Laylatul qadrga yetishish va unda berilajak ajr-mukofotlardan bahramand boʻlish har bir musulmon orzusi. Shunday ekan, bu muborak tunni qaysi kechadan izlamoq kerak?

Dastlab, Qadr Ramazon oyining nechanchi kechasi ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan edi. Lekin sahobalar Paygʻambar (sollallohu alayhi va sallam)dan Qadr kechasini aniqlab aytib berishlarini qayta-qayta soʻrashgach, u zot avval oyning uchinchi oʻn kunligidan, keyinroq oyning oxirgi yetti kechasidan, soʻngra oyning oxirgi oʻn kunligining toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar va hokazo. Shunga koʻra, manbalarda bu borada kelgan maʼlumotlar turlichadir. Demak, Qadr kechasini quyidagi vaqtlardan topish mumkin ekan:

Yil davomida. Baʼzi ulugʻ zotlar odamlar yilning maʼlum bir kechasiga suyanib, faqatgina oʻsha tunni gʻanimat bilib, uni ibodat bilan bedor oʻtkazib, qolgan kechalarga beparvo boʻlib yurmasinlar degan maqsadda, bu muborak kechani topmoqchi boʻlgan kishi yil davomida izlashi kerak, deyishgan.

Tabiiyki, bu juda mashaqqatli boʻlib, unga hamma ham qodir boʻlolmaydi. Zero, Islom yengillik dinidir. Alloh taolo bandalariga toqatidan tashqari narsani yuklamaydi. Dinimizda har bir masalada kishining holati inobatga olinadi, hatto ibodatda ham. Masalan, sogʻlom kishi namozni tik turib oʻqisa, unga toqati yetmaganlar oʻtirib imo-ishora bilan ado etadi va hokazo.

Alloh taoloning mehribonligini qarangki, sogʻlom odam namoz oʻqiganida, unga qancha savob berilsa, ixlos bilan oʻtirib, imo-ishora bilan oʻqilgan ibodatga ham oʻshancha ajr yoziladi. Agar bularga ato etiladigan savoblar ayricha boʻlganida edi, bemorlar, qarilar va zaiflar singari odamlar kuch-quvvati bor sogʻlom kishidek savob qozonishlari mumkin boʻlmay qolardi. Bu esa, zulmdir. Holbuki, Alloh subhonahu va taolo hech kimga zulmni ravo koʻrmas. Demak, Qadr kechasi haqida keltirilgan maʼlumotlar ham shunga qiyoslanadi. Zero, Qadr kechasini topish ham ulugʻ ibodatdir.

Ramazon oyidan. Shunday qilib, yil davomida Qadr kechasini izlash imkoniyati yoʻq kishilar qanday yoʻl tutishlari kerak? Ular mazkur kechani Ramazon oyidan qidiradilar. Demak, mazkur kechani topish yana-da qulaylashdi, yildan oyga qisqardi.

Ramazon oyining oxirgi dahasidan. Bu muborak kechani Ramazon oyi davomida topish koʻpchilikka ogʻirlik qildi, deylik. Endi, ular Ramazonning oxirgi oʻnligidan qidirishlari kerak. Zero, Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi oʻn kunligida eʼtikof oʻtirar va:

تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ

“Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi oʻnligidan izlanglar” der edilar” (Muttafaqun alayh). Demak, shart-sharoiti koʻtargan kishilar shu kechalar ichidan topishga harakat qiladilar. Bu, Laylatul qadrni topish oydan oʻn kechaga qisqardi, deganidir.

Ramazon oyining oxirgi yetti kechasidan. Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi dahasidan topishga ham toqati yetmaganlar uni oxirgi yetti kechadan qidirishlari mumkin. Zero, Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinishicha, sahobalardan baʼzilari tushlarida Laylatul qadrni oxirgi yetti (kecha)da ekanini koʻrishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar:

أَرَى رُؤْيَاكُمْ قَدْ تَوَاطَأَتْ فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ فَمَنْ كَانَ مُتَحَرِّيهَا فَلْيَتَحَرَّهَا فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ.

“Sizlarning tushingiz oxirgi yetti kechaga muvofiq kelayotganini koʻryapman. Kim u (kecha)ni izlamoqchi boʻlsa, oxirgi yetti (kecha)da qidirsin” (Muttafaqun alayh). Zotan, haqiqiy moʻminning koʻrgan tushi vahiy kabidir. Zero, azon sahobalar (roziyallohu anhum)ning tushlari tufayli joriy boʻlgani tarixdan maʼlum. Endi u zotlarning tushlari sharofatidan Laylatul qadrni izlash oʻn kechadan yetti kechaga qisqardi. Bu ham qulay imkoniyat.

Ramazon oyining oxirgi oʻn kechasining toqlaridan. Bu Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi yetti kechasidan izlashga ojiz kishilar uchun yoʻldir:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِي الله عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِي.

Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi oʻn kechasining toq (kecha)laridan izlanglar” (Ikki Shayx va Termiziy rivoyati). Demak, Qadr kechasini topish yettidan besh kechaga qisqardi. Ular Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi, yigirma beshinchi, yigirma yettinchi va yigirma toʻqqizinchi kechalaridir. Ha, bu muborak kechalar ham Laylatul qadrni topish uchun qulay fursatdir.

Ramazon oyining yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan. Bu yuqoridagi besh kechaga toqati yetmaganlar uchun qulay fursatdir:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي الله عَنْهما أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الْتَمِسُوهَا فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي تَاسِعَةٍ تَبْقَى فِي سَابِعَةٍ تَبْقَى فِي خَامِسَةٍ تَبْقَى. رواه البخاري.

Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Laylatul qadrni Ramazondan oxirgi oʻn (kechasi)da izlanglar: toʻqqiz kecha qolganda, yetti kecha qolganda, besh kecha qolganda” (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, Laylatul qadrni topish besh kechadan uchga qisqardi. Shunga koʻra, bu Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan topish kerak boʻladi.

Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan. Mazkur uch kechaga ham majoli yetmaganlar Qadr kechasini Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan izlashga imkonlari bor. Zero, bu ulugʻ tun Ramazonning aynan shu kechasida ekaniga dalolat qiladigan hadislar koʻpdir. Jumladan, Muoviya ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar:

لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ سَبْعٍ وَعِشْرِينَ

“Laylatul qadr yigirma yettinchi kechadadir” (Imom Abu Dovud va Ahmad rivoyati).

Mashhur sahobiy Ubay ibn Kaʼb (roziyallohu anhu) Paygʻambar (sollallohu alayhi va sallam)ning Qadr kechasi haqidagi aytgan alomatlaridan aniqlab, jazm bilan uni yigirma yettinchi kechada ekanini taʼkidlaganlar. Uning alomati oʻlaroq, oʻsha kechaning barakotlariga guvoh boʻlish uchun juda koʻp farishta osmondan yerga tushib-chiqar ekan. Ularning koʻpligidan quyosh yogʻdusi toʻsiladi. Shu bois, oʻsha kechaning tongida quyosh togʻaraga oʻxshab, atrofga ziyo sochmay koʻtarilarkan.

Qadr kechasi Ramazon oyining yigirma yettinchisida ekani Islom olamida mashhurdir. Demak, bu muborak oyni gʻanimat bilib, imkoni boʻlsa, barcha kechalarida ibodatga bel bogʻlab, bedor oʻtkazishga, ayniqsa, yigirma yettinchi kechaga alohida eʼtibor qaratish kerak. Shu bilan birga, bu muborak kechada, ahli oila, yoru doʻstlarni ham ibodatga chorlash maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo oʻsha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning savobidan koʻra koʻproq ajr berishidan umidvor boʻlish lozim. Oʻsha kechada qilingan ibodat va duolar fazlidan oʻtgan gunohlarning kechirilishini umid qilish darkor.

Ramazonning oxirgi oʻn kechaning biridan. Rivoyatlarda kelishicha, Paygʻambari­miz (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasini izlamoqchi boʻlib, Ramazonning avvalgi va oʻrta oʻn kunliklarida eʼtikof oʻtirdilar. Shunda tushlarida u tun Ramazonning oxirgi oʻn kunligida ekani, oʻsha kechaning alomati oʻlaroq u zot tongda loy hamda suvga sajda qilishlarini koʻrdilar. Buni kishilarga aytib, ularni ham eʼtikof oʻtirishga chorladilar. Bir kuni tongda yomgʻir yogʻdi. Masjidi Nabaviyaning tomi xurmo shoxlari bilan yopilganidan, diyarli yomgʻirning koʻp qismi masjid yeriga tushar edi. Bomdod namozi oʻqilganida Paygʻambar (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak peshona va burunlari uchiga loy hamda suv tegdi. Shunda sahobalar darhol Laylatul qadr alomatini esladilar. Oʻshanda Ramazonning yigirma birinchi kechasi edi. Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Menga Laylatul qadr koʻrsatildi. Soʻngra xotiramdan koʻtarildi. Menimcha, oʻsha kechaning tongida loy va suvga sajda qilsam kerak”, dedilar. Shunda Ramazonning yigirma uchinchi kechasida yomgʻir qoʻydi”.

Ulamolar Laylatul qadr har yili koʻchib yuradi, bir yil u kechada, keyingi yil bu kechada, deganlar. Shu eʼtibordan, u kechani topmoqchi boʻlgan kishi Ramazon oyining hamma kechalarini ibodat bilan oʻtkazsa, albatta, uni topadi. Alloh taolo hammamizni bu ulugʻ onlarning fayzu barakotidan nasibador qilsin, duolarimizni ijobat aylasin, gunohlarimizni afv etsin, tavbalarimizni qabul qilsin. Bu muborak oyning sharofatidan butun dunyoga, ayniqsa, yurtimizga tinchlik-xotirjamlikni bardavom aylasin. Omin!

Tolibjon QODIROV tayyorladi