Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba suv ombori” toʻgʻonida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston respublikasi prezidentining farmoyishi eʼlon qilindi.

Farmonga koʻra, hukumat komissiyasining tarkibi hamda vazifalari belgilangan. Hukumat komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, Ochilboy Ramatov kiritilmagan.

Eslatib oʻtamiz, Sardobadagi favqulodda hodisa yuzasidan JKning 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini olib borish DXX organlariga yuklatilgan.

Maʼlumki, 1-may kuni Sirdaryo viloyatida esgan kuchli shamol va yogʻingarchiliklar oqibatida tabiiy ofat yuz berdi. Natijada Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani hududidagi “Sardoba suv ombori” toʻgʻonidan suv toshib, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi bir qancha aholi punktlari, ijtimoiy soha obyektlari, qishloq xoʻjaligi ekinlari, shu jumladan, gʻalla, paxta maydonlari va boshqa ekinlar jiddiy talafot koʻrdi.

Yuz bergan favqulodda hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, avariya-tiklash, qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini tez kunlarda qayta joylashtirish va ekishni, zarar koʻrgan aholiga har tomonlama tezkor amaliy yordam koʻrsatish hamda hodisa sabablarini chuqur oʻrganish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish boʻyicha amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida:

1. Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba suv ombori” toʻgʻonidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini oʻrganish boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

2. Hukumat komissiyasi (A. Aripov) zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

“Sardoba suv ombori” toʻgʻonidan suv toshishi oqibatida iqtisodiyot tarmoqlarida, birinchi navbatda, qishloq xoʻjaligi, yoʻl-transport va irrigatsiya tizimlari, ijtimoiy soha, aholi uy-joy fondi, noturar joy binolariga yetkazilgan zarar va yoʻqotishlar miqdorini aniqlash va baholash;

suv toshqini oqibatida evakuatsiya qilingan va zarar koʻrgan fuqarolarga amaliy koʻmak koʻrsatish, vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, tibbiy-psixologik yordam va boshqa zarur sharoitlarni yaratish;

suv toshishi oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik-transport kommunikatsiyalari, qishloq xoʻjaligi va irrigatsiya infratuzilmasi hamda boshqa hayotiy muhim obyektlar va tizimlarni, uy-joy va kommunal xoʻjaligini tiklash va ishchanlik holatiga keltirish;

qurilish-tiklash ishlariga zarur boʻladigan barcha turdagi qurilish materiallarining miqdorini aniqlash va ularni respublikaning turli hududlaridagi ishlab chiqarish korxonalaridan kerakli hajmda yetkazilishini taʼminlash;

qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida yetkazilgan zararlar, ekin maydonlaridagi yoʻqotishlar va nobudgarchiliklar oʻrnini qoplash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tiklash choralarini koʻrish;

tez kunlarda nobud boʻlgan ekin maydonlarini toʻliq oʻrganib chiqib, qisqa muddatlarda boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ekishni tashkil etish, zarar koʻrganqishloq xoʻjaligi obyektlarinitiklash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilash;

“Sardoba suv ombori” toʻgʻonidan suv toshishiga olib kelgan sabablarni har tomonlama chuqur va atroflicha oʻrganish hamda kelgusida bunday holatlarning respublika miqyosida oldini olish boʻyicha amaliy takliflarni ishlab chiqish;

respublikamizning boshqa hududlarida joylashgan gidrotexnika inshootlari jismoniy xavfsizligi, yaxlitligi va butligini doimiy monitoring qilish, oʻz vaqtida nazorat-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, suv omborlari va toʻgʻonlarga tutash hududlar va aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolarni favqulodda vaziyat yuzaga kelishi xavfi haqida xabardor etish tizimini takomillashtirish yuzasidan aniq choralar koʻrish;

suv omborlari va toʻgʻonlardan suv toshishi davrida mutasaddi vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va favqulodda xizmatlar, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlarining xatti-harakatlar algoritmi va oʻzaro hamkorligining samarali mexanizmlarini yaratish.

3. Hukumat komissiyasi (A. Aripov) quyidagilarni taʼminlasin:

Sirdaryo viloyatining suv bosgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida boshqaruv organlari va sektor rahbarlarining sutkalik navbatchiligini tashkil etish;

mutasaddi vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida yetkazilgan zarar va yoʻqotishlar koʻlamini hamda ajratiladigan moliyaviy mablagʻlarni inobatga olgan holda favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish;

suv bosgan hududlardan evakuatsiya qilingan fuqarolarni vaqtinchalik yashash manzillariga joylashtirish, ularni oziq-ovqat va dori vositalari, zarur gigiyenik vositalar bilan taʼminlash, tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish ishlarini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan evakuatsiya qilingan aholining tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, ularning vaqtinchalik yashash manzillarida sanitar-epidemiologik tadbirlarni oʻtkazish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (N. Yoʻldoshev), Ichki ishlar vazirligi (Sh. Sobirov), Milliy gvardiyasi (R. Djurayev) mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagi zarur choralarni koʻrsin:

yashash joylaridan boshqa hududlarga evakuatsiya qilingan aholini uzluksiz zarur oziq-ovqat mahsulotlari, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, yotoq anjomlari, shuningdek, kuniga uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlash;

Sirdaryo viloyatining suv bosgan tumanlarida xavfli hududlar qurshab olinishi, blok-postlar, nazorat-oʻtkazish punktlari va patrullik xizmatini tashkil etish, ushbu hududlarda jinoyatchilikning oldini olish va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash;

aholi orasida yolgʻon, notoʻgʻri maʼlumot va xabarlar hamda sarosima kayfiyat tarqalishining oldini olish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (T. Ishmetov) uch kun muddatda yuz bergan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish, shu jumladan hodisa oqibatida jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga moddiy yordam koʻrsatish ishlariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti parametrlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga dastlab 100 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin.

Hukumat komissiyasi favqulodda hodisa oqibatlarini oʻrganish natijalariga koʻra, zaruratga qarab, Sirdaryo viloyatiga qoʻshimcha mablagʻlar ajratish boʻyicha taklif kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Oʻ. Barnoyev) mutasaddi vazirlik va idoralar hamda tuman hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda qishloq xoʻjaligi ekinlariga, jumladan gʻalla, paxta, meva-sabzavot va boshqa ekin turlari boʻyicha zarar yetkazilgan maydonlarni aniqlab, har bir tuman kesimida bajariladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqsin hamda tezkor tarzda amalga oshirilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi (A. Sultanov) besh kun muddatda ishlab chiqarish, ijtimoiy soha va aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash, shuningdek, avariya-tiklash ishlariga, zaruriyatga qarab, respublikaning boshqa hududlaridan kuch-vosita va maxsus texnikalarni jalb etish choralarini koʻrsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (B. Qurbonov) favqulodda hodisa yuz bergan hududlarda muhandislik, qidiruv-qutqaruv va boshqa shoshilinch ishlarni bajarish, zarar koʻrgan odamlarning hayot faoliyatini birinchi navbatda taʼminlash, muhim obyekt va tizimlarning ishchanligini tezkorlik bilan tiklash ishlariga harbiy qism va muassasalarining harbiy xizmatchilari hamda maxsus texnikalarini jalb qilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Sh. Sobirov) Milliy gvardiya (R. Djurayev) bilan birgalikda:

Sirdaryo viloyati hududida favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlarini amalga oshirish jarayonida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini hamda jismoniy va yuridik shaxslar turar joylari, bino-inshootlari hamda mol-mulki muhofaza qilinishini taʼminlash choralarini koʻrsin;

taʼmirlash-qayta tiklash brigadalari va maxsus xizmatlar transport vositalarining toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlasin, zarur hollarda belgilangan yoʻnalishlarda Yoʻl-patrul xizmati kuchlari yordamida ularning kuzatuvini tashkil etsin, transport taʼminoti va muayyan hududni qamrab olish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatsin;

Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda evakuatsiya qilingan aholi toʻgʻrisida ularning ismi-sharifi, yashash manzili va boshqa shaxsiy maʼlumotlari aks etgan aniq roʻyxatni shakllantirsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (T. Xudaybergenov, A. Qoʻldoshev):

favqulodda hodisa oqibatida saqlanib qolayotgan tahdid va xavflarni oldindan aniqlash hamda bartaraf etish, aholi turar-joylari, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarda yongʻinlar kelib chiqishining oldini olish, moddiy yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni tashkil etsin;

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda suv bosgan hududlarning, ayniqsa mozorlar, kanalizatsiya va tozalash inshootlari, epizootiyadan xavfli obyektlarning sanitar-epidemiologik holatini baholash, suv bilan taʼminlash tizimlarini tekshirish va ichimlik suvini yetkazish, fuqarolar evakuatsiya qilingan aholi punktlarida sanitar-gigiyenik tadbirlar, shu jumladan tozalash, boshqa zarur dezinfeksiya va maxsus tadbirlarni amalga oshirsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov) oʻn kun muddatda Sirdaryo viloyatining suv bosgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida aloqa vositalari, Internet tarmoqlari hamda texnik qurilmalarga yetkazilgan zararni aniqlash va barchasini ishchi holatga keltirish, uzilgan aloqa kabellari va nosoz holga kelgan mobil aloqa baza stansiya antennalarini qayta tiklash hamda ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash choralarini koʻrsin.

12. Favqulodda hodisa natijasida uy-joylariga jiddiy ziyon yetkazilgan aholini ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida:

a) Hukumat komissiyasi (A. Aripov), Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi qayd etilgan tumanlarda 2020-2021-yillar davomida koʻp qavatli uy-joylarni muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan birga qurish (keyingi oʻrinlarda — koʻp qavatli uy-joylar) boʻyicha besh kun ichida taklif kiritsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi ikki hafta muddatda koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini tanlasin va ularni ajratish boʻyicha materiallarni tegishli vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishsin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:

Sirdaryo viloyati hokimligi (Gʻ. Mirzayev) bilan birgalikda ikki hafta muddatda koʻp qavatli uy-joylar qurilishi uchun malakali pudrat tashkilotlari oʻrtasida tanlov oʻtkazsin va tanlov gʻoliblari bilan koʻp qavatli uy-joylarni qurish boʻyicha shartnoma imzolasin;

koʻp qavatli uy-joylar va muhandislik-transport kommunikatsiyalari qurilishida qurilish-montaj ishlari va loyiha yechimlarining bajarilishi sifati, shuningdek, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazorati yuritilishini taʼminlasin;

g) Sirdaryo viloyati hokimligi uy-joylariga suv toshqini oqibatida jiddiy ziyon yetkazilgan fuqarolar roʻyxatini tuzsin va ularga qurilgan koʻp qavatli uy-joylarda xonadonlarni begʻaraz ajratish choralarini koʻrsin.

13. Belgilansinki, koʻp qavatli uy-joylarni qurish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻp qavatli uy-joylarni qurish uchun qoʻshimcha manbalarni, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlarini, shu jumladan byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalarni jalb qilsin.

14. Hukumat komissiyasi (A. Aripov, Gʻ. Mirzayev) oʻn kun muddatda:

suv bosgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi punktlarini yana-da obod va koʻrkam qilish maqsadida madaniy-maishiy hamda boshqa ijtimoiy obyektlar qurilishi boʻyicha;

Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xamrayev) va Qurilish vazirligi bilan birgalikda “Sardoba suv ombori” faoliyatini tiklash, toʻgʻon orqali suv massasi sizib chiqishini bartaraf etish va suv omborining oʻpirilgan qismini rekonstruksiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J. Qoʻchqorov va Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mazkur qurilish ishlarini moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritsin.

