So`ngi yangiliklar
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Saida Mirziyoyeva Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Konstitutsiya — farovon hayotimiz va taraqqiyotimiz kafolati
Oʻzbekistonda ekologiya boshqaruvi tubdan oʻzgaradi – Prezident yangi farmonga imzo chekdi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalarida belgilangan vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish, shuningdek, mazkur yoʻnalishdagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident farmoni imzolandi.
I. Boshqaruv tizimini takomillashtirish
1. Quyidagilar:
(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etilsin;
(b) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Ekologiya qoʻmitasi) tashkil etilsin.
2. Belgilansinki:
(a) Ekologiya qoʻmitasi qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, oʻrmonlarni koʻpaytirish, global iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va choʻllanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmasi tashkil etiladi;
(v) Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi oʻz faoliyatini Ekologiya qoʻmitasi huzurida davom ettiradi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qoʻmitasi 1-ilovaga muvofiq quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadi:
(a) chiqindilarni qayta ishlash va ular bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Chiqindidan holi hudud” umummilliy loyihasi;
(b) atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi;
(v) 2028-yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qoʻshimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam boʻlmagan botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil qilishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi;
(g) aholi orasida eko-odatlarni shakllantirish va ekologik hayot tarzini keng targʻib qilishga qaratilgan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi;
(d) bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga qaratilgan “Bio meros” umummilliy loyihasi.
4. Ekologiya qoʻmitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilgan holda ekologiya sohasidagi “Ekoloyihalar fabrikasi” (keyingi oʻrinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
II. Ekologik nazoratni kuchaytirish
5. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab 2-ilovaga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi joriy etiladi, bunda:
(a) moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qoʻllanadi;
(b) bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qoʻllangan yuridik shaxslarning xodimlariga maʼmuriy jazo chorasini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi;
(v) huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani toʻlash ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxsni Ekologiya qoʻmitasining qarorini (taqdimnomasini, koʻrsatmasini) bajarish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.
6. Quyidagilar negizida alohida yuridik shaxs boʻlmagan Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) (keyingi oʻrinlarda – Ekopolitsiya) tashkil etilsin:
(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha hududiy maxsus prokuraturalar;
(v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yoʻnalishidagi boʻlinmalarining optimallashtiriladigan shtat birliklari.
7. Belgilansinki:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yoʻnalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga oʻtkaziladi;
(b) Ekopolitsiya Ekologiya qoʻmitasining ekologik xavfsizlikni taʼminlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega boʻlgan maxsus boʻlinmasidir;
(v) Ekologiya qoʻmitasi raisi bir vaqtning oʻzida Ekopolitsiya boshligʻi hisoblanadi;
(g) Ekopolitsiya boshligʻining oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Ekologiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi;
(d) Ekopolitsiyaga uning hududiy boʻlinmalarini maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.
III. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Ekologiya qoʻmitasi quyidagilar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib borsin:
(a) yirik korxona va tarmoqlar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, ular va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan koʻrilgan choralar;
(b) sohadagi masʼul boshqaruv va nazorat organlarining oʻz vazifalarini sifatli va oʻz vaqtida bajarishi holati;
(v) davlat organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga zid boʻlgan qarorlarini bekor qilish.
9. Ekologiya qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni joriy etish va ularni qoʻllashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
10. Ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmon talablaridan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev