Oʻzbekistondagi turkiyaliklardan sardobadagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun muhim yordam berildi. Bu haqda Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Matbuot maslahatchisi Davut Gazi Benli EFFECT.UZ axborot agentligiga maʼlum qildi.

“Sirdaryo viloyatidagi Sardoba toʻgʻoni falokati tufayli ogʻir ahvolda qolgan qardoshlarimizga yordam maqsadida, Oʻzbekistondagi turklar va turk tadbirkorlari, Oʻzbekiston va Turkiya ishbilarmonlar uyushmasi (UTID) va Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida “Turkiyadan salomlar! Sardoba, biz birgamiz!” deb nomlangan jamgʻarma falokatning dastlabki kunidanoq tashkil qilingan edi”, deyiladi xabarda.

Bugungi kunga kelib jamgʻarmada 686,500,000 soʻm va 10,300 AQSH dollari miqdorida yordam puli yigʻilgan. Ushbu mablagʻ Oʻzbekiston hukumati tomonidan Sardoba uchun ochilgan rasmiy hisobga oʻtkazilgan.

Asiya davom etmoqda va kelgusida yigʻiladigan moddiy yordam takror eʼlon qilinib, rasmiy hisob raqamiga oʻtkaziladi.

“Oʻzbekistonda yashaydigan turklar har qanday vaziyatda har doim Oʻzbekistonlik birodarlarimizga dalda boʻlishda davom etadilar”, deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.

Maʼlumot uchun, 1-may kuni Sirdaryoning Sardoba tumanida roʻy bergan suv toshqini oqibatida atrofdagi hududlardan, jumladan Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan ham jami 90 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi.

Suv Qozogʻiston janubiga kirib borishi tufayli Turkiston viloyati Maqtaraal tumanida 10ta qishloqni suv bosdi va xavfli hududlardan 30 mingdan ortiq kishi koʻchirildi. Toshqin oqibatida, Milliy gvardiyaning bir nafar xodimi suvda oqib halok boʻldi, yana biri ayni vaqtda qidirilmoqda.

Facebook Comments