15. Hukumat komissiyasi (A. Aripov):

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov) bilan birgalikda favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlarini tashkil etish va amalga oshirish davomida hamda evakuatsiya qilingan aholining vaqtincha yashash joylarida va oʻz uylariga qaytgan aholi tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan joriy qilingan karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilishini, ularni maxsus shaxsiy himoya vositalari, zarur tibbiy buyumlar va dori vositalari bilan taʼminlasin;

bir oy muddatda Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba suv ombori” toʻgʻonidan suv toshishi sabablari, toʻgʻonning loyihalashtirilishi sifati hamda qurilishi meʼyorlari va qoidalariga rioya etilishi, suv omboridan foydalanish va obyektni boshqarish samaradorligi bahosi va boshqa yondosh masalalar, aniqlangan muammo va kamchiliklar toʻgʻrisida, shuningdek kelgusida bunday hodisalarning takrorlanmasligi boʻyicha aniq va asoslantirilgan takliflarni oʻz ichiga olgan yakuniy xulosani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

uch oy muddatda respublikada faoliyat koʻrsatayotgan gidrotexnika inshootlari, shu jumladan suv omborlari va toʻgʻonlar, energetika, transport, aloqa va boshqa hayotiy muhim hamda strategik infratuzilma obyektlari va tizimlarining hududlar kesimida maxsus ishchi guruhlarini tashkil etgan holda toʻliq tekshirilishi va har tomonlama taftishdan oʻtkazilishi, aniqlangan xato va kamchiliklarning tezkorlik bilan bartaraf etilishini taʼminlasin.

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Sirdaryo viloyatida suv toshqini oqibatida zarar koʻrgan hududlarda avariya-tiklash, qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini tez kunlarda qayta joylashtirish va ekishni, evakuatsiya qilingan va zarar koʻrgan aholiga har tomonlama tezkor amaliy yordam koʻrsatish maqsadida qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va moliyaviy yordamni oʻz ichiga olgan “Madad karvonlari”ni Sirdaryo viloyatiga yuborish haqidagi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:

Sirdaryo viloyatida suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va zarar koʻrgan aholiga yordam koʻrsatish boʻyicha Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida keng jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari va faol ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam xabardor etib borilishini taʼminlasin;

bir kun muddatda Sirdaryo viloyatida suv toshishi munosabati bilan aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni doimiy va uzluksiz ravishda qabul qilish, fuqarolarga zarur tushuntirish ishlarini tashkil etish maqsadida tunu-kun ishlaydigan qisqa raqamli telefon liniyasini tashkil etsin.

18. Mazkur farmoyish ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 1-may,

F-5569-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi F-5569-son farmoyishiga

ILOVA

Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba suv ombori” toʻgʻonidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini oʻrganish boʻyicha Hukumat komissiyasi

TARKIBI quyidagicha

A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Komissiya raisi

T.A. Xudaybergenov — Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, Komissiya raisining oʻrinbosari

Oʻ.I. Barnoyev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari

B.N. Qurbonov — Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, Komissiya raisining oʻrinbosari

Gʻ.Gʻ. Mirzayev — Sirdaryo viloyati hokimi, Komissiya raisining oʻrinbosari

N.T. Yoʻldoshev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori

Sh.Oʻ. Sobirov — Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari

B.I. Zakirov — Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri

T.A. Ishmetov — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri

R.T. Mamatov — Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri

Sh.R. Xamrayev — Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri

A.K. Shadmanov — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri

M.X. Saliyev — Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri

R.M. Djurayev — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni

A.X. Qoʻldoshev — Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari

I.R. Mahkamov — Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi

U.M. Mustafayev — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi

B.K. Zaripov — “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi

A.A. Sanginov — “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi

X.N. Xasilov — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi

A.M. Xidirov — Sardoba tumani hokimi

D.T. Fozilov — Oqoltin tumani hokimi vazifasini bajaruvchi

X.K. Abdullayev — Mirzaobod tumani hokimi.

Facebook Comments