Turkiy tilli xalqlarning taniqli sanʼatkorlari Hulkar Abdullayevaning “Paqa-paq” qoʻshigʻini Zoom orqali birgalikda ijro etdi
“Xiva – 2020-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilingani munosabati bilan turkiy tilli davlatlarning taniqli sanʼatkorlari xonanda Hulkar Abdullayevaning “Paqa-paq” qoʻshigʻini birgalikda ijro etdi. Bu haqda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xabar berdi.
Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tatariston, Turkmaniston, Turkiya, Qrim, Moldova, Kabarda-Balkariya, Oʻzbekiston sanʼatkorlari Zoom orqali bir joyga toʻplanib, Hulkar Abdullayevaga joʻr boʻlib, “Paqa-paq” qoʻshigʻini kuylagan.
«Koʻhna Xiva yurtimizga xorijlik sayyohlarni eng koʻp jalb etuvchi qadimiy shaharlardan biri. Xorazm zaminining goʻzal va navqiron bu goʻshasi 2020-yilda turk dunyosi madaniyati poytaxti maqomiga sazovor boʻldi. Bu bizlar uchun faxr va iftixor tuygʻusidir.
Moziy sahnasida ne-ne istilolarga boʻyin egmagan Xiva, hamon serviqor koʻrinishini yoʻqotmagan va uning dovrugʻi butun dunyoga tarqalmoqda.
ʻXiva – 2020-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxtiʻ deb eʼlon qilingani munosabati bilan barcha qardosh turkiy xalqlarning taniqli sanʼatkorlari birgalikda qoʻshiq kuylashdi.
Bugungi sinovli kunlarda ijro etilgan ushbu qoʻshiq dunyo xalqlarini qalban yana-da yaqinlashtiradi», — deb yozadi Ozodbek Nazarbekov.