Yak. Mar 29th, 2020

EFFECT.UZ

MAQSAD SARI BIRGALIKDA

“Ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi” – Shavkat Mirziyoyev

Prezident oʻz soʻzida koʻpni koʻrgan xalq bunday baloni yengishiga ishonishini taʼkidlagan.
SHM 1 - “Ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi” – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-mart kuni mahalla va oila masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishining boshida koronavirus muammosiga toʻxtalib oʻtgan edi. Prezident oʻz soʻzida koʻpni koʻrgan xalq bunday baloni yengishiga ishonishini taʼkidlagan.

“Bu hayotning koʻp ogʻir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini toʻgʻri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi.

Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʻz oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, oʻz vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir.

Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yoʻq. Ammo koʻpga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim.

Barcha davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlar, muhtaram nuroniylarimiz, mahalla va xotin-qizlar, yoshlar birlashmalari faollari ommaviy axborot vositalari orqali xolis va haqqoniy, keng tushuntirish ishlarini kuchaytirishiga ishonaman.

Majburiy taʼtil paytida farzandlarimiz oʻquv mashgʻulotlarini davom ettirishlari uchun Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yoʻlga qoʻyildi. Teleradiokanallarimiz yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid koʻrsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilmlarni koʻpaytirishi lozim.

Hurmatli ota-onalarimiz oʻz farzandlarini jahon va milliy adabiyotimizning eng yorqin namunalari bilan tanishtirishga harakat qilsalar ayni muddao boʻlardi.

Yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaziyatda ayrim masʼuliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va oʻzini “piar qilish”ni yaxshi koʻradigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi.

Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri, asoslanmagan maʼlumotlarni tarqatishga yoʻl qoʻymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim. Koʻpni koʻrgan xalqimiz yana-da jipslashib, ahil va hamjihat boʻlib, bu murakkab sinovlarni ham yengib oʻtadi, deb ishonaman”, degan prezident Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumot uchun, ayni vaqtda Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 50 nafarni tashkil etmoqda.

“HAYOT BOR EKAN, SINOV BOR, QIYINCHILIK BOR” – SHAVKAT MIRZIYOYEV KORONAVIRUS HAQIDA

 40 Umumiy ko'rildi,  1 bugun ko'rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan