Laylatul Qadr – “belgilash kechasi”, yaʼni yil davomida qilinadigan turli amallar, topiladigan rizq, bir soʻz bilan aytganda taqdirlar belgilanadigan kechadir.

Kechaning qanday alomatlari bor? Unda qaysi duolarni oʻqish kerak va uni qanday oʻtkazish kerak?

Bu savollarga Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, “Xoʻja Alambardor” masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon oʻgʻli shunday javob berdi:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday oʻtkazar edilar? Oysha onamiz roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi oʻn kunligi kelsa, kechalari uxlamasdilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uygʻotar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?

1. Xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan oʻqing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xufton namozini jamoat bilan oʻqisa, goʻyo kechaning yarmini bedor oʻtkazibdi. Kim bamdod namozini jamoat ila ado qilsa, goʻyo kechaning barchasida namoz oʻqibdi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

2. Duo qiling. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq boʻlsam nima deb duo qilay?” deb soʻradilar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni oʻqishni aytdilar:

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

“Allohumma innaka aʼfuvvun kariymun tuhibbul aʼfva faʼfu aʼnniy“

“Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi koʻrasan. Gunohlarimni kechirgin“ (Imom Termiziy rivoyati).

Muhimi, bu kechani ibodat, zikr, tilovat, xayru ehson va boshqa yaxshi amallar bilan oʻtkazish lozim.

Bu kecha gunohlar magʻfirat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor oʻtkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari magʻfirat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati)

Palov, shirguruch tarqatish urf-odatlarimizga zidmi? Bunga siz nima deysiz?