Qidirish

14:30 / 2025-11-29 356 0 Jamiyat

Avtotransportlar uchun ekologik stikerlar berish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda avtotransport vositalarining ekologik sinfiga qarab ularga maxsus “yashil”, “sariq” va “qizil” rangli ekologik stikerlar beriladi. Hukumatning 2025 yil 28 noyabrdagi 750-son qarori bilan bu jarayonni tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.

world-news

Hukumat qaroriga muvofiq, avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarning havoga ta’sirini baholash, ekologik toifalarni aniqlash va ekologik stikerlar berish tartibi belgilab qo‘yildi.

Nizomga ko‘ra, transport vositasining ekologik toifasi ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan ekologik sinf asosida belgilanadi.

Shu asosda transport vositalari quyidagi tartibda toifalanadi:

Benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchilar:

“Yevro-2” va undan yuqori — “toza” toifa

“Yevro-0” va “Yevro-1” — “o‘rta” toifa


Dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchilar:

“Yevro-4” va undan yuqori — “toza” toifa

“Yevro-3” — “o‘rta” toifa

“Yevro-0”, “Yevro-1”, “Yevro-2” — “zararli” toifa


Gibrid, muqobil yoqilg‘i turidagi hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan avtomobillar — “toza” toifa


Ro‘yxatga olish yoki qayta ro‘yxatga olish jarayonida transport vositasining toifasiga mos ravishda ekologik stikerlar Davlat YHXX bo‘linmalarida ekologik operatorlar tomonidan beriladi.

Transport egalari istagiga ko‘ra, ekologik stikerni ixtiyoriy ravishda olish uchun Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX xizmatiga rasmiy veb-sayt yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi mumkin.

Belgilangan talablarga javob berganda, transport vositasiga uning ekologik toifasiga mos stiker taqdim etiladi. Stikerlar muddatsiz amal qiladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish