O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi noma’lum muddatga kechiktirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu qaror koronavirus tarqalishi xavfini kamaytirish uchun qabul qilingan.

“O‘zbekiston Qurolli kuchlari muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolarsiz ham mamlakat xavfsizligi, chegaralar daxlsizligi hamda barqarorlikni ta’minlash qudratiga ega. Navbatdagi chaqiruvning kechiktirilishi milliy armiyamiz salohiyatiga putur yetkazmaydi”, deyiladi xabarda

Ma’lum qilinishicha, chaqiruvning kechikishi armiya safidagi muddatli hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga ham tatbiq etiladi. Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun shartnoma imzolab, to‘lovni bajargan shaxslar reja asosida o‘rnatilgan tartibda xizmatni keyinroq o‘tashi aytilmoqda.

“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — virus tarqalishiga qarshi kurashish. Chaqiruv uchun nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, ularning yaqinlari marosimlar uchun yig‘ilishi mumkin. Shularni inobatga olib, chaqiruvni kechiktirish maqsadga muvofiq, deb topildi” deyiladi xabarda