo, bizni boy va mushtarak tarix birlashtiradi. Bunga yorqin misol tariqasida Pokiston va Hindiston zaminida Boburiylar imperiyasiga asos solgan buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning aynan mana shu O‘zbekiston tuprog‘idan yetishib chiqqanini aytish mumkin», — dedi IHT rahbari.

Bosh kotib o‘z so‘zida O‘zbekistonning tashkilot doirasidagi roli strategik ahamiyatga ega ekanini va davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan g‘oyalar amaliy natija berayotganini e’tirof etdi.
«Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti uchun o‘ta muhim va tayanch a’zolardan biridir. Biz O‘zbekistonning, xususan, Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi yillarda ilgari surilayotgan keng ko‘lamli va samarali tashabbuslarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaymiz hamda olqishlaymiz. Mazkur tashabbuslar tashkilotimiz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, uni rivojlantirish va a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda», — deya xulosa qildi Asad Majid Xon.






