Bundan uch yil muqaddam, 2017 yilning 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoev samimiy davrada xalqimizning bir guruh ziyolilari – madaniyat, san'at va adabiyot ahli vakillari bilan dildan suhbatlashgan edi.

Uch yil avvalgi uchrashuv

Har qanday yangilanish, avvalo, ezgu niyat, so'ngra muayyan harakat natijasidir. Yaxshidan yaxshi orzu-istak qilaversang-u, unga mos harakat bo'lmasa yoki aniq maqsad-muddaosiz ko'r-ko'rona yuguraversang, na samara bo'ladi, na yangilik. Hamma gap shu ikki omilning uyg'unligida, niyat va harakat birligida.

Bundan uch yil muqaddam, 2017 yilning 3 avgust kuni Prezidentimiz samimiy davrada xalqimizning bir guruh ziyolilari – shoiru yozuvchi, musavviru haykaltarosh, aktyoru rejissyor, bastakoru xonanda – qo'yingki, madaniyat, san'at va adabiyot ahli vakillari bilan dildan suhbatlashdi, kechagi kun xulosalari, bugungi kun masalalari, ertangi kun rejalari ro'y-rost tilga olindi.

O'shanda yosh ijodkor sifatida yig'ilishda ishtirok etib, yon daftarimni tig'iz-muhim yozuv-eslatmalarga to'ldirib chiqarkanman, qaydlarim so'nggiga quyidagicha yozib qo'ygandim:

Majlis 6 soat davom etdi. Davlat rahbari sohaga doir 30 dan ortiq aniq masalani kun tartibiga qo'ydi. Muammolar sanab o'tildi, ularningyechimiga ham shuyerning o'zida javob izlandi. Bugun millat ma'naviyati, adabiyoti, san'ati rivoji uchun yaxshi niyatlar qilindi, ertadan esa jiddiy harakatlar boshlanishi zarur!

Oradan uch yil o'tdi. Ehtimol, madaniyat va san'atning boshqa sohalariga mening unchalik tishim o'tmas, ularda yuz bergan qator o'zgarish va islohotlarni o'rniga qo'yib sharhlay olmasman. Ammo shoir sifatida, adabiyot vakili sifatida shu o'tgan davr mobaynida qalam ahlining “bosh idorasi” hisoblangan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida, ijodkor qalamkashlar hayotida real voqelikka aylangan yangilanishlarni ayta olaman. Aytishim ham kerak…

Har qanday farzand, qizmi-o'g'ilmi, ko'nglida sevinch jo'shganda yoki boshiga sinov tushganda, omadi kulganda yoki o'pkasi to'lganda, birinchi bo'lib bosh uraryeri ota-onasining uyi – bemalol, beminnat haddi sig'adigan dargohiga boradi. Ammo borganingda ota-onangning o'zi sig'indi o'tirgan, o'ziniki bo'lmagan joyda omonat yashayotgan bo'lsa, uyerga na quvonchingni, na qayg'ungni olib borolasan. Mum tishlab borib, tosh tishlab qaytasan…

Biz yoshlar aql tanib, yo'l topib Yozuvchilar uyushmasiga qatnay boshlaganimizda, uyushma xuddi shunday g'arib ota-onadek chorasiz edi. Garchi ulug' alloma ustozlar ochiq yuz bilan kutib olsa-da, ularning bag'ri keng, ammo imkoni tang edi.

Ijarada yashaganlar biladi – har oylik haqini vaqtida to'lab tursang ham negadir hech chehrang ochilib yashab bo'lmaydi, nimadir yuragingni g'ashlab turaveradi. Yozuvchilar uyushmasining ham 84 yil o'z uyi bo'lmadi. Garchand Oybek, Abdulla Qahhor, G'afur G'ulom, Shayxzoda, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Zulfiya davrasidan boshlangan avlod va undan keyingi hamma ijodkorlar taqdiriga teng sherik bo'lib kelsa ham, minglab adabiyotlar tug'ilishiga doyalik qilgan bo'lsa ham o'zining “to'rt sinchli, ikki derazali” uyi bo'lmadi.

Ta'bir joiz bo'lsa, boshpana – o'zbek tilidagi eng “qora”, “xashaki” so'zlardan biri, ammo zalvori, mohiyati, hayot uchun zarurati jihatdan eng qadrli kalomdir. Chumoli ini, kapalak g'umbagidan tortib to milliarderlarning bir necha yuz million dollarlik qasrlarigacha mana shu odmi so'z – boshpana deb ataladi.

1934 yilda tashkil etilgan uyushmamiz esa sarsonlikning, boshpanasizlikning 84-yilida o'z aziz, beminnat uyiga, erkin nafas oladigan binosiga ega bo'ldi. Bugun poytaxt markazidagi Milliy bog' bag'rida qo'r to'kib turgan oppoq koshona xuddi farzandlarini duo qilib, chorlab turgan ota uydek qadrdon boshpanaga aylandi.

Bu uy ayvoniga qaldirg'ochdek chug'urlab kirib-chiqib yurgan yosh ijodkorlarga qarab turib esa ushbu muborak manzil hali qancha-qancha yuksak parvozlargayelka tutadi, deb quvonadi kishi.

Qaror – muqarrarlik belgisi…

O'sha uchrashuvdan keyingi muhim qadamlardan yana biri – 2018 yil 5 aprelda Prezidentimizning “O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori imzolanishi bo'ldi. Yana ham aniqroq aytganda, uchrashuvda tilga olingan muammolar, yozuvchi-shoirlar faoliyati va hayotiga daxldor ko'plab masalalar shu hujjatda o'z aksini topdi.

26 banddan iborat ushbu hujjatda qalam ahlining barcha orzu-armoni: yozuvchi-shoirlarni moddiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlash, ularning uy-joyga bo'lgan ehtiyojini ta'minlash, turmush darajasini yaxshilash, faxriy ijodkorlarning ijtimoiy himoyasini muntazam yo'lga qo'yish, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlarining adabiyotdagi taqdiriga qayg'urish, nodir asarlarimizni dunyo tillariga tarjima qilish, uyushmaning hududiy bo'limlari ish samaradorligi va hayotiy ahamiyatini oshirish kabi bir-biridan muhim masalalar muhrlangan edi. Shuning uchun ham bu qaror Yozuvchilar uyushmasining kelgusidagi ish faoliyati uchun aniq va ochiq xarita bo'ldi.

Bugun istagan kishi o'sha qarorni qo'lga olib, unda belgilangan vazifalar ijrosini bandma-band solishtirsa, o'tgan davr ichida chora-tadbirlarning aksariyati qog'ozdan hayotga ko'chganiga guvoh bo'ladi.

Toshkentning qoq markazida ijodkorlar uchun qurilgan ko'p qavatli uylar shodasi, Zomin tog'lari orasida yirik marvariddek yarqirab turgan dam olish maskani, ochiq osmon ostidagi adabiyot muzeyiga aylangan Adiblar xiyoboni, har bir viloyatga borganingda xuddi Ogahiy, Ibrat, Hamid Olimjon, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusufning o'zi bo'lib huzuringga peshvoz chiqib kelayotgan ijod maktablari, Toshkentning fayzi va ko'rkiga aylangan Qodiriy maktabi…

Bularning hammasi dastlab o'sha tarixiy uchrashuvda Prezident tomonidan ezgu rejalar sifatida aytib o'tildi, keyin qat'iy qaror sifatida hujjatga muhrlandi, bugun esa muqarrar ro'y bergan hayot haqiqatiga aylandi.

Tarixiy va hamnafas afsonalar

Inson psixologiyasi shunday – o'z ko'zi bilan ko'rmagan kishilar, voqealar haqidagi gaplarga osongina ishonadi, tez ko'nikadi. Shundoq yonidagi takrorlanmas ajoyibotlarga esa negadir befarq yashaydi.

