Joriy yilning 13-may kuni Effect.uz internet-nashri xodimi Gʻiyosbek Eshov bilan Fargʻona viloyati Quva tumanida sodir boʻlgan hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab boʻldi.

Hodisa kechki soat 19:00 ga yaqin Effect.uz muxbiri Elyor Tojiboyev hamda operator Gʻiyosbek Eshov Quva tumani hokimligi binosidan chiqib, Fargʻona shahriga qaytayotgan vaqtda sodir boʻlgan. Internet-nashr xodimlari tuman hokimiyatga nogiron ayolning murojaatini oʻrganish maqsadida izoh olish uchun borishgan edi.

Hokimiyat binosida janjal yoki ziddiyatli holatlar kuzatilmagan. Koʻp yillardan beri yechimi topilmagan muammo yurist-jurnalist Elyor Tojiboyevning olib borgan jurnalistik surishtiruvi natijasida nogiron ayol foydasiga qondirilayotgan edi. Hokimiyat vakillari esa bundan norozi kayfiyatga tushib qolgan. Hatto norozilik kayfiyati OAV xodimlarini “kamera koʻtargan maymunlar” deya haqorat qilish darajasigacha yetib borgan.

Bu bilan Effect.uz xodimiga qilingan hujum hokimiyat “buyurtmasi” boʻlgan deyishdan yiroq… Yuqorida shunchaki, hodisagacha boʻlgan jarayonlar tafsilotini keltirib oʻtdik. Mazkur ish kimga kerak boʻlgani, kimning buyurtmasiga koʻra sodir etilgani atrofida aylanayotgan mish-mish, taxminlarga voqealar jarayonini nazoratga olgan Bosh prokuratura hamda IIO xodimlarining oqilona xulosasidan soʻng yakun yasaladi degan umiddamiz.

Operatorning shaxsiy mashinasini tosh bilan urib, sindirgan, koʻziga yoshlantiruvchi suyuqlik modda sepib, mashinada boʻlgan tahririyat mulki – videokamerani olib qochib, ustiga-ustak videokamera flesh-kartasida mavjud boʻlgan hokimiyat binosida yozib olingan videolavhalarni oʻchirib yuborishga hech kimning haqqi yoʻq edi…

Voqeaning kichik “qahramonlari” boʻlgan 4 nafar shaxs huquq-tartibot idoralari tomonidan oʻsha kunning oʻzida qoʻlga olindi. Mazkur holat boʻyicha U.Ismoilov, O.Azaliyev, M.Xusanov va S.Raimjonovlarning harakatlarida talonchilik, yaʼni bir guruh shaxslar tomonidan oldidan til biriktirib, oʻzganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish jinoyat alomatlari mavjudligi sababli ularga nisbatan 14-may kuni IIB huzuridagi TB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning166-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va O.Azaliyev, M.Xusanov va S.Raimjonovlar JPKning 221-moddasi tartibida ushlab turilibdi. Ushbu shaxslarning ikki nafari Quva tumani, yana ikki nafari Andijon viloyati Asaka tumanidan.

Maʼlumot uchun, EFFECT.UZ xodimi bilan sodir boʻlgan noxush holat Oʻzbekistonda 20 ga yaqin internet-nashrlarda yoritildi. Telegram messenjerida 50 ga yaqin kanallarda tarqaldi, bundan tashqari, bloger, jurnalistlar oʻz sahifalarida hodisa bilan ulashdilar.

Shuningdek, jahon ommaviy axborot vositalari hamda nohukumat tashkilot “Human Rigts Watch” (“Inson huquqlari himoyachisi”) ham hodisani jurnalistga uyushtirilgan hujum sifatida eʼtibordan chetda qoldirmadi.

Quyidagi videoda EFFECT.UZ internet-nashrining Fargʻonadagi muxbiri Elyor Tojiboyev hamda jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan operator Gʻiyosbek Eshov boshidan oʻtkazganlari haqida bloger Mashhur Nazarovga maʼlumot bergan:

Eslatib oʻtamiz: ushbu videointervyu hodisa sodir boʻlgan kun – 13-may tunda yozib olingan.

Tezkor: EFFECT.UZ xodimi Fargʻonada jiddiy hujumga uchradi

“Koʻziga gaz sepib, mashinaning oynasini sindirishgan, kaltaklab, videokamerani olib qochishgan” – EFFECT.UZ muxbiri hodisa tafsilotlarini aytib berdi

Bosh prokuratura EFFECT.UZ xodimi bilan bogʻliq noxush hodisani nazoratga oldi

“Hech qanday aloqamiz yoʻq” – Quva hokimligi EFFECT.UZ xodimi bilan sodir boʻlgan holatdan oʻzini soqit qildi

EFFECT.UZ xodimiga hujum qilgan 4 kishilik “mafiya”ga nisbatan jinoyat ishi ochildi

EFFECT.UZ xodimi bilan sodir boʻlgan noxush hodisani 19 ta internet-nashr va 30 ga yaqin telegram kanallar oʻz sahifasida yoritdi

Quvalik va asakaliklar: EFFECT.UZ xodimiga hujum qilgan shaxslar kimligi aytildi (toʻliq tafsilot)