9-may kuni Oʻzbekiston telekanallarida Ikkinchi jahon urushida besh farzandini yoʻqotgan oʻzbek ayoli Zulfiya Zokirovaning taqdiriga bagʻishlangan “Ilhaq” filmi premyerasi boʻlib oʻtdi. Maqolada Eldar Asanov ushbu film haqida fikr yuritadi.

Urushlar insoniyat tarixidagi qonli dogʻlardir. Millionlab insonlarning yostigʻini quritgan, oʻn millionlarning taqdirini sindirgan, butun boshli xalqlarni, davlatlarni yoʻq qilgan, tarixni ters burib yuborgan bunday jang-jadallar nimaning nomiga amalga oshirilmasin, nima bilan oqlanmasin, baribir ulkan fojialigicha qoladi. Urushga sabab boʻlgan hech qanday muqaddas maqsad, majburiyat inson jonidan qadrliroq boʻlolmaydi.

Urush baʼzi kichik ijobiy natijalarni ham beradi. Masalan, boshiga tushgan kollektiv kulfatdan toʻgʻri xulosalar qilgan insoniyat tinchlikni qadrlashni oʻrganishi, doʻstona aloqalar qurishga intilishi shular jumlasidandir. Shuningdek, urushlar baʼzida sanʼatda keskin oʻsishga sabab boʻladi. Urush fojialarini koʻrgan, dahshatli vayronaliklar va gʻayriinsoniy vahshiylikni koʻrgan odamlarning hissiyotlari junbushga keladi, kuchli hissiyot esa qayergadir toʻkib-sochilishi lozim.

Kimdir hissiyotlarini yenga olmay, umr boʻyi urush dahshatlaridan ongini qutqarolmaydi va hayotining qolgan qismini miyasidagi jinlarga qarshi olishib oʻtkazadi; kimdir sportga zoʻr beradi; kimdir urushsiz yashay olmay qoladi; kimdir xayriyaga, tinchlik siyosatiga mukkasidan ketadi; kimdir esa sanʼat asarlari yordamida urush yaralarini davolaydi.

Shuning uchun boʻlsa kerak, urushlardan soʻng odatda sanʼatda keskin uslubiy va tematik burilishlar roʻy beradi, konkret bir urush voqealariga va ehtiroslariga bagʻishlangan asarlar urchiydi. Bu oʻrinda biz sanʼatni amaliy ahamiyatga ega boʻlmagan soha deb hisoblaydiganlar qay darajada yanglishishini koʻramiz. Sanʼat tarix emotsiyalarini muhrlashga (faktlarini fan muhrlaydi), odamlarning yaralarini davolashga, ularga umid berishga, tinchlik va birodarlikni onglarga singdirishga, insonlar qalbida roʻy bergan oʻzgarishlarni aks ettirishga xizmat qiladi. XVII asr tarixchilari taʼkidlagandek, Oʻttiz yillik urushdan soʻng Yevropa musiqasi chuqurlashib, muloyimlashib ketganini, his-tuygʻu shiorbozlik va koʻtarinkilik ustidan gʻalaba qozongani bejiz emas.

Bir qarashda koʻproq rivojlangan, koʻproq insoniylashgan XX asr aslida genotsidlar va urushlar asri boʻldi. Insoniyat tarixidagi eng jirkanch ideologiyalar XX asrda choʻqqisiga chiqdi. Ularning qoʻli bilan insoniyat tarixidagi eng qonli, eng qattol urushlar – ikkita jahon urushi boʻlib oʻtdi. Bu ikki urush insoniyatni qay darajada oʻzgartirgani haqida soʻz yuritardim-u, ammo shunaqasiyam mavzudan uzoqlashib ketdim. Bu ikki urush sanʼatga oʻtkazgan taʼsiriga toʻxtalaman.

Ikki jahon urushi rassomchilikda, badiiy adabiyotda, kinoda, musiqada tub burilish yasadi. Har ikki urush atrofida minglab asarlardan iborat sanʼat korpusi yuzaga keldi va bu korpus bugungi kunga qadar kengayishda davom etmoqda – urush tarix oʻlchamlari boʻyicha yaqindagina roʻy berdi, uning yaralari hali ogʻriq bermoqda. Jahon urushlari haqida shedevr filmlar suratga olindi, shedevr kitoblar yozildi.

