1942-yilda xivalik Samandar ota Xudoyberganovning harbiy xizmatga ketganiga 3 yil toʻlgandi.

Kunlardan birida uning uyiga fashizmga qarshi kurashish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgani toʻgʻrisida qora xat keladi. Yolgʻiz farzand dogʻi ota-onasining qaddini bukib qoʻydi. Jigarbandi oʻlimi haqidagi xabarni koʻtara olmagan onasi Shirin aya koʻz nuridan ajralib, ogʻir betob boʻlib qoldi…

Urushda ikkinchi marta dunyoga kelgan Samandar ota bir asrlik dovondan oʻtib, bu yil 102 yoshga toʻldi. Uning frontda vafot etgani haqidagi xabar, aslida notoʻgʻri maʼlumot sabab kelib qolgan edi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar bermoqda.

Taʼkidlanishicha, bu xatdan keyin oradan 6-7 oy oʻtadi. Samandar ota tinimsiz uyga xat yozishda davom etaveradi. Ammo uydan javob xatlari kelmaydi. Buning sababchisi tuman pochtachisi boʻlib chiqadi. “Qora xat kelgan uyga kimdir Samandar nomidan xatlar yozib, ota-onasining yarasiga tuz sepmoqchi”, degan fikrda pochtachi barcha xatlarni yirtib tashlayveradi.

Xatlarning keti uzilmaganidan keyin oʻylanib qoladi va Samandar ota ilgari ishlagan idoraga xatlardan birini olib boradi. U yerda Samandar otaning shogirdlari xatlarni ustozi yozayotganini xusnixatidan tanib qolishadi. Keyin hamma birgalashib jangda vafot etgani haqida xabar olgan va farzandini allaqachon hayolan koʻmishgan ota-onaga oʻgʻli tirik ekanini, xatlar yozib turganini aytishadi. Jigarbandining ayriligʻidan qalbi qonga toʻlgan ota-ona boshida bu gaplarga ishonmaydi.

Taʼkidlash joizki, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan gʻalaba qozonishda Xorazm viloyati ahlining ham munosib hissasi bor, albatta. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, urushning birinchi kunlaridanoq Xorazm viloyati harbiy komissariyatiga ixtiyoriy ravishda frontga yuborish haqida 1156 ariza kelib tushgan, shundan 47 tasi ayollardan edi. Xorazmdan 67 mingdan ziyod yigit-qizlar urushda qatnashadi.

Ha, urush sabab Samandar ota ikkinchi bor dunyoga keldi. U olovlar orasidan omon chiqdi. Taqdiriga yashash bitilgan ekan, mana bugun osoyishta kunlarga shukronalar keltirib, umrguzaronlik qilmoqda.

Samandar ota 1941-yilda urushga safarbar etilgan. Kiyev, Sverdlovsk, Xarkov, Mariupol, Melitopol, Voronej, Jitomir, Dnepropetrovsk oʻlkalaridagi qonli janglarda fashizm bilan mardonavor kurash olib bordi. 1945-yilning iyun oyi oʻrtalarida Oʻzbekistonga qaytib keldi. Ammo u kelganida onasi Shirin momo olamdan oʻtgan edi. Hayot Samandar otani ana shunday ogʻir sinovlar bilan siyladi. Otaxon ularning barchasini qatʼiyat va iroda bilan yengib chiqdi.

1964-1970-yillarda Samandar ota Toshkent qishloq xoʻjaligi institutida tahsil oldi va oila qurdi. Turmush oʻrtogʻi Anabibi aya bilan 7 nafar farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalashdi. Ularning bari oliy maʼlumotli boʻlishiga erishishdi.

Bayram arafasida uning holidan xabar olmoq uchun tabarruk otaxon xonadoniga harbiy xizmatchilar kelishdi. Tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari otaxonni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, uning sogʻligini koʻrikdan oʻtkazdi. Harbiylar otaxon hovlisida obodonlashtirish ishlarini oʻtkazib, uyini bayramga hozirlab qoʻyishdi. Yuqumli kasalliklardan himoyalash maqsadida hudud dezinfeksiya qilindi.

102 yoshni qarshilagan otaxon bugun yuzlab nevara, chevaralar, farzandlar ardogʻida. Samandar ota bu yilgi 9-may – Xotira va qadrlash kunini oʻzgacha bir ishtiyoq bilan kutmoqda. Zero bu yil Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk gʻalabaning 75 yilligini koʻrish unga nasib etmoqda.

Facebook Comments