Xorazm viloyatida 7 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyati tiklandi, deya xabar bermoqda OʻzA.

Jumladan, Xorazm viloyatida karantin davrida tadbirkorlik subyektlariga 39 milliard 330 million soʻmlik soliqlarni toʻlash muddatini kechiktirishga ruxsat berildi. Karantin sababli vaqtincha moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan va soliqlarni toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliqlarni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash huquqini berishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Prezidentning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan uch turdagi – mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish boʻyicha yengilliklar berildi. Bu yengilliklar asosan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda ushbu resurslardan foydalanganlik uchun foizlarni undirmasdan 6 oygacha kechiktirish yaʼni boʻlib-boʻlib toʻlashi belgilandi.

“Mazkur farmon yuzasidan viloyat boʻylab 102 ta tadbirkorlik subyektidan 2 milliard 662 million soʻmga yaqin soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish boʻyicha murojaatlar kelib tushgan. Bugungi kunga qadar viloyat boʻyicha 41 ta tadbirkorlik subyektiga 1 milliard 31 million 700 ming soʻm miqdoridagi mahalliy soliqlarni toʻlash muddatlarini uzaytirish boʻyicha imkoniyat berildi. Qolgan 61 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarining soliq toʻlovlari muddatini uzaytirish boʻyicha qilgan murojaatlari koʻrib chiqilmoqda, deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Roman Otajonov.

Ushbu imtiyozlar soliq toʻlovchining murojaatiga koʻra beriladi.

“Karantin davrida soliqlarni toʻlashda qiyinchiliklarga uchrab qolamiz, degan xavotirda edim. Koronavirus pandemiyasi iqtisodiyot tarmoqlarini oʻz domiga tortib ketishi ehtimoli ham yoʻq emas edi, biroq Prezidentimiz tomonidan oʻz vaqtida qabul qilingan farmonlarga binoan Urganch shahar davlat soliq inspeksiyasiga murojaat qildim. Tizim xodimlari murojaatimni oʻz vaqtida qabul qilib jamiyatimizga 42 million 600 ming soʻm miqdoridagi toʻlashim kerak boʻlgan soliqlarni 6 oy davomida boʻlib – boʻlib toʻlash imkoniyatini berishdi”, deydi “Darital shoyes” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Gavhar Jumanova.

Soliq qodeksining 99-moddasiga asosan mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash vakolati berildi. Soliq toʻlovchilarning murojaatiga asosan mahalliy hokimiyat organlari tomonidan mazkur soliq turlari boʻyicha soliqlarni 6 oyga kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi.

“Karantin sababli vaqtincha moliyaviy qiyinchiliklarni duch kelayotgan edik. Soliq idorasi xodimlari qilgan murojaatimni inobatga olib jamiyatimizga 163 million 400 ming soʻm miqdoridagi yer soligʻi toʻlash muddatini 6 oyga uzaytirib berishdi. Berilayotgan bunday imkoniyatlar jamiyatimiz rivoji uchun albatta katta turtki boʻladi”, deydi “Urganch buyum savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Farhod Eshchanov.

Mazkur farmon bilan 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha boʻlgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytiriladigan boʻldi. Xususan, viloyat miqyosida jami 15 ming 456 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, imtiyoz natijasida ijtimoiy soliqdan 50 foizga kamaytirildi.

Faoliyati turizm sohasiga bevosita bogʻliq boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalari 30 foizga kamaytirildi. Shuningdek, karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi qatʼiy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatildi. Ushbu yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatni toʻxtatganlik toʻgʻrisida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlari xabardor qilinadi va bunda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida guvohnomani topshirish talab etilmaydi.

“Yangi tahrirdagi soliq kodeksi boʻyicha jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soliqlarini teng ulushlarda 2 ga boʻlib toʻlash, yaʼni 15-aprel va 15-oktyabrgacha qilib belgilangan edi. Farmonga binoan ushbu muddat ham joriy yil 15-oktyabrgacha qilib uzaytirildi. Biroq, bugungi kunda karantin vaqtida soliqlarni toʻlab, “Vatanimning xayrli ishlariga oʻz hissamni qoʻshaman!” deb mobil ilovalar orqali soliq toʻlovlarini amalga oshirib turgan fuqarolar ham bor. Ular oʻzlarining soliq majburiyatlarini bajarishni ortga surmay, vaziyatni toʻgʻri baholab, masʼuliyatni his qilgan holda toʻgʻri qaror qabul qilgan insonlardir”, deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Roman Otajonov.

Tahlillarga koʻra, viloyatda jami 20 ming 739 ta tadbirkorlik subyektlari mavjud boʻlib, 8 ming 923 tasi pandemiya vaqtida oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi. Karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatgan holda iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalarning barqaror faoliyati taʼminlanmoqda. Xususan, sanitariya qoidalariga rioya etgan holda 7 ming 22 ta tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatini tikladi.

Facebook Comments