“Sardoba” suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishi oqibatida suv bosgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 2020−2021-yillar davomida 50 ta koʻp qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga dastlabki mablagʻ, 100 milliard soʻm ajratildi, deya xabar bermoqda OʻzA.

Prezidentning “Sardoba” suv omboridagi oʻpirilish tufayli suv toshqinidan talofat koʻrgan hududlarni tartibga keltirish maqsadida bergan koʻrsatmalari asosida ayni paytda Sirdaryo viloyatida 1 ming 200 dan ortiq maxsus-muhandislik texnikalari ishlatilib, 80 dan ortiq yongʻin oʻchirish mashinalari, 100 dan ortiq motopompalar bilan toshqindan qolgan koʻlmak suv tortib olinmoqda.

Shu kunga kelib, suv bosgan hududning katta qismida suv sezilarli darajada kamaydi. Xavfsiz va yashash uchun toʻliq sharoit mavjud deb topilgan aholi punktlarga fuqarolar qaytarilmoqda. Inson hayoti kutilmagan sinovlarga boy. Sardoba suv omboridagi talofat ham sirdaryoliklarning matonatini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi. Davlat rahbarining talofatdan jabr koʻrgan Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumani aholisiga madad boʻlishi ularning qalbida umid uchqunlarini uygʻotdi.

Davlat rahbari tomonidan hudud aholisini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida mutasaddi vazirlik va masʼul rahbarlarga bergan topshiriqlari ijrosi doirasida tabiiy ofat keltirgan zararni bartaraf etish, hududni loyqa va koʻlmaklardan tozalash, avtomobil yoʻllarini tiklash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatining “Sardoba” suv omboridagi avariya va uning oqibatida elektr taʼminotida vujudga kelgan uzilishlar, turli darajadagi texnik avariyaviy holatlarni qayta tiklash maqsadida tunu kun ish olib borildi.

Ushbu mashaqqatlar samarasida bugun evakuatsiyadan qaytgan Oqoltin tumanidagi Saxovat, Alisher Navoiy nomli, Ahillik, Shodlik mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 1 ming 531 xonadonda, Mirzaobod tumanining Doʻngariq mahallasida 120 dan ortiq isteʼmolchilar xonadonida elektr chiroqlari yana qayta nur socha boshladi.

Mazkur hududlar aholisi toshqin paytida xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan edi. Bu hududlarda xavf-xatar bartaraf etilib, tozalik va tartib oʻrnatildi. Jami 3 ming 200 yaqin aholi xonadonlari elektr taʼminoti qayta tiklandi va fuqarolar yana oʻz xonadonlariga qaytarildi.

Tabiiy ofatdan zarar koʻrgan avtomobil yoʻllarida ham tozalash-tiklash-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

“Suv toshqini oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari hududidagi jami 91 kilometrlik xalqaro, viloyatlararo va tumanlararo avtomobil yoʻlari foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan, – deydi Respublika Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Nazarov.

Toshkent – Termiz yoʻnalishidagi Oqoltin Mirzaobod tumanlari hududidagi 23 kilometr masofasi foydalanishga yaroqsiz ahvolda. Tiklash, taʼmirlash va qurilish ishlariga 1 ming 500 nafar yoʻlsoz, muhandis, quruvchi, ishchi va xizmatchilar, 300 dan ortiq maxsus yoʻl taʼmirlash texnikalari jalb etilgan.

Toshqindan bir necha kun muqaddam Sirdaryo tumanida ish boshlagan asfalt zavodi ishni bir muncha yengillashtirdi. Yangi Sirdaryo asfalt –zavodida bir kecha-kunduzda 2 ming 500 tonna asfalt ishlab chiqarilmoqda.

“Sirdaryo tumanida yangidan barpo etilgan va Yangiyerdagi 2 ta, Jizzax va Toshkent viloyatlaridagi 1 tadan asfalt zavodlari suv toshqinidan zarar koʻrgan avtomobil yoʻllarini tiklash-taʼmirlash uchun mahsulot yetkazayotir”, deydi Respublika Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Obid Adilov.

Viloyat, 3 ta shahar va 8 ta tuman yoʻl quruvchilari maxsus texnikalari bilan, bundan tashqari, respublikamizning qoʻshni va Sirdaryoga yaqinroq viloyatlaridan ham yana 200 ta maxsus yoʻl qurilish, taʼmirlash, tashish texnikalari jalb etiladi.

Boshqa viloyatlardan hamda Sirdaryo viloyatining boshqa shahar va tumanlaridan kelib tiklash-taʼmirlash ishlarida ishtirok etayotgan yoʻl qurilishida ishtirok etayotgan ishchi-xizmatchilarga yotoq tashkil etilib, maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlangan. Shu yerning oʻzida 3 mahal issiq ovqat hamda antiseptik vositalar bilan toʻliq taʼminlangan.

“Brigadamizdagi Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida yashovchilarni avtobusda uylariga olib borib-olib kelib qoʻyayotir. Toza, sifatli va unumli mehnat qilishimiz, avtomobil yoʻllarini qisqa fursatlarda qayta tiklashishimiz, taʼmirlashimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oylik maoshimiz – ishbay, qancha sifatli va koʻproq ish bajarsak, shuncha koʻproq maosh olamiz”, deydi mirzaobodlik ishchi Adham Hasanov.

Shu oʻrinda, tozalash, tiklash, taʼmirlash, qayta qurish va boshqa kommunikatsiya ishlari, koʻlmak suv va loyqani tortib chiqarish va aholi yashash punktlarini dezinfeksiyalash kabi ishlarda nafaqat quruvchi va yoʻlsozlar, balki, respublika Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya va boshqa tizimlar, davlat xizmatlari agentligining 2 mingga yaqin maxsus texnikasi ishlamoqda.

Muxtasar qilib aytganda, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi toshqindan talofat koʻrgan hududlarda tozalash, tiklash, taʼmirlash, qurilish ishlari qizgʻin va shiddat bilan olib borilmoqda.

Maʼlumot uchun, 1-may kuni Sirdaryoning Sardoba tumanida roʻy bergan suv toshqini oqibatida atrofdagi hududlardan, jumladan Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan ham jami 90 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi. Suv Qozogʻiston janubiga kirib borishi tufayli Turkiston viloyati Maqtaraal tumanida 10ta qishloqni suv bosdi va xavfli hududlardan 30 mingdan ortiq kishi koʻchirildi.

Eslatib oʻtamiz, rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov Sardoba tumanidagi suv ombori toʻgʻoni buzilishi va suv toshqini yuzaga kelishidan jabr koʻrgan aholiga koʻmak berish uchun 15 million dollar miqdorida xayriya mablagʻi ajratdi. Ushbu mablagʻning 10 million dollarlik qismi Oʻzbekiston uchun, 5 million dollari esa Qozogʻiston uchun taqdim etiladi.

Facebook Comments