Bizning avlod uchun Qodiriy, Cho'lpon, Behbudiy kabilar tugul Qahhor, Shayxzoda, Oybek, Mirtemir singari yaqin o'tmishda yashab o'tgan ustozlar nomi ham juda olisda ko'rinadi. Sababi, biz ularni kitoblarda, suratlarda, haykallar shaklida ko'rganmiz, xolos. Ularning har biri, shubhasiz, bizning ongimizga chinakam afsona bo'lib naqshlangan. Shuning uchun ham har gal ularning toshsiymosi qarshisida turganda, mana shu haykallarni ko'rishga ruhan tayyor bo'lamiz.

Biroq Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf… Bular kuni kecha yonimizda yurgan, davralarga fayz berib o'tirgan, bizga ta'lim bergan, she'r o'qigan tirik afsonalar edi… Kimdir tushungan, kimdir tushunmagan, kimdir qadrigayetgan, kimdir mensimagan afsonalar edi ular…

2001 yilda yosh ijodkorlarning Zomin seminarida birinchi va oxirgi marta ko'rganim Muhammad aka, bir xonada biroz ishlab bir umrlik esdalik olganim Halima opa, ularga nevaradek erkalik qilib yurganim Erkin aka va Abdulla aka, qahqahasiyu falsafasini o'z og'zidan eshitib o'rganganim Said Ahmad va Ozod domlalar haykalga aylanganiga ko'nikishim qiyin, albatta.

Ammo men bunda boshqa bir hikmat ko'raman.

Prezidentimiz xalqimiz va adabiyotimiz tarixida muhim o'rin tutgan bu ulug' nomlar bilan bog'liq xotiralar parcha-parcha, uzuq-yuluq bo'lib turishini istamadi. Shuning uchun ham hazrat Navoiy huzurida adabiyotimizning boshqa qutlug' siymolari ham yaxlit davra yasadilar, muhtasham guldastaga aylandilar. Mana endi yangidan barpo etilgan Adiblar xiyoboni kelajak avlodlar uchun ochiq turgan “Adabiyot kitobi” vazifasini o'taydi, bu maydon 6 gektarlik “Adabiyot xonasi” bo'ladi, desam mubolag'a emas.

Bir-ikki asr o'tib, xuddi Navoiy kabi Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar ham xayolga yaqin, hayotdan olis siymolarga aylanishadi. Ana o'shanda mazkur xiyobonning qadri hozirgidan o'n karra, yuz karra ortadi. Bu bor gap. Chunki inson psixologiyasi shunday – biz qancha kam ko'rsak, shuncha ko'p sog'inamiz.

Haqiqat ko'rsatilmaydi, ko'riladi

Federiko Garsia Lorkaning “Eng qayg'uli shodlik” (Shavkat Rahmon tarjimasi) kitobini o'qib tugatgan paytim kundaligimga quyidagicha yozib qo'ygandim: “Meni hayratga solgan narsa she'rlar emas, ularda ochiq turgan haqiqatdir!”

Chindan ham, menga haqiqatni ko'rsating, deb talab qo'yish nodonning ishi. Haqni, haqiqatni, haqiqiylikni ko'ngil va aql ko'zi ochiq odamlargina ko'ra oladi. Nafaqat ko'radi, uning sababini, mohiyatini, kuch-qudratini anglaydi.

Men bu satrlarda bugun o'zbek adabiyoti, o'zbek adiblari ko'rib turgan ayni haqiqatlarni qayd etdim. Zero, bu haqiqatlarni kimgadir ko'rsatish uchun emas, ko'rganlarim haqiqat ekanini e'tirof etish uchun yozdim.

Zero… Katta g'ildirak vazmin aylanadi, ammo chuqur iz qoldiradi. Bir ijodkor sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar borishini kuzatar ekanman, o'ta bosiqlik va uzoqni ko'zlab qilinayotgan barcha ezgu harakatlar jahon tarix kitobida ham, milliy adabiyotimizda ham, eng muhimi, halqimiz hayotida ham o'chmas va nurli bitiklar bo'lib qolishiga ishonaman. Chunki har bir davr o'z tarjimai holini hayot deb atalgan buyuk asarga qo'shib boraveradi.

Nosirjon JO'RAEV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir