Bugun, 8-may kuni uchta viloyatdan 32 nafar bemor butunlay sogʻaydi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Maʼlum qilinishicha, Sirdaryo viloyatidan 8 nafar, Namangan viloyatidan 22 nafar hamda Andijon viloyatidan 2 nafar, jami 32 nafar bemor butunlay sogʻaydi.

Sirdaryoda sogʻayganlarning barchasi Qozogʻiston Respublikasidan kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Ularning 5 nafari Samarqand viloyatidan, 2 nafari Toshkent viloyatidan, 1 nafari esa Sirdaryo viloyatidan. Bemorlarning barchasi erkak boʻlib, eng yoshi kattasi 44 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 21 yoshda. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatilmoqda. Viloyatda shu paytga qadar 5 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 13 nafarga yetdi.

Namanganda tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 10 nafari erkak, 12 nafari ayol boʻlib, eng yoshi kattasi 73 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 7 yoshda. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatilgan. Viloyatda shu paytga qadar 137 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 159 nafarga yetdi.

Andijonda darddan forigʻ boʻlganlarning ikkalasi ham (32 yoshli ayol va 28 yoshli erkak) Andijon shahridan boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatildi. Viloyatda shu paytga qadar 133 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 135 nafarga yetdi.

Taʼkidlash kerakki, 8-may kuni soat 12:00 holatiga koʻra Respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sogʻayganlar 1688 nafarga yetdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda kasallanish holatlari soni kamayib, epidemiologik vaziyat barqarorlashib borayotgani munosabati bilan, Oʻzbekiston hukumati karantin choralarini yumshatishga qaror qilgan, mamlakat “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratilgan.

Maʼlumot uchun, 15-mart kuni rasman Oʻzbekistonda infeksiya tasdiqlangach, 10 kishi vafot etdi. 7-may kunida 79 nafar koronavirusga chalingan bemor butunlay sogʻayib, xastalikdan forigʻ boʻlgan.

Facebook Comments