So`ngi yangiliklar
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Saida Mirziyoyeva Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Konstitutsiya — farovon hayotimiz va taraqqiyotimiz kafolati
O‘zbekistonda sun’iy intellekt davri boshlanmoqda: sog‘liqni saqlashdan kosmosgacha keng ko‘lamli yangilanishlar
O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari yangi bosqichga chiqmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va kosmos sohalariga sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishib, mutasaddilarga ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi
1 dekabr kuni o‘tkazilgan taqdimotda mamlakatda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar tahlil qilindi. Oktyabr oyida qabul qilingan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon va “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror ushbu sohadagi islohotlar uchun huquqiy asos bo‘lmoqda.
Ushbu hujjatlar doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi va sun’iy intellektdan foydalanish uchun zarur hisoblash infratuzilmasi barpo etilmoqda. Xususan, AQSHning “Nvidia” kompaniyasi bilan hamkorlikda superkompyuter klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida sun’iy intellekt asosida 5 ta loyiha joriy etilib, insult va ko‘krak saratonini barvaqt aniqlash orqali diagnostikaga ketadigan vaqt 80 foizga qisqarmoqda. Bu esa hayot uchun xavfli holatlarni o‘z vaqtida aniqlash imkoniyatini oshirmoqda.
Prezident sun’iy intellektdan foydalanish mumkin bo‘lgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt hamda murakkab suyak sinishlarini aniqlashda tibbiy tasvirlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Ta’lim sohasida kelgusi o‘quv yildan maktab, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida o‘quvchi-talabalarga sun’iy intellekt asoslarini o‘rgatish boshlanadi. Buning uchun informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, butun maktab jamoasini sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatish va o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish vazifasi ham belgilab berildi.
Shuningdek, ilmiy asosda ishlovchi ta’lim platformasini yaratish taklif qilindi. Bunda o‘qituvchi uchun virtual yordamchi ishlab chiqilib, u dars rejalari, ma’ruzalar, testlar va taqdimotlarni tayyorlashda hamda imtihon jarayonlarini kuzatishda ko‘maklashadi.
Yig‘ilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari malakasini oshirish dasturi haqida ham axborot berildi.
Transport sohasida sun’iy intellekt yordamida yo‘l qoidalarini buzish holatlarini avtomatik aniqlash va vagonlarning texnik holatini monitoring qilish orqali temir yo‘llarda xavfsizlikni oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kosmik texnologiyalar yo‘nalishida “Samarqand–2028” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlari muhokama qilindi. Ushbu yo‘ldosh Yerni masofadan zondlashga mo‘ljallanib, sun’iy intellekt moduli orqali havo sifatini baholash, qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon maydonlarini monitoring qilishda qo‘llaniladi.
Taqdimot yakunida Prezident barcha mutasaddilarga sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada yanada keng joriy etish hamda bu boradagi ishlarning ijrosini tezlashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.