Oʻzbekiston xalqi ham, Ikkinchi jahon urushining bevosita ishtirokchisi sifatida, oʻz fojialariga, oʻz yaralariga ega. Bu yaralar bilan bogʻliq tuygʻular oʻzbek sanʼatida bugungi kunga qadar aks etib kelmoqda. Oʻzbek sanʼati ham urush haqida oʻlmas shedevrlar yaratgan. Ishonmasangiz, “Sen yetim emassan” sheʼrini oʻqing, shu nomli kinoni koʻring.

Oxirgi yillarda Ikkinchi jahon urushi mavzusi yana aktuallashdi, yangi kinolar yuzaga kela boshladi. Ulardan eng uzoq kutilgani, tom maʼnoda ilhaq qilgani “Ilhaq” filmi edi. Kecha, 9-may kuni Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan rejissyor Jahongir Ahmedov muallifligidagi ushbu film premyerasi Oʻzbekistonning koʻpchilik telekanallarida boʻlib oʻtdi. Qarang, koronavirus pandemiyasi film taqdirida ham maʼlum darajada aks etdi: u katta ekranlarga yetib borolmadi.

Film mavzusini bayon etishim ortiqcha boʻlsa kerak – avval boshidan u qaysi voqealarga bagʻishlanishi va qanday qahramonlarni olib chiqishi maʼlum edi. Urushda besh farzandini yoʻqotgan oʻzbek ayoli Zulfiya Zokirova – bunday tugun mahoratli ijodkorlar qoʻlida jahon kinematografini boyitadigan durdona asarga aylanishi turgan gap edi. Shunga oʻxshash tarixiy voqea negiziga qurilgan buyuk “Oddiy askar Rayanni qutqarish” kinokartinasi bunga yaxshi misol.

Oʻzbek kinosi oʻz shedevriga ega boʻldimi? Filmdan kutgan narsamizni oldikmi? Mayli, oʻz nomimdan gapiray. Filmdan kutgan narsamni oldimmi?

Keyingi paytlarda oʻzbek kinosiga juda koʻp avans beradigan boʻlib qoldik. Bizga taqdim etilayotgan ishlarning koʻpgina jihatlarida yaqqol kamchiliklar koʻzga tashlansa-da, oʻzbek kinematografidagi umumiy oʻzgarishdan, dolzarb mavzularga qoʻl urilayotganidan, oldinlari mualliflik kinosiga aylanib qolgan davlat buyurtmasiga sifat kirib qolganidan, maʼnoli filmlar xontaxtani siqib chiqarayotganidan xursand boʻlib, “mayli, boshlanishiga yomon emas” deyishga oʻrganib qoldik.

Qolaversa, kino – kollektiv ijod turi, sifatli mahsulot chiqishi juda koʻp mutaxassislarga, omillarga va moliyaviy taʼminotga bogʻliq. Yaxshi kadrlar, yaxshi gʻoyalar va pul kamligini bilganimiz uchun ham kinochilarimizni toʻgʻri tushunishga harakat qilamiz va rahmat aytamiz. Lekin bu avans bir kun kelib tugaydi. “Ilhaq”qa kelib u tugadimi yoki hali vaqt bormi? Hali kinochilarimizga vaqt berishimiz kerakmi? Buni aniq bilmayman. Aniq bilmaganim uchun ham keskin tanqid qilmayman.

Film tomoshabinlarga manzur boʻldi (Facebookʼdagi munosabatlar va kanalimdagi soʻrovnoma natijalariga qaraganda). Menimcha ham “Ilhaq” – sifatli, koʻrsa boʻladigan va hatto koʻrish kerak boʻlgan kino. Lekin undan koʻnglim toʻlmadi. Koʻproq narsa kutgan edim.

Bu xulosaga kelishimning sabablarini birma-bir koʻrib chiqaman. Nishonimda – film syujetining qurilishi.

Qahramonning oʻlimiga nega yigʻlaymiz?

“Ilhaq” real tarixiy voqeani anchayin haqqoniy va saviyali koʻrsatib berolgan. Lekin bu sanʼatning birlamchi vazifasi emas. Tarixiy voqeani haqqoniy koʻrsatib berishni hujjatli film ham, ilmiy-ommabop bayon ham, ilmiy tadqiqot ham eplaydi. Sanʼatga qoʻyiladigan asosiy (yagona emas) talab – voqea atrofidagi tuygʻularni, odamlarning emotsiyalarini ochib berish, voqeadan ibrat koʻrsatish.

Kerak boʻlsa, ayrim ijodkorlar tarixiy voqeaga mutlaqo boshqa rakursdan yondashishi, kutilmagan xulosa va yechimlarni berishi lozim. Zamonamizning eng mashhur rejissyorlaridan ikkitasi oxirgi yillarda Ikkinchi jahon urushi haqida shunaqa noodatiy shedevrlarni suratga oldi – “Sharafsiz razillar” (Kventin Tarantino) va “Dyunkerk” (Kristofer Nolan).

Oʻzbek kinosidan bunday originallikni talab qilishga hali ertadir. Lekin kino eng kamida tomoshabin diqqatini ushlab turishi, uning tuygʻularini qoʻzgʻatishi lozim. Kinematografda buni bajarishning umumqabul qilingan uslub va prinsiplari mavjud.

Kino diqqatimizni 1,5 yo 2 soat ushlab turishi uchun nima qilishi kerak? Eng birlamchi talab – qahramonlarni tomoshabinga yaxshilab tanishtirish, ular orasida hissiy kontakt oʻrnatish. Film davomida tomoshabin qahramonni yaxshilab bilib olishi, uning motivlarini tushunishi, uni koʻpdan beri taniydiganday his etishi kerak. Shundagina tomoshabin qahramonning oʻlimidan yoki boshiga tushgan boshqa kulfatdan taʼsirlanadi.

Зулфия Зокирова ва фарзандлари.

Menimcha, “Ilhaq” filmining asosiy kamchiliklaridan biri shunda. U tarixiy voqeaning hujjatli bayonini beradi, lekin bu bayon faqat faktlar bilan juda yaxshi tanish, Zulfiya Zokirova va oʻgʻillarining taqdiridan yaxshi xabardor odamnigina taʼsirlantirishi mumkin. Oradan yuz yil oʻtdi deylik. Ikkinchi jahon urushi oqibatlari bilan yuzlashmagan, tirik guvohlarini koʻrmagan, voqeadan bexabar tomoshabin bu filmdan ilhom oladimi?

Shunday qilib, “Ilhaq” bizdan voqeadan xabardor boʻlishni va qahramonlar qismatidan achinishni talab qiladi, lekin achinishimiz uchun hech narsa qilmaydi, ularning qalbini, shaxsiyatini bizga ochi bermaydi. Shaxsan men besh oʻgʻlonning oʻlimidan taʼsirlanmadim. Ular yaxshiroq tanishtirilsa, balki ularga achingan, oʻlmasliklarini kinodan yolvorib soʻragan boʻlardim, Zulfiya opaga qoʻshilib yigʻlagan boʻlardim. “Yashil milya” filmida Jon Koffi oʻlimiga yigʻlaganimdek. Buyuk kino tomoshabinni shunday ahvolga olib kelishi kerak. Yaxshi oʻrnaklar oʻzimizda ham bor. Shuhrat Abbosovning “Sen yetim emassan” filmini eslang. Asrab olingan bolalarning har biri oʻzgacha qiyofaga, xarakterga ega, barini eslab qolamiz, bir-biri bilan chalkashtirmaymiz, har biriga kuyinamiz. Afsus, besh aka-uka bu darajada qalbdan joy olmaydi.

Nega “Ilhaq” bizga qahramonlarini “sota” olmadi? Asosiy sabablaridan biri, nazarimda, film ekspozitsiyasi qisqaligidadir. 2 soat 16 daqiqalik filmining 19-daqiqasida baxtiyor qahramonlarga urush daragi yetib keladi. 19 daqiqa ichida biz boʻlajak urush qurbonlarini yaxshilab tanib olishga ulgurmaymiz, shu bois ularning oʻlimi ham bizda ortiqcha hissiyot uygʻotmaydi. Yana bir jihati – ularning frontdagi hayoti ham koʻrsatilmaydi. Faqat oʻlim sahnalarini koʻramiz. Personajlarga koʻproq ekran vaqti ajratilsa, har birining syujet arkasi ishlab chiqilsa, ularning oʻlimi taʼsirliroq chiqardi. Ekspozitsiya qanday boʻlishiga misol qilib “Istedodli janob Ripli” (1 soat 20 daqiqa) va “Xaytarma” (48 daqiqa) filmlarini koʻrsatgan boʻlardim.

Bu soʻzlarimga javoban film ijodkorlari “Bu bizning nuqtayi nazarimiz, ularning oʻlimini emas, onasining hissiyotlariga urgʻu berdik” deya eʼtiroz bildirishlari mumkin. Shundan kelib chiqib, keyingi masalaga oʻtaman.

Bosh planda – bosh qahramon

Qoʻlimizda tayyor syujet tuguni turibdi. Ona besh farzandini urushga yuboradi. Farzandlarining hech biri qaytib kelmaydi. Bir qarashda bari oddiydek, ekranda nimani koʻrsatish tayindek. Aslida bu tugunni gʻoyaviy va texnik toʻldirish sanʼatkordan fantaziya, bilim, ijodkorlik talab qiladi. Film voqeani turli rakurslardan, turli qahramonlar nuqtayi nazaridan koʻrsatishi mumkin, u yoki bu qahramonning tuygʻulariga koʻproq urgʻu berishi mumkin, syujetni har xil qurish mumkin. Deylik, voqealarni bir boshidan bayon etish mumkin; faqat qishloqdagi voqealarni koʻrsatish mumkin; qishloqni va frontni navbatma-navbat koʻrsatish mumkin; voqealar ketma-ketligini oʻzgartirish, masalan, bayonni oʻrtadan boshlash mumkin; faqat onaning tuygʻulariga urgʻu berish mumkin; aka-ukalardan birigagina urgʻu berish mumkin; xullas, yoʻl-yoʻriq koʻp.

Oxirgi yillarda urush haqida chiqarilgan oʻzbek filmlaridan qurilishi menga eng maʼqul tushgani “Berlin – Oqqoʻrgʻon” boʻldi. Bir necha zamon va makonda boʻlayotgan voqealar bir necha qahramon nuqtayi nazaridan koʻrsatilib, oxirida barcha syujet chiziqlari ustalik bilan bogʻlab yuborilgan. “Ilhaq”dan ham mana shunday nochiziqli syujet kutgandim, shunga balki koʻnglim toʻlmagandir.

Menga qolsa, asosiy urgʻuni Zulfiya aya roliga bergan boʻlardim. Olis qishloqda yashab, minglab kilometr narida jigarining parchalarini yoʻqotayotgan mushfiq ona obrazi film markazida tursa, uning nigohlari, tuygʻulari koʻproq yirik planda koʻrsatilsa, obraz film oxiriga qadar oʻzgarib, rivojlanib borsa – odatiy yashab yurgan ayol birovning urushida farzandlarini yoʻqotib, hayot fojiasi qaddini bukib qoʻygan, lekin sindira olmagan mard qahramonga aylansa, kartina tuygʻularni junbushga keltirishi mumkin edi.

Front hayotini koʻproq koʻrsatish, Zulfiya ayaning oʻgʻillariga urgʻu berish, har birining oʻlimini fojiali epizodga aylantirish ham juda yaxshi priyom boʻlardi. Sevgan qahramoning oʻlishini bilasan, lekin buning oldini ololmaysan, navbatdagi aka-ukaning oʻlimini mahkum etilgan odamday kutasan. Mana shunday hissiyot kutgan edim “Ilhaq”dan.

Lekin kartinada nafaqat Zulfiya aya va uning farzandlaridan tashqari, ularning atrofidagi odamlarga – turmush oʻrtoqlariga, doʻstlariga, yorlariga, ularning qarindoshlariga, qishloq raisiga, pochtachiga, qishloqdoshlarga koʻp eʼtibor qaratilgan. Natijada bosh qahramonlar ham oʻzini koʻrsatish yetarli vaqtga ega boʻlmagan, ikkilamchi personajlarning ham anchagina ochilmay qolib ketgan. Juda yaxshi misol: aka-ukalardan biri – Muhammadjon (Fotih Nasimov) doʻsti Zurabning oʻlimidan taʼsirlanib, oʻzini aqlsizlarcha ajal domiga tashlaydi.

Yuqorida aytganimizdek, filmning bosh qahramonlari boʻlmish aka-ukalar qalbimizdan joy olib ulgurmay oʻlib ketdi – ularning oʻziga xosliklarini, motivlarini, feʼl-atvorini bilmaymiz. Koʻpchilik hatto ularning ismlarini eslab qolganiga shubham bor. Zurab esa ulardan yomon ahvolda – bir-ikki daqiqagina koʻrsatildi. Bu obrazning halokati nega bosh qahramonlardan birini bu qadar junbushga keltirdi, buni tushunmay qoldik. Qahramon oʻzini qurbon qilishi asossizday tuyuldi. Esda qolarli, taʼsirli va yaxshi asoslangan oʻlim sahnalaridan “Qargʻalar uchsa qaraylik”ni aytib oʻzini qurbon qilgan Ahmadjonni (Iskandar Elmurodov) yodga olish mumkin.

Bir qahramonga emas, butun davrga, katta jamoaga bagʻishlangan asarlar odatda epopeya janrida boʻladi. Lekin “Ilhaq” ijodkorlari epopeya yaratishga uringan deb oʻylamayman. Fabulani qanday rejalashtirishgan va nimani koʻrsatishga intilishgan – buni aniq bilmayman, lekin rejalari yetarlicha samara bermadi. Menimcha.

Yana nimalar yoqdi, nimalar yoqmadi?

Filmni har tomonlama tahlildan oʻtkazish juda koʻp vaqt, sahifa va mehnat talab qiladi. Bunday chuqur tahlilni juda yaxshi koʻraman, lekin ushbu maqola formati qisqalikni taqozo etadi – bu ilmiy matn emas, keng ommaga moʻljallangan qisqa taqriz. Shu bois “Ilhaq”ning qolgan jihatlariga qisqacha toʻxtalaman.

– Yuqorida koʻrib chiqilgan kamchiliklarga qaramay, kartina maʼlum darajada tomoshabinga taʼsir qila oladi, ayniqsa birinchi koʻrishda. Bunga erishish uchun mualliflar urush haqidagi filmlarda keng tarqalgan klishelarga – qolip obrazlar va situatsiyalarga murojaat qilgan. Misollar – burch va manfaat oʻrtasida qolib ketgan rais, qora xat olib kelaverishdan jigar-bagʻri ezilib ketgan pochtachi, bu pochtachini urib alamini olayotgan ayollar, beshafqat harbiylar, urushdan qochib yurgan yoshlar.

Bu klishelarni urush haqida asarlarda juda koʻp uchratganmiz. Ular bir martalik emotsional taʼsir oʻtkaza oladi, lekin yodda qolib ketmaydi, asarning originalligini tushiradi. Yana “Sen yetim emassan”ga qaytamiz – unda ajoyib, esda qolib ketadigan noyob epizodlar nihoyatda koʻp. Umuman, “Sen yetim emassan” oʻzbek kinematografida urush haqidagi filmlarning oltin standartini shu qadar yuqoriga koʻtarib yuborganki, unga yetish tugul u bilan qiyosdan qochish juda qiyin.

– Oʻzbek kinosida operatorlar ishi koʻpdan buyon maqtovga sazovor boʻlib kelmoqda. “Ilhaq”da ham operatorlar ajoyib ishlagani koʻrinib turibdi. Kadr sifatli chiqqan, filmning maromini yaxshi boshqargan, shuningdek, sovet kinosining kadriga oʻxshatma qilingan joylar bor – xuddi klassik kino koʻrayotganday boʻlasiz. Bu bilan operatorlar sovet davrini jonliroq koʻrsatishga uringan boʻlsa kerak. Chamamda, filmga yirik va detalli planlar yetishmagan – bu qahramonlarning xarakterini ochib berishga, ekranda oʻziga xos atmosfera yaratishga xizmat qilgan boʻlardi.

