Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisida maʼqullangan “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz koʻpgina davlatlarning iqtisodiyotiga, shu jumladan, mahsulot ishlab chiqarish va sotish, xizmat koʻrsatish hamda eksport va import hajmlarining kamayishi, transport aloqalarining qisqarishiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Tabiiyki, ushbu holatlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi.

Biroq davlat rahbari rahnamoligida olib borilayotgan saʼy-harakatlar bilan pandemiya va global inqiroz holatlarining milliy iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini yumshatish va oldini olish borasida barcha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq 10 trln. soʻmlik Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilib, uning yoʻnalishlari belgilandi. Buning barobarida, ijtimoiy sohaga mablagʻ ajratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq choralar koʻrildi.

Yana bir jihat, davlat rahbarining 2020-yil 15-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini taʼminlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan byudjet xarajatlarini maqbullashtirish hamda respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga transfertlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab berildi.

Oʻz navbatida bu tadbirlarni amalga oshirish va ularning moliyaviy taʼminoti masalalaridan kelib chiqib davlat byudjetiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi zaruriyati yuzaga keldi.

Mazkur yangi Qonun esa koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida Davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash va ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda xarajatlarni optimallashtirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, respublika byudjetidan fermer xoʻjaliklari tomonidan ishlatiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash, advokatlar tomonidan yuridik yordam koʻrsatilganligi uchun haq toʻlash hamda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga beriladigan subsidiyalar mahalliy byudjetlar orqali moliyalashtirishi belgilanayotganligi sababli Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga beriladigan byudjetlararo transfertlar koʻpaytirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Qonun bilan koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida Davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash maqsadida byudjet xarajatlari optimallashtiriladi.

Erkin GADOYEV,

Oliy Majlis Senati

Byudjet va iqtisodiy islohotlar

masalalari qoʻmitasi raisi.