So`ngi yangiliklar
Navoiyda 300 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi
Qozog‘istondagi avariyada O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi
Opta superkompyuteri 2026 yilgi Jahon chempionati uchun asosiy favoritni taxmin qildi
O‘zbekistonda turizm sohasida barqaror o‘sish qayd etildi
Turkiyaning Konya shahrida Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shab-i arus” marosimi o‘tkaziladi
Pop tumanida 3,4 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Saida Mirziyoyeva Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi
Konstitutsiya — farovon hayotimiz va taraqqiyotimiz kafolati
O‘zbekistonda ayrim ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimi joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni oshirish va qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. O‘zbekistonda paxta-g‘alla, meva va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi. Bu chora fermerlarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash va agrotexnologiyalarni keng joriy qilishga qaratilgan.
O‘zbekistonda ayrim ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Sohaning iqtisodiyotdagi ulushi 20 foizni tashkil etmoqda, unda yiliga 467 trillion so‘mlik mahsulot yaratilmoqda, 3,5 million kishi mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, meva-sabzavot, yangi va qayta ishlangan agrar mahsulotlar umumiy eksportning uchdan bir qismini ta’minlamoqda.
Taqdimotda paxtachilikda hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, ilg‘or agrotexnologiyalar va oziqlantirish amaliyotlarini joriy etish, agronom tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha choralar belgilandi.
Xususan, ustoz-shogird an’anasini yo‘lga qo‘ygan holda, hosildorligi 60 sentnerdan oshgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi. Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, sertifikat beriladi. Agar ular biriktirilgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerga yetsa, ilg‘or fermerlarga 5 million so‘m mukofot to‘lanadi.
Agronomlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Agran universiteti va sohada agronomlar tayyorlaydigan boshqa OTM bitiruvchilari uchun ikki yillik «dual ta’lim» tizimi joriy etiladi. Ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagan talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga rag‘bat puli to‘lanadi.
Taqdimotda mahalliy paxta navlarini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda Genomika markazi va Paxtachilik instituti faoliyat yuritsa-da, ularning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Nav seleksiyasi va urug‘chilikni rivojlantirish maqsadida ushbu institutlarda fitotron va reproduksion issiqxona qurish topshirildi. Bu yangi nav yaratish muddatini 2,5 barobar qisqartiradi, olimlar ishini tezlashtiradi va import urug‘iga ehtiyoj qolmaydi.
Prezident go‘zani plyonka ostiga ekish tajribalarini ommalashtirish, agrodronlardan foydalanishni kengaytirish va bu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash muhimligini ta’kidladi.
Qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Vazirlik va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash va ilmiy infratuzilma yaratish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari doirasida 2026 yildan paxta-g‘alla, meva va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini joriy etish, sug‘urta mukofotining 50 foizini budjetdan qoplab berish taklifi ilgari surildi.
Subsidiyalar tizimini soddalashtirish maqsadida hozirda turli idoralar tomonidan beriladigan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali taqsimlaydigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish taklif qilindi. Bu fermerlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratiyani keskin kamaytiradi.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berdi.