Yak. Mar 29th, 2020

EFFECT.UZ

MAQSAD SARI BIRGALIKDA

Namanganda 60-bemor qayd etildi, shahar karantinga to’liq yopildi

Oʻzbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni rasman 60 nafarga yetdi.
Namangan - Namanganda 60-bemor qayd etildi, shahar karantinga to’liq yopildi

Oʻzbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni rasman 60 nafarga yetdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bergan.

“Shu soatgacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni bittaga oshib, 60 nafarni tashkil etmoqda. Ushbu infeksiya Istanbulda boʻlib qaytgan namanganlik fuqaroda aniqlangan. Ayni paytda u Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda”, deyiladi SSV xabarida.

Bundan tashqari, Namangan viloyati ham 26-martdan boshlab karantinga yopildi. Endilikda Namangan shahriga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalar majburiy dezinfeksiya qilinishi taʼminlanadi.

Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyat hokimining tegishli farmoyishi bilan, 26-mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Namangan shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Namangan shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) toʻxtatiladi.

Namangan shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bogʻliq hollarga, shuningdek, Namangan shahrida doimiy yashovchi (roʻyxatdan oʻtgan) shaxslarga Namangan shahriga kirish uchun, viloyat tumanlaridan Namangan shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirigʻiga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan masʼul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Farmoyishga asosan, karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi boʻyicha viloyat shtabi tuzildi.

– Viloyat shtabiga tegishli boshqarma, idora va tashkilotlar bilan birga Namangan shahriga kirish va chiqish joylariga vaqtinchalik postlarning faoliyatini tashkil qilish va nazoratni yana-da kuchaytirish;

– shahar hududiga kirish va chiqish joylarini mutaxassislar bilan taʼminlash hamda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash;

– Namangan shahriga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalarni majburiy dezinfeksiya qilinishini taʼminlash;

– shahar hududiga kirish va chiqishga qoʻyilgan cheklovlarga hamda aholining karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilishini hamda karantin qoidalarini buzgan shaxslarga oʻz vaqtida qonunchilikda belgilangan choralar koʻrilishini taʼminlash;

– tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi, telefon aloqasi uchun toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli ikki oy davomida oʻchirilmasligini taʼminlash vazifalari yuklatildi.

Namangan shahridagi “Chorsu” va “Yashil” dehqon bozorlari va oziq-ovqat doʻkonlariga qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, dorixonalarga dori-darmonlar va antiseptik vositalarni olib kirilishida alohida maxsus ruxsatnoma asosida, yuk tashish mashinasi va mahsulotlarni dezinfeksiya qilgan holda kirishi taʼminlanadi.

 43 Umumiy ko'rildi,  1 bugun ko'rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan