So`ngi yangiliklar
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Saida Mirziyoyeva Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Konstitutsiya — farovon hayotimiz va taraqqiyotimiz kafolati
Atrof-muhitni himoya qilishning yangi davri: Ekologiya qoʻmitasi tuzildi
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–217-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish
1. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda – Ekologiya qoʻmitasi) tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
(g) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tizimidagi davlat inspektori maqomiga ega xodimlarga maxsus unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
(d) Ekopolitsiya xodimlarini 2025–2027-yillarda maxsus texnika va transport vositalari bilan taʼminlash boʻyicha dastur 5-ilovaga muvofiq;
(j) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni yanada kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ekologiya qoʻmitasining “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi” davlat muassasasi negizida “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Ekologiya qoʻmitasi oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanadi;
(b) Ekologiya qoʻmitasi oʻz faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi;
(v) qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar, bevosita Ekologiya qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;
(g) Ekologiya qoʻmitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
(d) Ekologiya qoʻmitasining joriy faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi rahbarlik qiladi;
(j) Ekologiya qoʻmitasi raisining 4 nafar oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy xizmat va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;
(z) Ekologiya qoʻmitasining mansabdor shaxslari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustama va qoʻshimcha toʻlovlar saqlanib qoladi;
(i) Ekologiya qoʻmitasida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni berish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi;
(k) davlat ekologik nazoratini amalga oshiradigan xodimlarning formali kiyim-bosh va farqlash belgilarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Ekologiya qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(l) Ekopolitsiya xodimlarini maxsus texnika va transport vositalari bilan taʼminlash Ekologiya qoʻmitasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(m) Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi:
(i) direktorlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
(ii) direktor oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
(n) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy boʻlinmalar) rahbarlari Ekologiya qoʻmitasi raisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(o) hududiy boʻlinmalar va tuman (shahar) boʻlimlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qoʻmitasi oldida hisobdor boʻladi;
(p) davlat organlari va tashkilotlari ekologik diplomatiya boʻlimlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini majburiy tartibda Ekologiya qoʻmitasi bilan oldindan kelishadi;
(r) Ekologiya qoʻmitasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va davlat oʻrmon xoʻjaliklari tuzilmalarini (namunaviy tuzilmalarini) tasdiqlash vakolati beriladi.
II. Sohani raqamlashtirish va ekologik ishlab chiqarishga oʻtish
4. Ekologiya qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Yagona ekologik onlayn platforma faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
5. Yagona ekologik onlayn platformaga qoʻyiladigan asosiy talablar 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari (keyingi oʻrinlarda – I va II toifadagi korxonalar) 2026-yil 1-martga qadar oʻz hududlarida fon monitoring stansiyalarini oʻrnatish va ularni Ekologiya qoʻmitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
7. 2026-yil 1-martdan boshlab belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini oʻrnatmagan va ularni Ekologiya qoʻmitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilmagan I va II toifadagi korxonalarga nisbatan kompensatsiya toʻlovlarini besh baravarga oshirilgan holda qoʻllash tartibi joriy etilsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) 2026-yil 1-martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bogʻliq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega koʻrsatmalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi;
(b) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va koʻchirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qatʼiy taqiqlanadi;
(v) Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina oʻqli, toʻr otuvchi) qoʻllash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar oʻrnatiladi;
(g) qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qoʻllash tartibiga Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.
9. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab, oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qoʻyish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qoʻyish boʻyicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi.
Bunda:
(a) fuqaro davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi;
(b) daraxt bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining 10 foizidan kam boʻlmagan qismi taqiq qoʻyishga rozilik bildirgan taqdirda, Ekologiya qoʻmitasi tomonidan ushbu maydonni olib qoʻyish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qoʻyiladi;
(v) Kadastr agentligi tegishli yer maydoni xususiy mulk hisoblanmasligi yoki boshqa yer toifasiga kirmasligini oʻrganib, ijobiy hollarda Ekologiya qoʻmitasi tomonidan ushbu maydonga qoʻyilgan taqiqni roʻyxatdan oʻtkazadi.
III. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqaruvini takomillashtirish
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) Ekologiya qoʻmitasi tizimidagi mavjud muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumdavlat ahamiyatiga ega muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (keyingi oʻrinlarda – tabiiy hududlar) hisoblanadi va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:
(i) tabiiy hududlar boshqaruvi va boʻysunuvi bevosita Ekologiya qoʻmitasida boʻladi;
(ii) yangi tabiiy hududlarni tashkil etish va mavjud tabiiy hududlar maydonini kengaytirish qonunosti hujjatlari bilan amalga oshirilishi mumkin;
(iii) tabiiy hududlarning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan amalga oshiriladi;
(b) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bogʻlari, buyurtma qoʻriqxonalari, kurort tabiiy hududlar va botanika bogʻlari tashkil etilishi mumkin va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:
(i) boshqaruvi va boʻysunuvi tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
(ii) ularning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2026-yil 1-noyabrga qadar 2 tadan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bogʻlarini tashkil etsin.
IV. Ekologiya sohasida moliyaviy barqarorlik
12. Ekologiya sohasidagi umummilliy loyihalar, ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida oʻtkaziladigan tadqiqotlar va amalga oshiriladigan loyihalar dasturlarini moliyalashtirish uchun Ekologiya qoʻmitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Maxsus jamgʻarma) tashkil etilsin va uning daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) 2025-yilda respublika budjetidan ajratiladigan 900 milliard soʻm;
(b) 2026-yilda respublika budjetidan 8-ilovaga muvofiq tadbirlar uchun maqsadli ajratiladigan 548 milliard soʻm;
(v) 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tasarruf etiladigan uglerod birliklari savdosi natijasida hosil boʻladigan mablagʻlarning 20 foizi;
(ii) atrof tabiiy muhitning ifloslantirilganligi va chiqindilarning joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishida aybdor boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslardan maʼmuriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar, moliyaviy sanksiyalar va pul mablagʻlaridan 9-ilovada belgilangan miqdorlardagi ajratmalar;
(iii) transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan toʻlanadigan utilizatsiya yigʻimining 10 foizi;
(g) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar uchun hamda kelgusida yangi joriy etiladigan utilizatsiya yigʻimlarining 100 foizi;
(ii) transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan toʻlanadigan utilizatsiya yigʻimining 90 foizi.
13. Belgilansinki, mazkur qarorning 12-bandida nazarda tutilgan utilizatsiya yigʻimlari boʻyicha daromadlar Davlat budjeti daromadlari tarkibida toʻliq aks ettirilgan holda Maxsus jamgʻarmaga oʻtkazib beriladi.
14. Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasining boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma kengashi) 10-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. Bunda:
(a) keyingi yillar uchun Maxsus jamgʻarma hisobidan aniq moliyaviy mablagʻlar koʻrsatilgan holda amalga oshiriladigan loyihalar dasturi oldindan har yilning noyabr oyida Jamgʻarma kengashida koʻrib chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boriladi;
(b) Jamgʻarma kengashi Maxsus jamgʻarmaga kelib tushgan mablagʻlardan ochiqlik va jamoatchilikka hisobdorlik tamoyillari asosida foydalanishni taʼminlaydi;
(v) Maxsus jamgʻarmaning daromadlarini shakllantirish va mablagʻlaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya rahbari tomonidan belgilanadi.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil yakuniga qadar 2025-yil uchun respublika budjetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda davlat qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha foiz toʻlovlari uchun xarajatlarda koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan Maxsus jamgʻarmaga 900 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda yuridik shaxslarning Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Yashil xayriya jamgʻarmasiga ajratiladigan ixtiyoriy xayriya tarzidagi mablagʻlari hamda yashil bogʻlarni barpo qilish va ularni parvarishlash tadbirlari uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarini foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha qonun loyihasini kiritsin.
17. Soliq qoʻmitasi Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda “Soliq” mobil ilovasi orqali jismoniy shaxslarga xarid summasining va respublika hududlari boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirganlik uchun xarajatlarning respublika budjetidan qaytariladigan qismini ixtiyoriy ravishda daraxt koʻchatlarini ekishga yoʻnaltirish imkoniyatini yaratsin.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
18. Ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev