Buyuk Britaniyaning Stivenej shahrida yashovchi odamlardan biri karantin paytida snayperlar kabi niqoblanib koʻchaga chiqdi. U xuddi yurib ketayotgan butaga oʻxshardi. Mazkur hodisa guvohi boʻlgan yosh juftlik uni tasvirga olib tarqatishga ham ulgurdi, deb yozadi New York Post.

Gap shundaki, Nikolas Myurrey va Medlin Mey-Devis qoʻshnisining ushbu gʻaroyib qoidabuzarligini videoga tushirib, rolikni TikTok tarmogʻiga joylashtirishgan. Uni qisqa vaqt ichida 700 mingdan ortiq odam tomosha qilgan.

Rolikdan koʻrish mumkinki, butasimon “kiyinib olgan” shaxs goh chopib-chopib, gohida emaklab manziliga yetib borgan.

Biroz vaqtdan soʻng yuradigan “buta” qoʻlida paketi bilan yana paydo boʻladi. Demak, u tashqariga shunchaki emas, balki qorin gʻamida chiqqan, degan xulosaga kelish mumkin.