AQSHda ikkita damba buzilib ketdi: roʻy bergan toshqin shtat tarixidagi eng yirigi boʻlishi mumkin

19-may oqshomida, bir necha kunlik kuchli yogʻingarchilikdan soʻng AQSHning Michigan shtatidagi ikkita damba buzilishi oqibatida toshqin roʻy berib, 10 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilindi.

Toshqin kuzatilayotgan Midlend okrugida favqulodda holat eʼlon qilingan.

CNN telekanali xabariga koʻra, 10 mingdan ortiq kishi shoshilinch evakuatsiya qilingan, 3500dan ortiq xonadon suv ostida qolgan.

Rasmiylar jarohat olganlar yoki qurbonlar haqida hozircha maʼlumot kelib tushmaganini aytmoqda.

Michigan shtati gubernatori Gretxen Uitmerning soʻzlariga koʻra, soʻnggi kunlarda hududda kuzatilayotgan kuchli yomgʻir oqibatida Tittabavassi daryosi oʻzanining koʻtarilishiga Edenvill va Senford dambalari dosh bera olmagan.

“Kelgusi 12-15 soat ichida Midlend shahrini taxminan 9 fut (2,7 metr – tahr.) balandlikda suv bosishi mumkin. Biz shtat uchun tarixiy koʻlamdagi yirik toshqin roʻy berishini taxmin qilyapmiz”, – degan gubernator ofatdan soʻng bir necha soat ichida tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Shtat rahbari Tittabavassi daryosining ham sharqiy, ham gʻarbiy qismlarida yashovchi aholini iloji boricha yuqoriroq hududlarga koʻchib oʻtishga undagan.

“Iltimos, ikkilanib oʻtirmang. Shtatning boshqa hududida yashaydigan qarindoshingiz yoki boshqa yaqinlaringiz boʻlsa, hoziroq oʻsha yerga yoʻl oling. Agar bunday yaqinlaringiz boʻlmasa, okrug boʻylab tashkil etilayotgan boshpana manzilgohlariga koʻchib oʻting”, – degan Gretxen Uitmer.

Evakuatsiya ishlariga Milliy gvardiya xizmatchilari jalb etilgan. Vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilganlardan tibbiy niqobni yechmaslik soʻralmoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, soʻnggi kunlardagi kuchli yogʻingarchilik sababli Michigan shtatidagi Tittabavassi va Rayfl daryolari AQSH Milliy ob-havo xizmati tomonidan “toshqin xavfi yuqori” deya toifalangan boʻlgan.

USA Today nashri maʼlumotiga koʻra, seshanba kuni avvaliga Edenvill, soʻngra Senford dambalarida roʻy bergan avariyalardan oldin Tittabavassi daryosining yuqori oqimlaridagi boshqa bir nechta dambalar ham maʼlum darajada buzilgan yoki zarar yetmagan boʻlsa-da, nazorat qilib boʻlmas suv toshib chiqishi kuzatilgan.

Associated Press agentligining maʼlum qilishicha, Edenvill dambasi 1924-yilda qurilgan boʻlib, 2018-yilda oʻtkazilgan taftishda uning holati qoniqarsiz deb baholangan. 1925-yilda barpo etilgan Senford toʻgʻoni esa qoniqarli deya tasniflangan edi. Ikkala damba ham sotuvga qoʻyilishi kutilayotgandi.

Edenvill dambasi ekspluatatsiyasi bilan shugʻullanib kelgan kompaniya faoliyati talablarga nomuvofiq deb topilgani uchun 2018-yilda litsenziyasidan mahrum etilgan. Federal energiya boshqaruvi komissiyasi dambadan suvni chiqarib yuborish qurilmasi hajmi kichik ekani va mazkur hududda roʻy berishi ehtimoli boʻlgan kuchli toshqinlarga dosh bera olmasligini qayd etgan.

Oʻsha yili oʻtkazilgan baholash natijasida Michigan shtatidagi xavflilik darajasi yuqori plotinalardan 19tasi qoniqarsiz yoki yomon ahvolda ekani aniqlangan. Bu xulosa bilan Michigan – 45ta shtat orasida 20-oʻrinda koʻrsatilgan.

Maʼlumot uchun, Michigan – AQSHning Kanada bilan chegarasidagi Buyuk koʻllar yoqasida joylashgan. Shtatning maʼmuriy markazi – Midlend okrugi. Okrug aholisi 80 mingga yaqin, shuning yarmi Midlend shahrida yashaydi.

Ayni paytda Michigan AQSHda koronavirus qurbonlari soni yuqoriligi boʻyicha toʻrtinchi shtat boʻlib turibdi: bu yerda Covid-19ʼga chalingan 5 mingdan ortiq kishi vafot etgan. Jami keyslar soni 50 mingdan ziyod, hozirda davolanayotganlar 19 ming nafarni tashkil etadi.

Shu kunlarda Buyuk koʻllar mintaqasidagi boshqa hududlarda ham suv toshqinlari kuzatilmoqda. Jumladan, Illinoys shtatida Chikago daryosi oʻzanidan toshib chiqdi.