Ramazon oyida muborak bir kecha borki, Alloh taolo oʻz kalomida uning ming oydan ham afzal ekanligi haqida marhamat qilgan. Yaʼni, kim oʻsha kechani ibodat bilan oʻtkazsa, boshqa paytda ming oy ibodat qilgandan koʻp savobga erishadi. Bu – Qadr kechasidir.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadi: Ramazon oyi kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh sizlarga bu oyda roʻza tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum boʻlsa, mahrum qilinadi”, dedilar (Imom Nasafiy).

Bu kunning fazilati, uning barokoti va yaxshiliklari, unda qilinadigan ibodatlar, duolar va xayrli amallar haqida toʻxtalib oʻtsak.

Uni qaysi kunlardan izlash kerak?

“Laylatul-qadr” soʻzining maʼnosi “belgilash, oʻlchash kechasi”, yaʼni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kecha degan maʼnoni bildiradi. Qadr kechasi Ramazonning soʻnggi oʻn kunligida yashiringan, uni oʻsha kunlarning toq kunlaridan izlagan afzal deyiladi.

Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qadr kechasi Ramazonning oxirgi oʻn kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgiyu keyingi gunohlarini kechiradi. U toq kechada boʻladi. Toʻqqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

Boshqa bir hadisda aytiladi: Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi oʻn kechasining toq (kecha)larida izlanglar”, dedilar”.Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilgan.

Koʻpchilik ulamolar nazdida Laylatul Qadr kechasi Ramazonning 26-kunidan 27-kuniga oʻtar kechasidir.

Sahoba Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Kaʼb (roziyallohu anhu)ga: “Birodaringiz Abdulloh ibn Masʼud: “Kim bir yil tunlari qoim boʻlsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar”, deganida, Ubay ibn Kaʼb: “Alloh Abu Abdurahmon (Ibn Masʼud)ni magʻfirat qilsin. Haqiqatda, u Qadr kechasi Ramazonning oxirgi oʻn kunligida ekanini bilar edi.

Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar shunga suyanib qolmasligi uchun aytmasdi, – dedi. Soʻng qatʼiy qasam ichib: – Yigirma yettinchi kechada, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan shunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shuʼlasiz chiqadi”, deb javob berdi (Imom Muslim va Termiziy rivoyati).

“Laylatul Qadr”ning alomatlari ushbu muborak kechaning yettita alomati boʻlib, ular quyidagilarda namoyon boʻladi:

1. Qadr kechasida sokinlik hukm suradi. Atrof musaffo, yorugʻ, xuddi sukunatga oʻralgan yogʻduli oy charaqlab turgandek boʻladi.

2. Osmondagi yulduzlar uchmaydi, boshqa jismlar qaltis harakat qilmaydi. Kasalliklar paydo boʻlmaydi.

3. Havo moʻtadil boʻladi, juda issiq ham, juda sovuq ham boʻlmaydi.

4. Ertalab quyosh qizarib, togʻaraga oʻxshash, yogʻdusi juda zaif boʻlib ufqdan bosh koʻtaradi. Sababi oʻsha tun va kunda koʻp farishtalar yerga tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini ham toʻsib qoʻyadi.

5. Qadr kechasida yomgʻir-qor yogʻmaydi, yogʻsa ham oʻta mayin va yoqimli boʻladi. Shoʻr suvlar chuchuk boʻladi.

6. Daraxtlar oʻz shoxlarini yerga egiltirib turadi.

7. Oʻsha kuni shaytonlar chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

U qanday fazilatlarga ega?

U ming oydan yaxshiroq kechadir, deyiladi. Agar bu hisob-kitob qilib koʻrilsa, taxminan, 83,3 yilga toʻgʻri keladi. Mana shu kechada qilinadigan ibodatlar, zikrlar, salovotu tasbehlar, duolar ana shunday vaqt kengligini qamrab oladi. Bu, shu muborak kechada qilingan ibodatlar shuncha yil davomida bajarilgan ibodat savobidan afzal, deganidir.

Bundan ortiq bu kechaning yana qanday goʻzal va ulugʻvor fazilati boʻlishi mumkin? Qolaversa, bu kecha omonlik va barokot kechasi. Unda bandaning bir yillik hisob-kitobi yer yuziga tushiriladi. Bu kechada banda bedor boʻlib, Allohga muxlis holatida, yaʼni ixlos ila duo qilsa, gunohlari magʻfirati, ikki dunyo saodati, oʻzining ehtiyojlari haqida soʻralsa, ijobat boʻladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor oʻtkazsa, uning oʻtgan gunohlari kechiriladi”, dedilar.

Bu kechada qanday amallar qilgan afzal?

Qadr kechasida qilinajak toʻgʻri va notoʻgʻri amallar haqida Anvar qori Tursunov shunday degan edilar:

“Bu kechani ziyofat qilib emas, yaxshilik qilib oʻtkazish kerak. Afsuski, koʻpchilik turli taomlar hozirlab olib, dasturxonlarni bezab, turli xil gaplarni sotib, biz Qadr kechasida oʻtirdik, deyishlari mutlaqo notoʻgʻri amaldir. Xoʻsh, bu kechada nimalar bilan band boʻlish lozim boʻladi? Avvalo, qalbni mana shu kunga sozlab olish kerak. Hufton namozidan keyin, tahoratni yangilab, poklanib, duo-yu zikrda boʻlish, tahajjud namozini oʻqish, Qurʼon tilovat qilish, istigʻfor aytish, takbir va tahlillarga eʼtibor qaratish lozim boʻladi.

Ana shunda inson oʻzidagi oʻzgarishlarni, qalbiga yaxshi narsalar quyilib kelayotganini anglaydi. Bu kechani mana shunday oʻtkazsakkina foyda olamiz… Bir narsani yaxshilab idrok etib olmoq kerak. Rasulimiz sallollohu alayhi vasallam: “Amallar niyatga bogʻliq”, deb aytganlar. Shu bois har bir kishi yuqorida aytib oʻtilganidek, qalbni poklab olishi kerak. Bu kechada, ayniqsa, qalbda Allohga boʻlgan muhabbatni yana-da oshirish lozimdir. Aytmoqchi boʻlganimizki, mana shu kechada bedor boʻladigan kishining qalbida chirkin illatlar boʻlmasligi, uni sof holda ushlab turishi juda yaxshi ishdir”.

Bu kechada qanday ibodatlar qilinadi? Ularning maxsus koʻrsatib oʻtilganlari bormi? Qadr kechasida qanday duolarni qilgan afzal? Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Qadr kechasi uchun maxsus namoz yoʻq”, deb taʼlim berganlar. Ammo bu kechada qazo namozlar, nafl va tahajjud namozlarini oʻqigan afzal. Bundan tashqari, Qurʼoni karim tilovati, Allohni ulugʻlab aytiladigan tasbeh, istigʻfor va zikrlar, Paygʻambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga bagʻishlab salovat va durudlar aytish ulkan ajr-savoblarga sabab boʻladi.

Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq boʻlsam nima deb duo qilay?” deb soʻradilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sen: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul ʼafva faʼfu ʼanniy”, deb aytgin”, – dedilar” (Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Tarjimasi: “Yo Alloh, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi koʻrasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin”.Barchalarimizga mana shu kechaning barokoti, hikmati, fayzi, salomatligi, muborakligi nasib etsin, unda qiladigan har bir amalimizni Alloh taoloning oʻzi dargohida qabul qilsin.