⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!⚠️ ATTENTION: The site is running in test mode!
Uzbekistan

Бухородаги «GOLD STROY LUX» иши: Қарийб 12 млрдлик зарар, ўнлаб жабрланувчилар ва давом этаётган суд

Administrator2 h ago42 views
Бухородаги «GOLD STROY LUX» иши: Қарийб 12 млрдлик зарар, ўнлаб жабрланувчилар ва давом этаётган суд

Buxorodagi “GOLD STROY LUX” MCHJ rahbari Ulugʻbek Mavlonovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha sud jarayoni davom etmoqda. Mazkur ish boʻyicha jabrlanuvchi deb eʼtirof etilgan bir guruh fuqarolar Effect.uzʻga murojaat yoʻllagan.

Tahririyat xodimlari 14-avgust kuni Buxoro shahar sudida sudya Jalol Avezov raisligida oʻtkazilgan navbatdagi sud majlisida ishtirok etdi. Eʼtiborlisi, sud jarayoni boshlanishidan avval Effect.uz jurnalistlari ochiq sud majlisiga kirishda toʻsqinlikka uchradi. Bu yoʻnalishda jurnalistlarga hatto Ichki ishlar xodimlari ham qarshilik koʻrsatgan.

Dastlab, sud yordamchisi OAV xodimlari va jabrlanuvchilarni ichkariga kiritishga sudya ruxsat bermayotganini taʼkidladi. Ammo sud zaliga kirilgach, sudya bunday topshiriq boʻlmaganini maʼlum qildi. Sud soat 14:00 ga belgilangan boʻlsa-da, 2,5 soatdan keyin boshlandi, jurnalist va fuqarolar protsessga kiritildi. Effect.uz mazkur holatga Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud alohida eʼtibor qaratishini soʻraydi. Sudya video yozib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani rad etib, faqat audio yozib olishga ruxsat bergan.

AYBLOV XULOSASIDAGI ZARAR: 12 MLRDGA YAQIN?

Ish materiallaridagi 127 betlik ayblov xulosasiga koʻra, jinoyat ishi fuqarolarning arizalari va ular asosida toʻplangan hujjatlar asosida qoʻzgʻatilgan.

Tergov versiyasida Ulugʻbek Mavlonov “GOLD STROY LUX” MCHJ rahbari sifatida fuqarolar bilan xonadon va savdo obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzib, mablagʻlarni olgani, ayrim holatlarda esa vaʼda qilingan obyektlarni xaridorlarga topshirmasdan, boshqa shaxslarga sotgani bayon etilgan. Ayblov xulosasiga koʻra, Mavlonov Ulugʻbek Barnoyevichga JKning 168, 228, 192 prim ¹¹ va 189-moddalari boʻyicha ayblovlar qoʻyilgan.

Ayblov xulosasida keltirilgan epizodlar orasida yuzlab million soʻmlik zarar bilan bogʻliq holatlar koʻp. Masalan, bir fuqaro bilan bogʻliq epizodda unga 1 mlrd 490 mln 500 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgani qayd etilgan. Unga savdo doʻkoni va xonadon boʻyicha shartnoma rasmiylashtirilgan, 290,5 mln soʻm naqd pul olingan, shuningdek, 200 mln soʻmlik qurilish materiallariga xarajat qildirilgan. Vaʼda qilingan obyektlar esa keyin boshqa shaxsga sotilgan.

Nosirov Sobir bilan bogʻliq epizodda jami 681 mln soʻm mablagʻ olingan. Unga 200 mln soʻm qaytarilgan boʻlsa-da, vaʼda qilingan obyektlar topshirilmagani sababli 481 mln soʻm zarar yetkazilgani qayd etilgan.

Mirzayeva Saodat bilan bogʻliq epizodda 90 kvadrat metr yertoʻlasi bilan birga savdo doʻkoni uchun 495 mln soʻm olingan. Obyekt Mirzayevaga berilmasdan, boshqa shaxsga sotilgani va natijada 495 mln soʻm zarar yetkazilgani koʻrsatilgan.

Shuningdek, Sobirova Sevara bilan bogʻliq epizodda 85 kvadrat metrlik savdo doʻkoni uchun 350 mln soʻmlik shartnoma rasmiylashtirilgani, 284 mln soʻm mablagʻ olingani va obyekt keyin boshqa shaxsga sotilgani qayd etilgan.

Murodova Mehriniso bilan bogʻliq epizodda esa 30 kvadrat metrlik savdo doʻkoni uchun 125 mln soʻm olingani koʻrsatilgan. U ham jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogar sifatida eʼtirof etilgan. Biroq ish faqat ushbu epizodlar bilan cheklanmaydi.

Ayblov xulosasiga koʻra, Mavlonov tomonidan jabrlanuvchilarga jami 11 mlrd 725 mln 162 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Shundan 2 mlrd soʻmi “Oʻzmilliybank” AJ Buxoro viloyat Bosh boshqarmasiga yetkazilgan zarar hisobidan qoplangan.

Eʼtiborlisi, jabrlanuvchilarning koʻp qismi pul emas, balki shartnoma boʻyicha uy va doʻkonlarni berishni talab qilmoqda. Ish hozir sudda koʻrib chiqilmoqda. Jabrlanuvchilarning mulkiy talablari ham sud jarayonida koʻrib chiqilib, yetkazilgan zararni undirish yoki shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish masalasiga sud tomonidan huquqiy baho beriladi.

Effect.uz mazkur ish boʻyicha sud jarayonlarini kuzatib, voqealar rivojini yoritib boradi. Navbatdagi sud majlisi 21-avgustga tayinlangan.

Behzodbek Rahmonov tayyorladi

Share:

Related News

Бухородаги «GOLD STROY LUX» иши: Қарийб 12 млрдлик зарар, ўнлаб жабрланувчилар ва давом этаётган суд | Effect.uz