Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozogʻiston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan Gʻalaba kuni munosabati bilan bir-birlarini tabriklab, ikki mamlakat faxriylari va birodar xalqlariga tinchlik, sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar.

Chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Jabr koʻrgan tumanlarda aholiga manzilli yordam koʻrsatish va infratuzilmani tiklash boʻyicha navbatdagi qadamlar kelishib olindi. Prezidentlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq joriy epidemiologik vaziyatni ham koʻrib chiqdilar. Pandemiyaga qarshi kurash, aholi va biznes uchun cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida mamlakatlarimizda koʻrilayotgan choralar qoʻllab-quvvatlandi.

Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni tez fursatlarda amalga oshirish, jumladan, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, qayta ishlash sanoati, transport va logistika, boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Suhbat yakunida koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklikka asoslangan keng koʻlamli Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligini kengaytirishga intilish qatʼiy ekani taʼkidlangan.

Facebook Comments