– Aktyorlarning prototiplarga tashqi oʻxshashligiga urgʻu berilgan. Umuman olganda, aktyorlar rollarini yaxshi ijro etgan, kuchli ishlar bor, lekin bir talay obrazlar ochilmay qolgan (masalan, Yigitali Mamajonov ijrosidagi Shokir va Rayhona Asadova ijrosidagi Zulayho rollari). Hammaga ekran vaqti yetmagani yoki ssenariydagi kamchiliklar bunga sabab boʻlgan boʻlsa kerak.

Deylik, rais (Tohir Saidov), pochtachi Chori (Rahmatilla Qurbonov) va raisning oʻgʻli Mels (Bahodir Ahmedov) personajlari juda yaxshi jonlantirib berilgan, lekin Zulfiya ayadan (Dilorom Karimova) favqulodda performans va “Bittasiyam qaytib kelmadi-ya”dan koʻra kuchliroq final kutgan edim. Fotih Nasimov doimgidek kuchli oʻynagan, ammo uning qahramoni ham yirik planlar va ekran vaqti kamligidan aziyat chekkan.

– Saund-treklar chiroyli va taʼsirli chiqqan, oʻrinli ishlatilgan, lekin ular ham rivojlanmay qolgan. Musiqa shunchaki fon emas, u dramatizmni kuchaytirishga, personajlar feʼl-atvorini ochib berishga xizmat qiladi. Kinoga xulosalovchi fojiali musiqa yetishmagan. Urush tematikasidagi oʻzbek kinolarida saund-trek bilan ishlashning juda yaxshi namunasi – Zulfiqor Musoqovning “Berlin – Oqqoʻrgʻon” filmi.

– Postanovka sifatli, sunʼiy epizodlar deyarli koʻrmadim, faqat Isoqjonni (Ilhom Sodiqov) va Vahobjonni (Husan Rashidov) qatl etgan fashist zobiti Turkistonni bunchalik yaxshi bilishi-yu, ikki aka-uka oʻlimidan oldin bir yerda uchrashib qolgani (va fashistlar ularning aka-uka ekanini bilishi) notabiiydek koʻrindi.

– Tarixiy muhit juda yaxshi jonlantirilgan. Balki qandaydir nuqsonlar bordir, birinchi koʻrishda ularni payqamadim. Bundan yaqqol koʻzga tashlanadigan xatolar yoʻq degan xulosaga keldim. Fonda koʻproq radio yangrasa, ekranda koʻproq urush atributlari, faxriylar, plakatlar koʻrinsa, manzara yana-da jonliroq boʻlardi.

“Ilhaq”ning yana bir shubhasiz yutuqlaridan biri u SSSR propagandasiga aylanib qolmaganidadir. Ikkinchi jahon urushi voqealari ortiq darajada siyosiylashtirib yuborilayotgan bugungi zamonda bu mavzuga siyosatni qoʻshmay qoʻl urish juda qiyin boʻlib qoldi – yondashuvingiz albatta u yoki bu tomonga yoqmaydi. Jahongir Ahmedov bayonda xolislikni saqlagan, dohiylarning manfaatlari toʻqnashuvida qolib ketib qurbon boʻlgan, taqdiri singan oddiy odamlarni yaxshi koʻrsatib bera olgan. Film urushning yomonligini va beshafqatligini, urushga bahona qilib koʻrsatiladigan ideallar tinch turmushimizni buzishga va jonimizni qurbon qilishimizga arzimasligini koʻrsatib bergan – shu bois oxirida raisning koʻzi ochildi, shu bois urushda oʻlib ketishni xohlamagan Melsni salbiy obraz hisoblamayman, uning motivlarini tushunaman.

Filmdan olgan xulosam quyidagicha. Kecha ukangning toʻyida raqs tushayotgan eding, ertaga esa oʻzing tanimaydigan odamlarga qarshi qurol koʻtarib, ularning qurolidan juvonmarg boʻlishing mumkin. Inson hayoti buzilib ketishi naqadar osonligi, siz-u biz kabi odamlar kimlarningdir oʻylamay qoʻyilgan imzosi-yu, allakimlarning manfaatlari yoʻlida bekordan-bekor juvonmarg boʻlishi, bu ularning yaqinlariga mislsiz azob berishi mumkinligidan darak beradi bu film. “Ilhaq”ni eng kamida mana shu xulosa uchun ham koʻrish kerak.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.